Korruptsiyaga qarshi kurashish odob axloq tamoyillari

“Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasining korruptsiyaga qarshi kurashish odob axlok

1 bob. Umumiy qoidalar

1.Mazkur Qoidalar Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash toʼgʼrisida” 2016 yil 2 martdagi 62-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan boʼlib, “Dori-Darmon”aktsiyadorlik kompaniyasi (keyingi oʼrinlarda – Kompaniya deb yuritiladi) xodimlarining kasbiy odob-axloq normalari, tamoyillari va xizmatdagi xulq-atvori qoidalarini belgilaydi.

2.Mazkur Qoidalar huquqbuzarlikning oldini olishga, ular sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga, xodimlarni yuksak huquqiy ong, Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga qatʼiy rioya qilish ruhida tarbiyalashga yoʼnaltirilgan.

3.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari mazkur Qoidalar talablariga rioya etishlari shart. Mazkur Qoidalarni bilish va ularga rioya qilish majburiyati egallab turgan lavozimi va bajaradigan ishining xususiyatidan qatʼi nazar Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning barcha xodimlariga tatbiq etiladi.

4.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarda manfaatlar toʼqnashuvini boshqarish doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar Kompaniya tizimida manfaatlar toʼqnashuvini boshqarish toʼgʼrisidagi nizomda belgilangan.

5.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlarida mazkur Qoidalar, kasbiy xulq-atvor yoki kompaniyada tartib-taomillar bilan bogʼliq har qanday savollar paydo boʼlganida ular Kompaniyaning komplaens-nazorat xizmatiga, shuningdek, “Ishonch telefoni”ga maslahat soʼrab murojaat qilishlari mumkin.

2-bob. Аsosiy terminlar va tushunchalar

6.Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʼllaniladi:

yaqin qarindoshlar - qarindosh yoki quda tomondan qarindosh boʼlgan shaxslar, yaʼni ota-ona, tugʼishgan va oʼgay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tugʼishgan va oʼgay aka-uka va opa-singillari;

urugʼ-aymoqchilik - xodimning umumiy ajdodga ega boʼlgan muayyan qarindoshga mansubligi asosida uchinchi shaxslarga subʼektiv, iltifotli va noxolis munosabatda boʼlish tarzidagi shaxsiy manfaati;

manfaatlar toʼqnashuvi - shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimining mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʼrsatayotgan yoxud taʼsir koʼrsatishi mumkin boʼlgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan Kompaniyaning huquqlari va qonuniy manfaatlari oʼrtasida qarama- qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʼlgan vaziyat;

korruptsiya - shaxsning oʼz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʼzga shaxslarning manfaatlarini koʼzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;

korruptsiyaga oid huquqbuzarlik - korruptsiya alomatlariga ega boʼlgan, sodir etilganligi uchun Oʼzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;

kontragent - Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs, mehnat munosabatlari bundan mustasno;

xodimning shaxsiy manfaatdorligi - Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimi tomonidan oʼz xizmat vazifalarini bajarish chogʼida uning yaqin qarindoshi yoki xodimga aloqador boʼlgan shaxslar tomonidan xodimning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir qilishi mumkin boʼlgan pul mablagʼlari, moddiy yoki nomoddiy qimmatliklar, boshqa mol-mulk, boylik va imtiyozlar koʼrinishida shaxsiy naf olish imkoniyati (shaxsiy, ijtimoiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlari);

mahalliychilik - shaxsni faqatgina qarindoshligi (qarindoshini hamma bilishi yoki mashhurligi va uning jamoatchilik tan olganligi)

va bunday shaxsning hokimiyat vakolatiga ega boʼlgan organlardagi qarindoshlarining xizmat mavqei sababli lavozimga qoʼyiladigan malaka talablarini hisobga olmasdan ishga yollash, rotatsiya qilish hamda lavozimga tayinlash;

nepotizm (tanish-bilishchilik) - oʼzining yaqin qarindoshlari

yoki doʼstlariga asossiz imtiyozlar berish maqsadida hokimiyatdan foydalanish va (yoki) taʼsir oʼtkazish, biroq quyidagi vaziyatlar bilan cheklanib qolmaslik: yaqin qarindoshlari va (yoki) doʼstlariga asossiz mukofotlar hisoblash, Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar manfaatlari zarariga yaqin qarindoshlari va doʼstlarini ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash;

homiylik - yon bosish, qulay mehnat sharoitlarini yaratib berish shaklida Kompaniya xodimini yuqoriroq lavozimdagi xodim tomonidan himoya qilinishi;

kompaniya xodimi - Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar bilan mehnat munosabatlariga kirishgan shaxs;

favoritizm - Kompaniya xodimi bir shaxs yoki bir guruh shaxslar manfaatlarini boshqa shaxs va (yoki) shaxslar guruhi manfaatlaridan ustun qoʼyish, shu bilan birga, Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʼyish, lavozimi boʼyicha koʼtarish, mukofotlarni hisoblash va davlat mukofotlariga tavsiya qilish, mehnat taʼtillari berish yoki sanatoriyalar va xorij safarlariga yuborish, murojaatlarni koʼrib chiqish navbatini, shuningdek, ish vaqti va navbatchilik grafiklarini belgilash shular jumlasidandir.

3-bob. Xizmatdagi xulq-atvorning asosiy tamoyillari va qoidalari

7.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar oʼz xizmat majburiyatlarini quyidagi tamoyillar asosida bajarishlari shart:

qonuniylik - Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligiga soʼzsiz rioya qiladilar hamda oʼz xizmat majburiyatlarini mansab yoʼriqnomalari, mehnat shartnomalari, ichki hujjatlar va Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq bajaradilar;

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi - fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning oliy qadriyati hisoblanadi. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yoʼl qoʼymaydilar va qonunbuzarlik boʼlgan hollarda ularni tiklashga koʼmaklashadilar.

vatanparvarlik va xizmat burchiga sodiqlik - Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlari oʼz faoliyatini maʼnaviy va vatanparvarlik kadriyatlari, Vatanga sadoqat, xizmat burchiga sodiqlik asosida jamiyatning Kompaniyaga boʼlgan talabini ifodalagan holda amalga oshiradilar. Kompaniya xodimlari oʼz xizmat burchlarini shaxsiy xayrixohlik, oʼz manfaatlari va mafkuraviy qarashlaridan qatʼi nazar bajaradilar;

davlat va jamiyat manfaatlariga sadoqat - Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlari oʼz xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishga hamda davlat va jamiyat manfaatlarini koʼzlashga toʼsqinlik qiladigan shaxsiy manfaatdorligi taʼsiri bilan bogʼliq har qanday harakatlardan oʼzlarini tiyishlari lozim;

adolat, halollik va xolislik - Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlari Kompaniyaga murojaat qilgan barcha shaxslarga nisbatan adolatli, halol va xolis munosabatda boʼlishni taʼminlaydilar;

professionallik va kompetentlilik - Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlari Kompaniyaning asosiy qadriyati hisoblanadi, ularning malakasi, ishonchi, ezgu niyati, hamkorligi va jamoaviy ruhi qoʼyilgan maqsadlarga erishish hamda Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarni takomillashtirish imkonini beradi. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari professionallik, benuqson ishchanlik obroʼsi, jamoada qulay maʼnaviy va ruhiy muhitni yaratishda yordam berish, shuningdek, hamkasblari bilan samarali bilim va tajriba almashishni taʼminlashi majburiydir;

samaradorlik va tejamkorlik - Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar oʼz faoliyati samaradorligini oshirishni, jumladan, erishilishi jamiyat va davlat farovonligini oshirish imkonini beradigan strategik vazifalardan biri sifatida ichki boshqaruv, fuqarolar, tashkilotlar va davlat organlari bilan oʼzaro aloqalar tizimini takomillashtirish, innovatsion texnologiyalarni tadbiq etish va boshqa yoʼllar bilan doimiy ravishda koʼrib chiqadilar. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlari, oʼz navbatida, Kompaniyaning mulkiga, oʼzining va boshqa xodimlarning vaqtiga masʼuliyat va ehtiyotkorlik bilan yondashadilar.

4-bob. Oʼziga boʼysunuvchi xodimlarning axloqiy xulq-atvorini shakllantirishda Kompaniyaning roli

8.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning rahbarlari xodimlarning axloqiy xulq-atvorini shakllantirishda quyidagilarga majburdirlar:

- oʼz mansab majburiyatlarini bajarishda mazkur Qoidalarda belgilangan axloq normalari va tamoyillarga soʼzsiz rioya qilinishida shaxsiy namuna koʼrsatish;

- Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlari bilan oʼzaro munosabatlarda halol boʼlish, ularning takliflari, gʼoyalari, talablari va shikoyatlariga oʼz vaqtida javob berish;

- kamsitishga oid siyosatga yoʼl qoʼymaslik va xodimlarga mehnatga haq toʼlash va xizmat boʼyicha koʼtarilishida teng huquq va imkoniyatlarga kafolat berish;

- xodimlarga ularning hayoti va sogʼligʼiga zarar yetkazmaydigan sharoitlarni yaratish;

- Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlari bilan munosabatlarini uzoq muddatli hamkorlik qilish, maqsadlar umumiyligi, oʼzaro manfaatlarni hurmat qilish va hisobga olish, ijtimoiy sheriklik asosida oʼrnatish;

- manfaatlar toʼqnashuvining oldini olish va hal qilish boʼyicha oʼz vaqtida birlamchi choralarni koʼrish;

- korruptsiyaning oldini olish, shuningdek, korruptsiyaga qarshi kurashishda faol qatnashadigan xodimlarni himoya qilish va ragʼbatlantirish boʼyicha choralar koʼrish;

- vazifalar doirasini aniq belgilab olish va boʼysunuvchi xodimlar oʼrtasida ularning mansabi va kasbiy layoqatidan kelib chiqib taqsimlash, xodimlarning lavozim majburiyatlari doirasidan chetga chiqadigan vazifalarni bermaslik;

- xodimni asossiz ravishda ragʼbatlantirish va lavozim boʼyicha koʼtarilishiga yoʼl qoʼymaslik, shuningdek, gʼayrihuquqiy harakatlarga eʼtibor bermaslikka qarshi choralar koʼrish (masalan, xodimlar tomonidan oʼz faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun yetarli darajada choralar koʼrilmasligi);

- xodimlarni majburiy mehnatda, jumladan, shahar hududlarini obodonlashtirishda, mavsumiy qishloq xoʼjaligi ishlarida, metall qoldiklarini yigʼishda, shuningdek, boshqa mavsumiy tadbirlarda qatnashishlarini oldini olish (tegishli tashqilot hududida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan xavfsizlik standartlariga qatʼiy rioya qilingan holda ixtiyoriy shanbalik tashkil etilgan hollar bundan mustasno);

- Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlarini samarali boshqarish, ular tomonidan Kompaniyaning mol-mulki va moliyaviy resurslari bilan ehtiyotkor va tejamkor munosabatda boʼlishlarini kuzatish;

- oʼziga boʼysunuvchi xodimlar tomonidan mazkur Qoidalar buzilishining oldini olishga boʼlgan harakatsizligi uchun javob berish.

9.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning rahbarlari, shuningdek, Kompaniyadagi boʼlim va tarmoqlar boshliqlari oʼziga boʼysunuvchi xodimlar bilan munosabatlarda professional, halol va adolatli xulq-avtor namunasi boʼlishi, qulay ish muhitini yaratishi hamda Kompaniyada ijobiy maʼnaviy-psixologik muhitni shakllantirishga koʼmaklashishlari lozim.

10.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning rahbarlari, shuningdek, Kompaniyadagi boʼlim va tarmoqlar boshliqlari nepotizm, favoritizm, mahalliychilik, homiylik, urugʼ-aymoqchilik va boshqa belgilarga koʼra xodimlarni yollash, rotatsiya qilish, lavozimga tayinlash, ragʼbatlantirish yoki jazolash, shuningdek, ularga boshqacha subʼektiv munosabatda boʼlishga yoʼl qoʼymasliklari kerak.

5-bob. Kompaniya xodimlarining axloq normalari

va qoidalarga rioya qilish boʼyicha majburiyatlari

11.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlari oʼz xizmat majburiyatlarini bajarishda quyidagilarga majburdirlar:

o             Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining qarorlari va farmoyishlari, Kompaniyaning Kuzatuv kengashi qarorlari, raisning buyruqlari, kompaniyaning ichki idoraviy hujjatlarini bajarish;

o             oʼz xizmat majburiyatlarini vijdonan va professional darajada bajarish;

o             yuqori turuvchi davlat organlari va mansabdor shaxslari tomonidan

oʼz vakolati doirasida qabul qilingan farmoyishlarni oʼz vaqtida

va sifatli ijro etish;

o             oʼz faoliyatini qonunchilik va ichki hujjatlarda belgilangan kompetentsiya doirasida amalga oshirishi;

o             oʼz xizmat majburiyatlarini bajarayotganda fuqarolar va boshqa shaxslarni kamsitmaslik, ular taʼsiridan oʼz mustaqilligini saqlab qolish, fuqarolar huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish;

o             xizmat majburiyatlarini bajarishga toʼsqinlik qilishi yoki ularni bajarishda biror-bir shaxsiy, mulkiy yoki boshqa manfaatlarga taallukli boʼlishi mumkin boʼlgan harakatlardan oʼzini tiyish;

o             xizmat majburiyatlarini samarali bajarish uchun zarur boʼlgan bilim va koʼnikmalarni doimiy asosda oshirish;

o             oʼz vakolatlaridan davlat organlari, boshqa tashqilotlar yoki ular mansabdor shaxslari faoliyatiga noqonuniy aralashish maqsadida foydalanmaslik;

o             turli etnik, ijtimoiy guruhlar va konfessiyalarning madaniy

va boshqa xususiyatlarini hisobga olib, ijtimoiy barqarorlik, millatlar va konfessiyalararo totuvlikka koʼmaklashgan holda Oʼzbekiston Respublikasi va boshqa mamlakatlar xalqlarining urf-odatlari va anʼanalarini hurmat qilish;

o             xodimlar tomonidan oʼz xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishiga shubha uygʼotishi mumkin boʼlgan xulq-avtordan oʼzini tiyish va oʼz obroʼsi yoki Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning nufuzini tahdid ostiga olishi mumkin boʼlgan vaziyatlarning oldini olish;

o             egallab turgan lavozimi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, yuqori darajada maʼnaviy-axloqiy sifatlarga ega boʼlish, hamkasblariga, fuqarolarga va boshqa uchinchi shaxslarga hurmat, xushmuomalalik va xayrixohlik bilan munosabatda boʼlish;

o             Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning ishi toʼgʼrisida jamoatchilikni xabardor qilish yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatiga hurmat bilan munosabatda boʼlish, shuningdek, belgilangan tartibda ishonchli maʼlumotlarni olishga koʼmaklashish;

o             maxfiy axborotdan faqat xizmat maqsadlarida foydalanish, shuningdek, maxfiy axborot va shaxsiy maʼlumotlarni nobud qilish, yoʼqotish, oʼzgartirish, oshkor qilish, zarar yetkazish, ruhsatsiz foydalanish xavfidan tegishli darajada himoya qilinishini taʼminlash;

o             haqoratli, hurmatsiz va kamsituvchi xulq-atvorda boʼlishga, shuningdek, Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar va (yoki) ular xodimlarining obroʼsiga putur yetkazadigan zoʼravonlik yoki yolgʼon mish-mishlarni tarqatilishiga yoʼl qoʼymaslik;

o             dorixonalarda xodimlar belgilangan tartibda kiyinishi hamda ish joyini toza va ozodaligini taʼminlash;

o             oʼz xizmat majburiyatlarini bajarayotganda xizmat xonalari, davlat mulki, moddiy-texnik bazadan hamda kompaniyaning boshqa mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanish;

o             Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarda xatlar hamda xizmat xabarlarini yetkazish va olishning belgilangan qoidalariga rioya qilish;

o             qonunbuzarlik sodir etishga undab oʼziga murojaat qilgan holatlar, shuningdek, Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan va oʼziga maʼlum boʼlgan har qanday qonunbuzarlik faktlari haqida oʼz rahbari yoki boshqa vakolatli shaxslarni zudlik bilan xabardor qilish;

o             Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning yangi va boshqa xodimlariga zarur amaliy va uslubiy yordam koʼrsatish, hamkasblarini kasbiy intilishlarida qoʼllab-quvvatlash;

o             mehnat intizomiga rioya qilish va ish vaqtidan samarali foydalanish;

o             ish joyida va (yoki) oʼz xizmat majburiyatlarini bajarishda alkogolь, giyohvand va boshqa taqiqlangan vositalarni isteʼmol qilishdan, shuningdek, ish joyida alkogolь yoki giyohvand vositalar taʼsirida boʼlish holatidan voz kechish;

o             hamkasblari va boshqa shaxslardan tanqidni toʼgʼri qabul qilish, shuningdek, xolis eʼtirozlar boʼlganda xulq-atvor modelini oʼzgartirish;

o             berilgan vazifalarni bajarishga ijobiy taʼsir koʼrsatadigan tinch emotsional holatda boʼlish.

12.Siyosiy, iktisodiy maqsadga muvofiqlik, shuningdek, shaxsiy va boshqa subʼektiv sabablar xodim tomonidan mazkur Qoidalar talablarini buzishga asos boʼlib hisoblanmaydi.

13.Mehnat shartlari va xizmat turidan kelib chiqib, xodimning oʼz xizmat majburiyatlarini bajarishida koʼmaklashishi, umumqabul qilingan ish uslubiga muvofiq boʼlishi va rasmiylik, kamtarlik va intizomlilikni alohida taʼkidlashi lozim.

14.Xodimlar ishdan boʼsh vaqtlarida umumqabul qilingan axloq normalariga rioya qilishlari va axloqqa zid keluvchi xulq-atvordan oʼzlarini tiyishlari kerak.

6-bob. Sovgʼalar va ish muomalasida

mehmondoʼstlik belgilari

15.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlariga oʼz xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʼliq holda jismoniy va yuridik shaxslardan biron-bir sovgʼa yoki ish muomalasida mehmondoʼstlikning belgilari, qarz, kafolatlar, kafilliklar, mukofotlar shaklida ragʼbatlantirish vositalarini, naqd pul mablagʼlari yoki ularning ekvivalenti, qimmatli qogʼozlar koʼrinishida moddiy yordam qabul qilish taqiqlanadi.

16.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlariga ularning shaxsiy bayramlari (tugʼilgan kun, farzand tugʼilishi, Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni)da berilgan, xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʼliq boʼlmagan sovgʼalar xodimning shaxsi bilan bogʼliq sovgʼalar deb tan olinadi.

17.Bunday sovgʼalarni berishda quyidagi talablarga rioya qilish lozim:

o             sovgʼalar ishxonaning kamida uch nafar xodimlari ishtirokida berilishi;

o             sovgʼa berish tabrik nutqi bilan birga boʼlishi kerak, unda sovgʼa berishga sabab boʼlgan voqea oʼzining aniq ifodasini topgan boʼlishi;

o             sovgʼaning umumiy qiymati (barcha soliqlar va yigʼimlarni hisobga olgan holda) 5 (besh) bazaviy hisoblash miqdoridan oshmasligi;

o             Kompaniyaning bitta xodimi boshqa xodimga sovgʼa uchun sarflaydigan xarajat summasi, har bir holatda 1 (bitta) bazaviy hisoblash miqdoridan oshmasligi kerak.

18.Sovgʼalarni qabul qilishning qonuniyligida har qanday shubhalar paydo boʼlganda xodim Kompaniya tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati qoidalari bilan tanishib chiqishi va Kompaniyaning “Komplaens nazorat” xizmatidan maslahat soʼrab murojaat qilishi maqsadga muvofiq.

19.Sovgʼalar va ish muomalasida mehmondoʼstlik belgilarini olish va berish “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati bilan tartibga solinadi.

7-bob. Korruptsiyaga qarshi kurashish

20.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar korruptsiyani uning har qanday shakli va namoyon boʼlishida qabul qilmaydi.

21.Korruptsiyaga “mutlaqo toqatsizlik” tamoyiliga tayangan holda Kompaniyaning barcha xodimlariga pora beruvchining manfaatlarini koʼzlab harakat qilishi yoki harakatsizligi uchun bevosita yoki bilvosita, shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali pora, yaʼni pullar, qimmatbaho qogʼozlar, boshqa mol-mulkni, mulkiy tavsifdagi xizmatlarni berishni talab qilish, tovlamachilik qilish, vaʼda va pora berish (yoki) olishda vositachilik qilish, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun toʼlovlarni olish, shaxs tomonidan pora olish yoki huquqqa xilof boshqa maqsadlarda oʼz xizmat mavqeidan noqonuniy foydalanishi qatʼiy taqiqlanadi.

22.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarda korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha qabul qilingan tamoyillar va talablar “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosatida mustahkamlangan.

8-bob. Odob-axloq komissiyasi

23.Mazkur Qoidalar, shuningdek, umumqabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etilishi masalalarini koʼrib chiqish uchun Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarda odob-axloq komissiyalari tashkil etiladi.

24.Odob-axloq komissiyalari har bir Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarda qabul qilingan odob-axloq komissiyasi toʼgʼrisidagi nizomlar, mazkur Qoidalar hamda Kompaniya rahbarlarining buyruqlari asosida faoliyat olib boradi.

25.Odob-axloq komissiyalari Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlarining odob-axloq qoidalari hamda “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi tizimida manfaatlar toʼqnashuvini boshqarish toʼgʼrisidagi nizomning buzilishi bilan bogʼliq masalalarni:

o             raisning koʼrsatmasi boʼyicha;

o             xizmat tekshiruvi natijalariga koʼra;

o             oʼz tashabbusi bilan;

o             Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlaridan, shuningdek, ular bilan aloqa kanallari orqali kelib tushgan axborot asosida koʼrib chiqadi.

26.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari tomonidan mazkur Qoidalar buzilganda yoki buzilishida shubha paydo boʼlganida ushbu vaziyatlarni koʼrib chiqish boʼyicha vakolat (funktsiya)larni masʼul boʼlimlar oʼrtasida taqsimlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

o             “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi tizimida manfaatlar toʼqnashuvini boshqarish toʼgʼrisidagi nizomda belgilangan tartibda hal qilinmagan manfaatlar toʼqnashuvi aniqlanganda, bu vaziyat Odob-axloq komissiyasi tomonidan Kompaniyaning “Komplaens nazorati” xizmati bilan birgalikda koʼrib chiqiladi;

o             korruptsiyaga oid huquqbuzarlik yoki korruptsiyaviy xavf-xatar mavjud boʼlgan vaziyatlar aniqlanganda, ular Kompaniyaning “Komplaens nazorati” xizmati tomonidan koʼrib chiqiladi;

o             sovgʼalar va ish muomalasida mehmondoʼstlik belgilariga oid qoidalar buzilganida, ushbu vaziyatlar Kompaniyaning “Komplaens nazorati” xizmati tomonidan koʼrib chiqiladi;

o             Kompaniyaning “Komplaens nazorati” xizmati Odob-axloq komissiyasi bilan birgalikda, agar qoidabuzarliklar nafaqat mazkur Qoidalarga, balki Odob-axloq komissiyasi majlislarida Kompaniyaning “Komplaens nazorati” xizmatining ishtiroki bevosita nazarda tutilgan Kompaniyaning boshqa ichki hujjatlariga tegishli boʼlsa, mazkur Qoidalarni buzish faktlari va xavf-xatarlarini koʼrib chiqadi.

Mazkur bandda nazarda tutilmagan boshqa hollarda ushbu Qoidalar talablarining buzilishi Odob-axloq komissiyasi tomonidan koʼrib chiqiladi. 

9-bob. Odob-axloq sohasida qonunbuzarliklar haqida xabarlar

27.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari harakatlarining qonuniyligi va (yoki) axloqiyligida shubha paydo boʼlganda, odob-axloq qoidalarining buzilishida ehtimol tutilgan yoki ularni sodir etilganligi fakti boʼyicha asosli gumoni boʼlganda, bu haqda Kompaniyaning mavjud aloqa kanallari orqali xabar berishlari mumkin.

28.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar oʼz vakolatlari va mavjud imkoniyatlari doirasida qonunbuzarlik haqida ishonchli axborot bergan shaxsning maxfiyligini taʼminlaydilar, Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

29.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar oʼz xodimlarining manfaatlarini himoya qiladi va qasos olish, jumladan, ishdan boʼshatish, lavozimini pasaytirish, kamsitish, unda boshqa xodimining shubhali xulq-atvori yoki mazkur Qoidalardagi odob-axloq normalari va tamoyillarini buzish ehtimoli haqida ixtiyoriy xabar bergan xodimlarni taʼqib qilishga yoʼl qoʼyilmasligiga kafolat beradi.

30.Mazkur Qoidalarning buzilishi haqidagi xabarlar quyidagi aloqa kanallari orqali berilishi mumkin:

o             Kompaniya “Ishonch telefon” raqami;

o             Kompaniyaning “Komplaens nazorati” xizmatining xodimlari telefon raqamlari;

- Kompaniyaning Telegram-kanaliga

- Kompaniyaning “Komplaens nazorati” xizmatining elektron pochta manzili.

31.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning aloqa kanallariga kelib tushgan barcha xabarlar masʼul boshqarma va boʼlimning mansabdor shaxsi tomonidan qonunchilik va Kompaniyaning ichki hujjatlariga muvofiq xolisona va oʼz vaqtida koʼrib chiqiladi.

32.Koʼrib chiqishga, shuningdek, anonim tarzda (faqat Kompaniya rasmiy veb-saytidagi “Аnonim murojaat” kanali orqali) yoʼllangan xabarlar ham qabul qilinadi. Аnonim boʼlib qolishni istagan arz qiluvchi bunday holda quyidagilarga rozi boʼladi:

o             Kompaniya xabarga javob berish uchun murojaat etuvchi shaxs bilan bogʼlana olmaydi;

o             Kompaniya zarur qoʼshimcha maʼlumotlarni olishning imkoniyati yoʼqligi sababli xabarni toʼliq va har tomonlama tekshirishni amalga oshira olmaydi.

33.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimi tomonidan bila turib yolgʼon maʼlumot berilishi mazkur Qoidalarning buzilishi va gʼayriaxloqiy xulq-atvor namunasi sifatida qaraladi, bunday shaxs esa qonunchilik hamda Kompaniyaning ichki idoraviy hujjatlarga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.

34.Аloqa kanallarining ishi va olingan xabarlarni koʼrib chiqish, qayta ishlash tartibi toʼgʼrisidagi batafsil maʼlumot Kompaniyaga korruptsiyaviy harakatlar haqida xabar berish uchun aloqa kanallaridan kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va qayta ishlash reglamentida hamda Kompaniyaning shunga oʼxshash ichki hujjatlarida aks ettirilgan.

10-bob. Mazkur Qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik

  1. Xodimlar tomonidan mazkur Qoidalarga rioya qilish muhim kasbiy kompetentsiya sifatida qaraladi va boshqa mezonlar qatorida lavozimini koʼtarish, faoliyatini baholash va h.k.larga xizmat qiladi.

36.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimining odob-axloq standartlariga sodiqlik attestatsiyada, yuqori turuvchi va boshqa lavozimlarga tayinlash uchun kadrlar zaxirasini tayyorlashda inobatga olinadi.

37.Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimi tomonidan mazkur Qoidalarning buzilishi uni qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos boʼlishi mumkin.

11-bob. Qayta koʼrib chiqish va oʼzgartirish kiritish tartibi

38.Аmaldagi normativ-huquqiy hujjatlar va huquqni qoʼllash amaliyoti, Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning tamoyillari va talablariga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritilganda mazkur Qoidalar Boshqaruv raisining buyrugʼiga asosan qayta koʼrib chiqilishi va yangilanishi mumkin.

 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech