Yangiliklar

not found

Innovatsion klinika tibbiyot rivojida andoza bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz shahridagi ko‘p tarmoqli kardiologiya markazi faoliyati bilan tanishdi. Ijtimoiy davlat sanalmish O‘zbekistonda aholi salomatligini mustahkamlash eng dolzarb yo‘nalishlardan biri. Shu maqsadda davlat shifoxonalari isloh qilinyapti, sohaga investitsiyalar jalb etilib, xususiy sektor ham rivojlantirilmoqda. Jumladan, bugungi kunda Qashqadaryoda 700 dan ziyod xususiy klinika ochilgan, ularda 72 ta xizmat turi yo‘lga qo‘yilgan. Rossiyalik tadbirkor bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Oq saroy” klinikasi yaqinda ishga tushdi. Bu yerda 4 ta jarrohlik va 6 ta reanimatsiya xonalari, 100 dan ortiq shifo o‘rinlari mavjud. Bir vaqtning o‘zida 4 ta va kuniga 25 tagacha yuqori texnologiyali kardiojarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkoniyati yaratilgan. Buning uchun Rossiya, Turkiya va Kuvaytdan malakali shifokorlar ishga jalb etilgan. Stentlash, aorta koronar shuntlash, tug‘ma nuqsonlarni bartaraf etish, endoprotezlash kabi davolar samarasi yuqori. Markaz yuqori aniqlikda tashxis xizmati ham ko‘rsatadi. Masalan, zamonaviy exokardiografiya uskunasi sun’iy intellekt yordamida ishlaydi. Bunaqasi hozircha O‘zbekistonda yagona. Davlatimiz rahbari bunday innovatsion klinikalar tibbiyotda sifat va dunyoqarashni o‘zgartirishi, boshqalarni ham transformatsiyaga undashini ta’kidladi. – Bu yerdagi tizimni andoza qilib olib, 14 ta hududimizda shunday klinikalar tashkil etish zarur. Bunga qancha mablag‘ kerak bo‘lsa, topamiz. Faqat zamirida xalqimiz uchun kafolatlangan sifatli davo bo‘lishi lozim. Muqobillik, raqobat bo‘lmasa, sifatga intilish bo‘lmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Mutasaddilarga bu borada taklif tayyorlash, klinikalarni birlamchi bo‘g‘in va tibbiy sug‘urta tizimi bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shifoxonada 130 ta ish o‘rni yaratilgan. Malakali mutaxassislar tayyorlash uchun shu yerning o‘zida klinik ordinatura yo‘lga qo‘yilgan. Prezidentimiz bunga alohida ahamiyat qaratib, talaba va shifokorlarning malakasini oshirish, xorijlik mutaxassislar bilan telemeditsinani kengaytirish muhimligini qayd etdi. Aytish joizki, noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida qashqadaryoliklar orasida yurak qon-tomir xastaliklari ko‘p uchraydi. Yangi klinika va uning qoshidagi markaz ushbu kasalliklarni erta aniqlab tashxis qo‘yish va davolashda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur markaz tomonidan mobil diagnostika mashinalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, chekka hududlardagi aholiga UTT, MSKT, EKG kabi tibbiy xizmatlarni ko‘rsatadi.

  • 19 Iyun, 15:00
  • Batafsil
not found

O‘zbekistonda dori narxlari qayta ko‘rib chiqilmoqda: 3000 turdan 490 tasi arzonlashadi

O‘zbekistonda 3000 turdagi dori vositasi narxi qayta ko‘rib chiqilib, 490 tasida narx pasaytirilishi nazarda tutilgan, dedi Farmagentlik rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon referent davlatlar misolida amalga oshirilmoqda. Dorixonalarga eski zaxirani sotish uchun ma’lum muddat beriladi. O‘zbekistonda retseptli dori vositalarining narxlari ko‘rib chiqilmoqda. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari Abdulla Azizov Gazeta’ga intervyusida bu yo‘nalishdagi ishlar jadallashtirilganini aytdi. Uning aytishicha, O‘zbekistonda aksar dori vositalarining narxlari Qozog‘istondagidan ko‘ra arzonroq. Sababi O‘zbekiston 10 ta referent davlatlar narxlarini o‘rganib boradi va ulardagi o‘rtacha yoki minimal narxni tatbiq qiladi. “Referent narx hisoblanganda 10 ta davlatning narxi olinib, o‘shaning o‘rtalamasi hisoblanadi. Agar sizning olib kirgan narxingiz o‘sha o‘rtalama narxdan arzon bo‘lsa, demak, sizning narxingiz olinadi-da, referent narx hisoblanadi. Lekin agar o‘rtalama narx sizning olib kirgan narxingizdan arzon bo‘lsa, o‘rtalama narx olishga majbur bo‘ladi. Qonunchiligimiz shuni talab qiladi”, — deya tushuntirdi u. Agentlik rahbari O‘zbekistonda dori vositalari qimmatligini referant davlatlardagi iqtisodiy holat bilan bog‘ladi. Xususan, Turkiya va Misrdagi yuqori inflyatsiya sababli narxlar nostabil bo‘lib, har olti oyda ularda dori vositalari narxini qayta ko‘rib chiqish amaliyoti mavjud. Bu esa ushbu davlatlarda narxlarni sun’iy tarzda pasaytirish yoki yuqori bosim o‘tkazish mexanizmlarini yuzaga keltirmoqda. Misol uchun, Misrda iqtisodiy inqiroz tufayli aholi dori sotib olishda qiynala boshlagan, natijada davlat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan foydalangan holda dorilar narxini qat’iy nazoratga olgan. Bu esa korxonalarga bosim bergan, ayrimlari zarar bilan ishlashga majbur bo‘lgan. Ularning xarajatlarni qoplashdagi asosiy vositasi — eksport yoki retseptsiz sotiladigan dori vositalari. Shuningdek, Turkiyada ham inflyatsiya sababli dori narxlari ko‘p hollarda keskin o‘zgarib turadi. U yerdagi narx siyosatlari mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, davlat ularga muayyan imtiyozlar beradi va ishlab chiqarishga majburlaydi. Shu sababli bu ikki davlatni O‘zbekiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirish mutlaqo noto‘g‘ri, deya ta’kidladi Azizov. Ammo, shu bilan birga, Turkiya va Misr referant davlatlar ro‘yxatiga qo‘shilgan, chunki ular orqali o‘rtacha narxni shakllantirishda muayyan muvozanat saqlanishi mumkin. Uning ma’lum qilishicha, yaqin kelajakda referant narxlar bo‘yicha yangi o‘zgarishlar kutilmoqda va bu haqda tadbirkorlarga alohida tarzda axborot berilgan. Bundan tashqari, prezident topshirig‘i bilan, retseptsiz dori vositalariga referent narxni bekor qilishga ruxsat berilgan. Endi retseptsiz dori vositalari erkin bozor qoidalari asosida sotilishi mumkin. Shuningdek, retseptli dori vositalari bo‘yicha nazorat kuchaytiriladi. “Xalqqa bu og‘ir botishi kerak emas. Davlatimiz rahbari eng ko‘p aytadigan gaplari: „Xalq dori vositasidan, dori narxidan har doim e’tiroz bildiradi. Go‘sht narxini aytmaydi, ovqat narxini aytmaydi, lekin ko‘proq dori narxini aytadilar“. Shuning uchun biz o‘zimiz ham bu yo‘nalishda ishni jadallashtirganmiz”, — qayd etdi Abdulla Azizov. Hozirgi kunga qadar 3000 turdagi dori vositasining narxi qayta ko‘rib chiqilgan. Shulardan 490 tasida narx pasaytirilishi nazarda tutilgan. Biroq narxni darhol tushirish imkoni yo‘q — chunki bu holat dorixonalarga zarar keltirishi mumkin. Chunki ular ayrim preparatlarni yuqori narxda xarid qilgan bo‘ladi. Masalan, agar dorini 100 so‘mga olib, referent narx 50 so‘m qilib belgilansa, dorixonalar zarar ko‘radi. Shu bois ularga ma’lum muddat — uch oy yoki olti oy vaqt berilib, mavjud zaxira sotilishiga imkon yaratiladi. Bundan keyin esa ular faqat belgilangan yangi narxda sotishlari shart bo‘ladi. “Biz hali oxiriga yetmadik, chunki uning jarayoni juda uzoq. Uning har birining import narxini o‘rganib, uni qaytadan ko‘rib chiqib, boshqa davlatlar bilan solishtirish kerak bo‘ladi. Va hozir bildikki, o‘sha referent narxlarda tushish kuzatilyapti”, — qo‘shimcha qildi u. Agentlik rahbarining so‘zlariga ko‘ra, agar mahalliy ishlab chiqaruvchilar retseptli dorilarda narx bosimiga duch kelsa, ularda retseptsiz dori vositalarini ham ishlab chiqarish orqali xarajatlarni qoplash imkoniyati mavjud. Uning ta’kidlashicha, dori vositalari narxini pasaytirish bo‘yicha aniq ishlar boshlangan. Xususan, Tashkent Pharma Park klasterida 26 ta, respublika bo‘yicha esa 160 ga yaqin loyiha amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarish hajmi ortgan sari raqobat kuchayadi va bu narxlar tushishiga olib keladi. Masalan, 2024-yil fevralda infuziya uchun mo‘ljallangan natriy xlorid narxi bozorda 18 000 so‘mgacha ko‘tarilgan. Bu mahsulot yetishmovchiligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Keyinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari tezlashtirilib, ishlab chiqarish kengaytirilgan. Hozirgi kunga kelib, ushbu preparatning narxi 2500 so‘mgacha tushgan. Agentlik rahbariga ko‘ra, ba’zi korxonalar daromad kamayganidan shikoyat qilmoqda. Biroq bunday holatda ular boshqa turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishga o‘tishi va xarajatlarni diversifikatsiya qilishi mumkin.

  • 18 Iyun, 15:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech