“Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasining korruptsiyaga qarshi kurashish
S I Y O S A T I
1-bob. Umumiy qoidalar
1. “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasining korruptsiyaga qarshi kurashish siyosati (keyingi oʼrinlarda Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati deb yuritiladi) xodimlar orasida hamda jamiyatda korruptsiyaga qarshi kurashish madaniyati darajasini oshirish maqsadida Kompaniyaning yuqori axloqiy meʼyorlarga sodiqligini, shuningdek, “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasining xodimlari faoliyatida korruptsiyaviy huquqbuzarliklarga murosasizlik va ularni sodir etishga yoʼl qoʼymaslikni aks ettiradi.
2. Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati ISO 37001:2016 “Korruptsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimlari – Foydalanish boʼyicha talablar va tavsiyalar” xalqaro standarti talablarini inobatga olgan holda korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va Oʼzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.
3. “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi (keyingi oʼrinlarda – Kompaniya deb yuritiladi) tizimidagi birlashtirilgan korxona va tashkilotlar ushbu Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati faoliyatining ahamiyatini hisobga olgan holda qabul qilishlari, korruptsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini, mavjud boʼlgan korruptsiya xavfi, tajribasi va mavjud manbalari asosida ishlab chiqishlari va amalga oshirishlari lozim.
4. Kompaniya va uning tizimidagi birlashtirilgan korxona va tashkilotlarda (keyingi oʼrinlarda – kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar deb yuritiladi) korruptsiyaga qarshi kurashishning asosiy maqsadlari quyidagilar hisoblanadi:
- kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarda korruptsiyani tubdan yoʼqotishga erishish;
- ishlab chiqarish, tijorat va savdo sohalaridagi xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan toqatsiz munosabatni shakllantirish;
- byudjet mablagʼlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish va davlat xaridlari sohasida korruptsiyaga qarshi nazorat tizimining samaradorligini tahlil qilish;
- kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olish boʼyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- korruptsiyaviy huquqbuzarliklarni oʼz vaqtida aniqlash, ularga barham berish, ularning oqibatlari, ularga olib keluvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korruptsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini taʼminlash.
5. Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati Kompaniyaning ichki hujjati sifatida yuqorida koʼrsatilgan asosiy maqsadlarga erishish uchun kompaniya faoliyatida korruptsiya bilan bogʼliq huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga barham berishga qaratilgan asosiy talablar va tamoyillarni belgilab beruvchi asos hisoblanadi.
6. Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosatining talablari egallab turgan lavozimi va bajaradigan vazifa va funktsiyalaridan qatʼiy nazar Kompaniyaning barcha xodimlariga, shu jumladan, hududiy va tasarrufiy tashkilotlar xodimlariga tadbiq etiladi.
7. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarga ishga qabul qilinayotgan har bir shaxs ushbu Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati bilan imzo qoʼygan holda tanishishga va uning qoidalariga rioya qilishga majbur.
8. Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalar va atamalar qoʼllaniladi:
ish jarayonidagi mehmondoʼstlik belgilari – kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari manfaatlarida faoliyat davomida hamkorlik oʼrnatish va (yoki) qoʼllab-quvvatlashga aloqador xarajatlar, shu jumladan, ishbilarmonlik bilan bogʼliq kechki ovqat, transport va yashash xarajatlarini qoplash bilan bogʼliq xarajatlar va hokazolar;
korruptsiyaga qarshi kurashish talablari buzilganligi toʼgʼrisida vijdonan xabar berish – kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimi tomonidan korruptsiyaviy huquqbuzarlik sodir etilganligi (sodir etishga suiqasd qilinganligi) toʼgʼrisida ruxsat etilgan aloqa kanallari orqali asosliligiga ishonch hosil qilgan holda yoʼllagan murojaat;
kontragent (shartnomaviy sherik) – kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar bilan shartnomaviy munosabatlarga (mehnat munosabatlari bundan mustasno) kirishgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs;
korruptsiya – shaxsning oʼz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʼzga shaxslarning manfaatlarini koʼzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;
korruptsiyaviy harakatlar – xodim tomonidan pora beruvchining manfaatlarini koʼzlab harakat yoki harakatsizligi uchun bevosita yoki bilvosita, shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali porani yaʼni pul, qimmatbaho qogʼozlar, boshqa mol-mulkni, mulkiy tusdagi xizmatlarni, boshqa mulkiy huquqlarni olish, talab qilish, taklif qilish, vaʼda qilish va berish, shuningdek, pora berish va (yoki) olishda vositachilik qilish, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun toʼlovlarni olish, xodim tomonidan pora olish yoki huquqqa xilof boshqa maqsadlarda oʼz xizmat mavqeidan noqonuniy foydalanish;
korruptsiyaga oid huquqbuzarlik – korruptsiya belgilariga ega boʼlgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;
korruptsiyaga qarshi kurashish tizimi – qoʼllaniladigan amaldagi qonunchilik va ichki hujjatlarni korruptsiyaviy jihatdan buzilishini bartaraf etish, kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari tomonidan yuqori darajada kasbiy va axloqiy faoliyat olib borishlarini taʼminlash boʼyicha chora-tadbirlar majmui;
korruptsiyaviy xavf-xatar – kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari yoki uchinchi shaxslar tomonidan kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar nomidan va (yoki) ularning manfaatlarini koʼzlab korruptsiyaviy xatti-harakatlarni sodir etish ehtimoli va xavfi;
manfaatlar toʼqnashuvi – kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimining shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi, uning xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʼrsatayotgan yoxud taʼsir koʼrsatishi mumkin boʼlgan hamda xodimning shaxsiy manfaatdorligi bilan kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar manfaatlari oʼrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʼlgan vaziyat;
rasmiyatchilikni soddalashtirish uchun toʼlovlar – belgilangan tartib-taomillar bajarilishini taʼminlash yoki tezlashtirish, tegishli qonunchilik, normalar va qoidalarda nazarda tutilmagan harakatlar sodir etish uchun gʼayriqonuniy ravishda beriladigan pul mablagʼlari, mol-mulk, mulkiy huquqlar, xizmatlar va boshqa moddiy yoki nomoddiy naf;
xodimning shaxsiy manfaatdorligi – kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimi tomonidan oʼz xizmat vazifalarini bajarish chogʼida uning yaqin qarindoshi yoki xodimga aloqador boʼlgan shaxslar tomonidan xodimning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir qilishi mumkin boʼlgan pul mablagʼlari, moddiy yoki nomoddiy qimmatliklar, boshqa mol-mulk, boylik va imtiyozlar koʼrinishida shaxsiy naf olish imkoniyati (shaxsiy, ijtimoiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlari);
xodim – kompaniya bilan mehnat munosabatlariga kirishgan shaxs;
yaqin qarindoshlar – ota-ona, tugʼishgan va oʼgay aka-ukalar va opa-singillar, er (xotin), farzandlar, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobolar, buvilar, nevaralar, shuningdek erning (xotinning) ota-onasi;
2-bob. Korruptsiyaga qarshi kurashishning asosiy tamoyillari
9. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini quyidagi tamoyillarga asoslanib amalga oshiradi:
qonuniylik – Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarda korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha chora-tadbirlar Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari, davlat organlarida korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha jahonda tan olingan amaliyotni hisobga olgan holda hamda kompaniya tizimining belgilangan ichki hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi;
korruptsiyaga toqatsizlik – Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar oʼz faoliyatining barcha sohalarida korruptsiyaning har qanday shakllari va koʼrinishlariga murosasiz munosabatda boʼladi. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlariga korruptsiyaviy xavf-xatar kelib chiqishi mumkin boʼlgan faoliyatda bevosita yoki bilvosita ishtirok etish taqiqlanadi;
ochiqlik va shaffoflik – Kompaniya tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari va kontragentlarini, keng jamoatchilikni xabardor qilish;
korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning preventivligi, tizimliligi va oʼzaro bogʼliqligi – Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar korruptsiyaviy xatti-harakatlar sodir etilishiga va korruptsiyaviy xavf-xatarlarga koʼmaklashuvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan preventiv chora-tadbirlarni amalga oshirishga ustuvor ahamiyat beradi. Korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va tartib-taomillar aniqlangan xavf-xatarlar darajasiga muvofiq keladi hamda Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning barcha funktsiyalari va yoʼnalishlariga integratsiya qilingan korruptsiyaga qarshi kurashish tizimiga birlashtirilgan;
korruptsiya bilan bogʼliq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligi – korruptsiya bilan bogʼliq huquqbuzarliklarni sodir etgan kompaniya tizimi xodimlari oʼz maqomi va egallab turgan lavozimidan qatʼiy nazar Kompaniyaning ichki hujjatlari va amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi;
Kompaniyada korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yaratishda ilm-fan taraqqiyotining soʼnggi yutuqlaridan, shu jumladan, integratsiyalashtirilgan axborot tizimlaridan foydalanishga intiladi;
toʼgʼridan-toʼgʼri rahbariyatga murojaat qilish – Kompaniya tizimining har bir xodimi korruptsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilganligi toʼgʼrisida ishonchli va asosli maʼlumotlar mavjud boʼlganda belgilangan choralarni koʼrish uchun toʼsqinliksiz Boshqaruv raisiga murojaat qilishi mumkin;
fuqarolik jamiyati vakillari bilan oʼzaro hamkorlik – Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar oʼzlariga yuklatilgan funktsiyalarni bajarishda faoliyatini halollik, xolislik va mustaqillik asosida mustaqil nazorat qilish maqsadida fuqarolik jamiyati vakillarini jalb etadilar;
korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini doimiy ravishda takomillashtirish – korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini monitoring va nazorat qilish hamda korruptsiyaviy xavf-xatarlarni amalga oshirish natijalariga koʼra mehnat organlari va tasarrufiy tashkilotlar Kompaniya tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimining samaradorligini toʼxtovsiz ravishda kuchaytirish choralarini koʼradilar.
3-bob. Korruptsiyaga qarshi kurashish tizimning elementlari
10. Korruptsiyaga “mutlaqo toqatsizlik” tamoyiliga tayangan holda Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning barcha xodimlariga korruptsiya bilan bogʼliq har qanday xatti-harakatlarda ishtirok etishi, yaʼni pora beruvchining manfaatlarini koʼzlab harakat qilishi yoki harakatsizligi uchun bevosita yoki bilvosita, shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali pora, yaʼni pullar, qimmatbaho qogʼozlar, boshqa mol-mulk, mulkiy tusdagi xizmatlarni berishni talab qilish, tovlamachilik qilish, vaʼda berish va pora berish, pora berish va (yoki) olishda vositachilik qilish, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun toʼlovlarni olish, shaxs tomonidan pora olish yoki gʼayriqonuniy boshqa maqsadlarda oʼz xizmat mavqeidan noqonuniy foydalanishi qatʼiyan taqiqlanadi.
11. Quyidagilar Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarda korruptsiyaga qarshi kurashish tizimining asosiy elementlari hisoblanadi:
a) korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha asosiy ichki hujjatlar mavjudligi, yaʼni kompaniya va tasarrufiy tashkilotlar korruptsiyaga qarshi kurashish tizimining asosini:
- Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati;
- “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlarining odob-axloq qoidalari;
- “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi tizimida manfaatlar toʼqnashuvini boshqarish toʼgʼrisidagi nizomda aks ettirilgan tamoyillar va talablarni tashkil etadi;
b) “Yuqoridan quyiga munosabat” – Yuqori darajada rahbarlik namunasi:
Kompaniya rahbarlari, shuningdek, kompaniya tasarrufiy tashkilotlarning tarkibiy boʼlinmalarining rahbarlari oʼziga boʼysunuvchilar, fuqarolar va yuridik shaxslar bilan munosabatlarda halol, adolatli va mustaqil xulq-atvor namunasini koʼrsatishlari kerak;
Boshqaruv raisi, rais oʼrinbosari, tasarrufiy tashkilotlar rahbarlari korruptsiyaga qarshi kurashish samarali tizimini yaratish va amalga oshirishda quyidagilar orqali yetakchilikni namoyon etadilar:
- Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatining xavf-xatarga ega funktsiyalari (yoʼnalishlari)ga korruptsiyaga qarshi kurashish samarali chora-tadbirlar va tartiblarni joriy etish, shu jumladan, korruptsiyaga qarshi kurashish dasturini ishlab chiqish va uning ijrosini nazorat qilish orqali koʼmaklashish;
- oʼz mansab majburiyatlarini bajarish doirasida kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlarida korruptsiyaning barcha shakllari va koʼrinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirgan holda korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha qonunchilik normalari va qabul qilingan ichki hujjatlarga rioya qilish va axloqiy xulq-atvor yuzasidan shaxsan namuna sifatida namoyon boʼlish;
v) korruptsiyaviy xavf-xatarni aniqlash va baholash:
- Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar funktsiyalarining xususiyati, tashkiliy tuzilmasi, jamiyat va boshqa shaxslar bilan oʼzaro faoliyat olib borishiga hamda boshqa ichki va tashqi omillarga bogʼliq holda oʼz faoliyatiga xos boʼlgan korruptsiyaviy xavf-xatarlar aniqlanadi va baholanadi;
- korruptsiyaviy xavf-xatarni aniqlash va baholash doirasida Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatining barcha sohalari korruptsiyaviy xavf-xatarga koʼproq uchraydigan funktsiyalarni aniqlash maqsadida tahlil qilinadi, ularda mavjud boʼlgan korruptsiyaga qarshi kurashishni nazorat qilishning barcha shakllari va tartib-taomillari aniqlangan xavf-xatarlarni kamaytirish uchun yetarliligi jihatidan oʼrganiladi. Xavf-xatarlarni aniqlash va baholash jarayonida kompaniya tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish “Komplaens nazorat” xizmati (keyingi oʼrinlarda - “Komplaens nazorat” xizmati deb yuritiladi) faol qoʼllab-quvvatlashi, nazorati ostida Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning tegishli rahbarlari, korruptsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi shaxslar ishtirok etadi;
Kompaniyaning korruptsiyaviy harakatlarga “mutlaqo toqatsizlik”ni hisobga olgan holda kompaniya korruptsiyaviy xavf-xatarlarning yuzaga kelish ehtimoli va taʼsir qilish darajasidan qatʼiy nazar ularni boshqarish zaruratini tan oladi;
Korruptsiyaviy xavf-xatarlarni baholash yiliga kamida bir marta amalga oshirilib, baholash natijalari Boshqaruv raisi tomonidan koʼrib chiqiladi. Shuningdek, aniqlangan xavf-xatarlarni kamaytiruvchi korruptsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlar va tartiblar kompaniyaning korruptsiyaga qarshi kurashish dasturlarida aks ettiriladi.
g) korruptsiyaga qarshi kurashish uchun masʼul shaxslar va boʼlinmalar:
Kompaniya tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha samarali tizimni yoʼlga qoʼyish maqsadida kompaniyada korruptsiyaga qarshi kurashishni shakllantirish va nazorat qilish jarayoni uchun masʼul boʼlgan alohida tarkibiy tuzilma – “Komplaens nazorat” xizmati tashkil etilgan;
“Komplaens nazorat” xizmati kompaniyada korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha vazifalarni amalga oshirishda yetarli darajada mustaqillikka va muhim resurslarga ega boʼlib, bevosita Boshqaruv raisiga boʼysunadi va oʼz faoliyatini rais tomonidan tasdiqlangan “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish “Komplaens nazorat” xizmati toʼgʼrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiradi;
Korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha chora-tadbirlarni samarali va oʼz vaqtida amalga oshirilishini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish uchun hududiy va tasarrufiy tashkilotlarda ruxsat etilgan lavozimlarga korruptsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish funktsiyasi yuklatilishi mumkin. Korruptsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish funktsiyalari “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi tizimidagi birlashtirilgan korxona va tashkilotlarda yuqori darajada korruptsiyaviy xavf-xatarga ega boʼlmagan, shuningdek, yetarli darajada mustaqil boʼlgan xodimiga yuklatiladi;
“Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi tizimidagi birlashtirilgan korxona va tashkilotlarning korruptsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchilari korruptsiyani bartaraf etish choralarini koʼradi, shu bilan birga, oʼziga yuklatilgan vazifalar doirasida “Komplaens nazorat” xizmati bilan hamkorlik qiladi;
Korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha faoliyatni amalga oshirishda Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning Kadrlar ishlariga masʼul xodimlari “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi tizimida manfaatlar toʼqnashuvini boshqarish toʼgʼrisidagi Nizom va Oʼzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari normalariga muvofiq belgilangan tartibda va hajmda xodimlar va aloqador shaxslarning yaqin qarindoshlari toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni oʼz vaqtida va tizimli yigʼish, tahlil qilish va yangilab borish uchun javobgar boʼladi;
d) aniqlangan korruptsiyaviy xavf-xatarni minimallashtiruvchi korruptsiyaga qarshi kurashish choralari:
- Kompaniya oʼz faoliyati va funktsiyalaridagi korruptsiyaviy xavf-xatarli yoʼnalishlarda umumiy nazorat muhitini va korruptsiyaga qarshi kurashish nazorat hamda tartib-taomillarni oʼz ichiga oluvchi korruptsiyaga qarshi kurashishning komplaens tizimi joriy etiladi.
- Kompaniyada korruptsiyaga qarshi kurashishni nazorat qilish va tartib-taomillarning samaradorligi, jumladan, ularning aniqlangan xavf-xatar darajasiga mutanosibligi, kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari uchun qatʼiyligi va aniqligi, fuqarolik jamiyati uchun shaffofligini taʼminlashga intiladilar;
- amalga oshiriladigan tadbirlar, shuningdek, korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha nazorat choralari va tartib-tamoillar kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha dasturi rejasida aks ettiriladi hamda tegishli ichki hujjatlarda belgilanadi;
ye) axborotlashtirish, kommunikatsiya va maslahat berish:
- korruptsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va kompaniyaning korruptsiyaga qarshi kurashish tamoyillari va talablari haqida jamiyatning xabardorligini oshirish maqsadida, mazkur Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati va kompaniyaning korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlari toʼgʼrisidagi asosiy maʼlumotlar ularning Internet tarmogʼidagi rasmiy veb saytlariga joylashtiriladi.
Bundan tashqari, kompaniya korruptsiyaga qarshi kurashish amaldagi qonun hujjatlari normalari va korruptsiyaga qarshi kurashish joriy etilgan tamoyillar va talablar haqida kompaniya xodimlari va boshqa manfaatdor shaxslarni xabardor qilish va tushuntirish boʼyicha quyidagilar orqali barcha oqilona xatti-harakatlarni amalga oshiradi:
- kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlarini yiliga kamida bir marta korruptsiyaga qarshi kurashish asoslari boʼyicha doimiy va tizimli oʼqitish, shu jumladan, ishga yangi qabul qilinayotgan xodimlarni ushbu Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati va korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha boshqa ichki hujjjatlar bilan majburiy tartibda tanishtirish bilan birgalikda ularni korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha majburiy kurslarda oʼqitish;
- kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari va fuqarolarning korruptsiyaga murosasiz munosabatini shakllantirish boʼyicha va korruptsiyaga qarshi kurashishda amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʼgʼrisida xabardorligini oshirishga qaratilgan tematik audio va videoroliklar hamda boshqa axborot maʼlumotlaridan foydalangan holda korruptsiyaga qarshi kurashish tadbirlarini oʼtkazish;
- kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari tomonidan korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilganligi, gumonlar yoki faktlar, korruptsiyaviy xavf-xatarlar va boshqalar (korruptsiya faktlari haqida xabar berilishi mumkin boʼlgan usullari) toʼgʼrisidagi batafsil maʼlumot mazkur Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosatining 4-bobida nazarda tutilgan xabar berilishi mumkin boʼlgan aloqa kanallari bilan taʼminlash;
- mazkur Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati qoidalarini qoʼllash yoki “Komplaens nazorat” xizmati korruptsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi tomonidan korruptsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari va tartib-taomillarni amalga oshirish bilan bogʼliq savollar kelib chiqqanda kompaniya xodimlariga maslahatlar berish;
- kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlarining mehnat shartnomalariga korruptsiyaga qarshi kurashish qoidalarni kiritish;
- tasdiqlangan rejaga muvofiq korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha masʼul shaxs tomonidan korruptsiyaga qarshi kurashish yuzasidan tashviqotlar oʼtkazish;
- kontragentlarni korruptsiyaga qarshi kurashish qabul qilingan talablar va tamoyillar haqida, shu jumladan, ular bilan tuziladigan shartnomalarga korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha maxsus shartlarni kiritish toʼgʼrisida xabardor qilish;
g) monitoring, nazorat va hisobot:
“Komplaens nazorat” xizmati Kompaniya tizimida korruptsiyaga qarshi kurashishda amalga oshirilgan chora-tadbirlarning yetarliligi, mutanosibligi va samaradorligini baholaydi hamda doimiy monitoringini olib boradi. Oʼtkazilgan monitoring natijalari boʼyicha kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarda korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish yuzasidan tegishli choralar koʼriladi.
Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarda monitoring va nazorat qilishning quyidagi tartib-taomillari amalga oshiriladi:
- kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar faoliyati va funktsiyalaridagi oʼzgarishlar, ularning tashkiliy-funktsional tuzilmasidagi oʼzgarishlar hamda boshqa ichki va tashqi omillarning kompaniyada korruptsiyaga qarshi kurashish tizimiga taʼsirini, mazkur tizimga oʼzgartirish kiritish zaruriyatini tahlil qilish, shu jumladan, uni amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligini taʼminlash;
- tasdiqlangan rejaga muvofiq korruptsiyaga qarshi kurashish tizimining ishonchliligi va samaradorligini taʼminlash maqsadida tanlov asosida kompaniya tizimidagi funktsiyalar va ichki jarayonlarni monitoring qilish;
- ichki va tashqi oʼrganishlarni oʼtkazish jarayonida kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari tomonidan korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha talablarga rioya qilinishini nazorat qilish;
- “Komplaens nazorat” xizmati korruptsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi va boshqa tarkibiy tuzilmalarga yuklatilgan korruptsiyaga qarshi chora-tadbirlarning oʼz vaqtida va tegishli tartibda amalga oshirilishi ustidan nazorat olib borish;
- korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini nazorat qilish va monitoringi boʼyicha chora-tadbirlar natijalari Boshqaruv raisi, Kuzatuv kengashi va kompaniya tizimidagi tashkilotlar rahbarlarining yillik hisobotlarida oʼz aksini topadi.
z) huquqbuzarliklarga nisbatan munosabat bildirish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish:
- Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosatiga amal qilish va Kompaniya tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarga rioya qilish har bir xodim uchun oʼz xizmat majburiyatlari bajarilishi doirasida majburiydir. Xodimlar belgilangan talab va tartiblarni buzganligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi. Bundan tashqari, bevosita rahbarlar oʼz boʼysunuvidagi xodimlar tomonidan korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etilganligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadilar;
- korruptsiyaga qarshi kurashishga oid belgilangan talablar va tamoyillarni buzgan kompaniya xodimlari Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda intizomiy, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladilar;
- xodimlar ularni korruptsiya bilan bogʼliq huquqbuzarlikni sodir etishga undovchi shaxslarning har qanday murojaatlari toʼgʼrisida, shuningdek, boshqa xodimlar tomonidan sodir etilgan korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida oʼziga maʼlum boʼlgan har qanday faktlar haqida toʼgʼridan-toʼgʼri “Komplaens nazorat” xizmatiga xabar berishlari shart;
- korruptsiyaga mutlaqo toqatsizlik tamoyilini hisobga olgan holda, Kompaniya tizimida kompaniya xodimlarining korruptsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etishlari bilan bogʼliq har qanday asosli shubha boʼyicha xizmat tekshiruvlari Oʼzbekiston Respublikasi konunchiligi talablariga muvofiq va ichki hujjatlarda belgilangan tartibda oʼtkaziladi.
- korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisidagi qonun hujjatlari normalarini va (yoki) mazkur korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati va Kompaniyaning boshqa ichki hujjatlarida belgilangan korruptsiyaga qarshi talab va tartib-taomillarni buzgan xodimlar, ularning lavozimi, xizmat muddati va boshqa omillardan qatʼiy nazar Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligida hamda kompaniyaning ichki hujjatlarida nazarda tutilgan talablar doirasida asosli javobgarlikka tortiladilar;
- korruptsiyaga oid huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda kompaniyada ularning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini tahlil qilinib, doimiy ravishda korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtiriladi;
- Kompaniya korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash va tekshirish uchun boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va davlat organlari bilan hamkorlik qiladi.
4-bob. Korruptsiyaga qarshi kurashishning asosiy yoʼnalishlari
1. Manfaatlar toʼqnashuvini boshqarish
12. Kompaniya xodimlari oʼz xizmat majburiyatlarini bajarish va (yoki) mehnat organlari manfaatlarini ifodalash doirasida vijdonlilik va halollik tamoyillariga amal qilishi, shaxsiy manfaatlarini hisobga olgan holda oʼzlarining xizmat mavqeidan va kompaniyaning mol-mulkidan foydalanmaslik va manfaatlar toʼqnashuviga olib keladigan vaziyatlardan saqlanishlari lozim.
Kompaniya xodimlari oʼz xizmat majburiyatlarini lozim darajada va xolis bajarishlariga, jumladan, xolis qaror qabul qilishga hamda mehnat organlari va tasarrufiy tashkilotlarning huquqlari, qonuniy manfaatlari, mol-mulki va (yoki) nufuziga taʼsir qiladigan yoki taʼsir qilishi mumkin boʼlgan vaziyatda manfaatlar toʼqnashuvi yuzaga keladi.
13. Kompaniya tizimining xodimlari ishga qabul qilinishida, boshqa lavozimga oʼtkazilishida manfaatlar toʼqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʼlgan shaxsiy manfaatdorligi haqidagi maʼlumotlarni har yili va tegishli vaziyatlar yuzaga kelishiga qarab oshkor qilishga majburdirlar. Kompaniya xodimlari tomonidan manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni oshkor qilish va uni hal qilish jarayoni Kompaniya tizimida manfaatlar toʼqnashuvini boshqarish toʼgʼrisidagi ichki xujjatlar bilan tartibga solinadi.
2. Sovgʼalar va ish jarayonida mehmondoʼstlik belgilari
14. Kompaniya xodimlariga oʼz xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʼliq holda jismoniy va yuridik shaxslardan biron-bir sovgʼa yoki ish jarayonida mehmondoʼstlikning belgilari, qarz, kafolatlar, kafilliklar, mukofotlar shaklida ragʼbatlantirish vositalarini, naqd pul mablagʼlari yoki ularning ekvivalenti, qimmatli qogʼozlar koʼrinishida moddiy yordam qabul qilish taʼqiqlanadi.
15. Kompaniya xodimlari tomonidan rasmiy delegatsiyalar tarkibida, rasmiy tadbirlarda, jumladan, xorijda olingan har qanday sovgʼalar summasidan qatʼiy nazar kompaniyaning mulkiga oʼtkaziladi.
16. Kompaniya xodimlariga ularning shaxsi bilan bogʼliq bayramlar (tugʼilgan kun, farzand tugʼilishi, Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni va hokazolar)da berilgan, xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʼliq boʼlmagan sovgʼalar xodimning shaxsi bilan bogʼliq sovgʼalar deb tan olinadi.
17. Bunday sovgʼalar kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning kamida uch nafar xodimlari ishtirokida berilishi hamda sovgʼa berish jarayoni tabrik nutqi bilan birga boʼlishi, unda sovgʼa berishga sabab boʼlgan voqea oʼzining aniq ifodasini topgan boʼlishi kerak.
18. Shubhalar paydo boʼlmasligi uchun boshqa davlat organlari va tasarrufiy tashkilotlar xodimlari, sheriklar va kontragentlar, ushbu Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosatining 15 va 16-bandlarida koʼrsatilmagan boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan har qanday bayram (tugʼilgan kun, farzand tugʼilishi, Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni va hokazolarni inobatga olgan holda, biroq bu bilan cheklanmasdan) bilan bogʼliq holda olinadigan, ushbu Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosatining 14-bandida sanab oʼtilgan sovgʼalar va boshqa moddiy boyliklarni olish taqiqlanadi.
19. Kompaniya nomidan xalqaro konferentsiyalarda, simpoziumlarda va boshqa ishbilarmonlik (xizmatga oid) yigʼilishlarida sovgʼalar berish Boshqaruv raisi (yoki uning oʼrinbosari)ning buyrugʼi bilan xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi.
20. Sovgʼani qabul qilishning qonuniyligi toʼgʼrisida shubha tugʼilgan har qanday hollarda kompaniya xodimi “Komplaens nazorat” xizmatiga maslahat soʼrab murojaat qilishi lozim.
3. Xodimlarni tanlash, lavozimdan lavozimga oʼtkazish, moddiy ragʼbatlantirish
21. Kompaniya xodimlarini tanlash, ularni attestatsiyadan oʼtkazish va faoliyatini baholash, shu jumladan, mukofot pullarini toʼlash, ustama haqlar va boshqa turdagi mukofotlarni belgilash jarayoni barcha xodimlar uchun shaffof, teng va xolis boʼlib, ushbu Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosatining asosiy tamoyillari va talablariga muvofiq keladi.
22. Kompaniya raisi, shuningdek, boshqa rahbarlarini mukofotlashga asos boʼlib xizmat qiladigan, ular faoliyatining asosiy koʼrsatkichlarini baholash tartibi va mezonlari ishlab chiqilgan boʼlishi lozim. Ushbu koʼrsatkichlar xolis, oshkora hamda kompaniya xodimlari tomonidan koʼrib chiqilishi mumkin.
4. Oʼrganishlarni oʼtkazish hamda kompaniya birlashtirilgan korxona va tashkilotlar faoliyatini oʼrganish
23. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarda oʼrganishlarni oʼtkazish (keyingi oʼrinlarda – “Oʼrganish obʼektlari”) xamda faoliyatini oʼrganishda vakolatli kompaniya xodimlari:
- manfaatlar toʼqnashuviga yoʼl qoʼymasligi;
- obʼektni oʼrganish bir xodim tomonidan (yakka tartibda) amalga oshirilmasligi;
- sodir etilishi mumkin boʼlgan huquqbuzarliklarni soxtalashtirish uchun oʼrganish obʼekti vakillarining savodsizligidan foydalanib qonun hujjatlari normalarini notoʼgʼri talqin qilmasligi, oʼrganilayotgan obʼekt xodimlarini aniqlangan faktlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish bilan qoʼrqitmasligi;
- oʼrganilayotgan obʼektning xodimlariga tahdid qilmasligi;
- oʼrganish predmetiga kirmaydigan masalalar bilan qiziqmasliklari va hujjatlarni soʼramasliklari;
- vakolatli kompaniya xodimlari oʼrganish davomida aniqlangan har bir huquqbuzarlik holatlariga qonuniy va professional baho berishlari;
- agar oʼrganish obʼekti vakillari vakolatli kompaniya xodimlariga aniqlangan qonunbuzarliklarni yashirish uchun pora va (yoki) biron-bir moddiy qimmatlik yoki xizmatlarni taklif qilsa, tekshirish guruhi rahbarini darhol xabardor qilishlari;
- oʼrganish obʼekti vakillariga vakolatli kompaniya xodimlarining axloqiy xulq-avtor tamoyillariga muvofiq xolis munosabatda boʼlishlari shart.
24. Xizmat majburiyatiga kompaniyaning tarkibiy tuzilmalarida oʼtkazilgan oʼrganish natijalari boʼyicha kompaniya (yoki xodimlari) tomonidan qabul qilingan qarorlar yuzasidan nizolashish uchun apellyatsiya instantsiyalari tashkil etiladi.
5. Kontragentlar va uchinchi shaxslar bilan oʼzaro munosabatlar
25. Kompaniya va uning tarkibidagi tashkilotlar ushbu Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosatining tamoyillari va talablariga zid boʼlgan har qanday toʼlovlar va (yoki) shu kabi korruptsiyaviy xavf-xatarlarni keltirib chiqaruvchi xatti-harakatlarni amalga oshirish uchun mahsulot yetkazib beruvchilar, pudratchilar va boshqa uchinchi tomonlarni jalb qilmaydilar.
26. Kompaniya va uning tarkibidagi tashkilotlar kontragentlar bilan munosabatlarda oʼz faoliyatini amalga oshirishda qonuniylik va shaffoflik tamoyillariga amal qiladilar. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar tanlashning xolis mezonlaridan foydalanishga asoslangan, mahsulot yetkazib beruvchilar, pudratchilar va boshqa kontragentlarni tanlab olishning haqqoniy, ochiq va shaffof jarayonini hamda Oʼzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va sotib olinadigan mahsulotlarning Kompaniya tizimining ichki hujjatlari bilan tartibga solinadigan bahosini aniqlashning shaffof tartibini taʼminlaydilar.
27. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar kontragent bilan oʼzaro hamkorligida:
- ehtimoli yuqori boʼlgan kontragentning ishonchliligini, shu jumladan, oʼtmishda korruptsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etganligi, kompaniya davlat xaridlari toʼgʼrisidagi nizomga muvofiq va Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligi normalari doirasida kompaniya tizimi xodimlari bilan manfaatlar toʼqnashuvi mavjud emasligini tekshiradilar;
- ehtimoli yuqori boʼlgan kontragentni (tanlov, tender gʼolibini va toʼgʼridan-toʼgʼri shartnomalar boʼyicha xarid kontragentini) oʼzining korruptsiyaga qarshi tamoyillari va talablari haqida ular bilan tuziladigan shartnomalar matniga korruptsiyaga qarshi maxsus shartlarni qoʼshgan holda xabardor qiladilar.
6. Xayriya va homiylik faoliyati
28. Kompaniya qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda xayriya va homiylikni qabul qilishlari mumkin. Bunday yordamni olgan paytda Kompaniya manfaatlar toʼqnashuviga yoʼl qoʼymaslik, mablagʼlarni qonunda va (yoki) shartnomada belgilangan maqsadlar uchun samarali sarflanishini taʼminlash, shuningdek Internet tarmogʼidagi oʼzining rasmiy veb-saytlarida yoritish boʼyicha imkon qadar barcha choralarni koʼrishlari mumkin.
7. “Sirli mijoz” tadbiri
29. Kompaniya tomonidan koʼrsatilayotgan davlat xizmatlarining sifati va tezligini, shuningdek, haqqoniy va ochiq tanlov natijalariga koʼra tanlab olingan mustaqil tashkilotlar tomonidan korruptsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishiga moyilligini aniqlash uchun xizmatlarning haqiqiy oluvchilari sifatida alohida nazorat tadbirlari oʼtkaziladi. Davlat xizmatlarini koʼrsatish jarayonida jalb etilgan mustaqil tashkilotlar bunday xizmatlarning sifati, muddatlari, shartlarini, shuningdek, kompaniya tizimi xodimlarining belgilangan axloq qoidalariga, shu jumladan, xodimning pora olishga moyilligini belgilab boradi.
30. Kompaniyada oʼtkazilgan “sirli mijoz” tadbirlari toʼgʼrisidagi hisobotlarni koʼrib chiqadilar va korruptsiya xavfi aniqlangan taqdirda xizmat tekshiruvi tayinlash haqidagi tashabbus bilan chiqadilar.
8. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini videotasvirga olish va translyatsiya qilish
31. Kompaniya xodimlarining faoliyatini nazorat qilish uchun kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarga qarashli binolar va xizmat xonalarida video va audio yozuv kameralari joylashtiriladi, ularning yozuvlari kompaniyaning masʼul xodimlari tomonidan doimiy ravishda kuzatib boriladi.
32. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning rasmiy veb-saytlariga korruptsiya xavfi yuqori boʼlgan ayrim jarayonlar joylashtiriladi (xususan, xodimlar bilan suhbat oʼtkazish va ularni sinovdan oʼtkazish, komissiya yigʼilishlari va boshqalar).
9. Ichki hujjatlarni korruptsiyaga qarshi ekspertizasi
33. Ichki hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʼtkazishda hujjatlarda korruptsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon yaratadigan korruptsiyaviy omillar kelib chiqishining oldini olish, aniqlash va istisno qilish maqsadida ham ekspertiza oʼtkaziladi.
10. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlariga maslahat berish
34. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlarida korruptsiyaga qarshi amaldagi qonun hujjatlari talablari, ushbu Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati qoidalari yoki kompaniyada korruptsiyaga qarshi boshqa chora-tadbirlar va tartib-taomillar bilan bogʼliq boʼlgan har qanday savollar boʼlsa, “Komplaens nazorat” xizmatiga murojaat qilishlari mumkin.
5-bob. Korruptsiyaviy huquqbuzarliklar toʼgʼrisida xabar berish
35. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning xodimlari va boshqa shaxslar, agar ular Kompaniya tizimi xodimlari xatti-harakatlarining qonuniyligi va (yoki) odob-axloqqa muvofiqligi toʼgʼrisida shubha tugʼilsa, korruptsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlari sodir etilishiga gumon yoki sodir etilganligi faktlari boʼlsa, ular bu haqda kompaniyaning foydalanish mumkin boʼlgan aloqa kanallari orqali xabar berishlari mumkin.
36. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar oʼz vakolatlari va mavjud imkoniyatlari doirasida huquqbuzarlik toʼgʼrisida ishonchli maʼlumot bergan shaxsning maxfiyligini taʼminlaydilar (qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).
37. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar oʼz xodimlarining manfaatlarini himoya qiladilar va qasos olishga qaratilgan harakatlarga, shu jumladan, ishdan boʼshatish, lavozimni pasaytirish, kamsitish, bosim oʼtkazish, kompaniya tizimi boshqa xodimlarining shubhali harakatlari yoki ular tomonidan ushbu Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosatining korruptsiyaga qarshi talablarini buzish ehtimoli haqida xabar bergan shaxslarning taʼqib qilinishiga yoʼl qoʼymasligini kafolatlaydilar.
38. Korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar toʼgʼrisidagi xabarlarni quyidagi aloqa kanallari orqali berish mumkin:
- “ishonch” telefon raqami va Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan oʼrnatilgan boshqa telefon raqamlar;
- kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan shakllar;
- kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning elektron pochta manzillari;
- toʼgʼridan-toʼgʼri huquqni muhofaza qilish organlariga.
39. Kompaniya tizimining aloqa kanallariga kelib tushgan barcha xabarlar Oʼzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari, Kompaniyaning ichki hujjatlariga muvofiq masʼul boʼlim yoki xodimlar tomonidan xolis tarzda va oʼz vaqtida koʼrib chiqiladi.
40. Anonim ravishda (faqat kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlarning Telegram kanallari orqali) yuborilgan xabarlar ham koʼrib chiqish uchun qabul qilinadi. Oʼz nomini oshkor qilinmasligini istagan ariza beruvchi bunday holatda quyidagilarni tan oladi:
- kompaniya xabarga javob berish uchun murojaat etuvchi shaxs bilan bogʼlana olmaydi;
- kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar zarur qoʼshimcha maʼlumotlarni olishning imkoniyati yoʼqligi sababli xabarni toʼliq va har tomonlama tekshirishni amalga oshira olmaydi.
41. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan kelib tushgan xabarga javob berish uchun murojaat etuvchi shaxs bilan quyidagi holatlarda bogʼlanilmaydi:
- toʼliq va keng qamrovli oʼrganish oʼtkazish uchun zarur boʼlgan qoʼshimcha maʼlumotlarning yoʼqligi;
- kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar xodimining qasddan yolgʼon maʼlumotni taqdim etishi ushbu Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosatini buzilishi va axloqsiz xulq-atvorning namunasi sifatida qaralsa, bunday shaxs esa Oʼzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va kompaniyaning ichki hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.
42. Kompaniya va uning tizimidagi tashkilotlar yuzasidan korruptsiya faktlari toʼgʼrisida vijdonan xabar bergan kompaniya xodimlari, agar bu maʼlumotlar tasdiqlangan boʼlsa, ichki hujjatlarga muvofiq ragʼbatlantiriladi.
6-bob. Qayta koʼrib chiqish va oʼzgartirishlar kiritish tartibi
43. Ushbu Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati quyidagi hollarda qayta koʼrib chiqilishi va tuzatilishi kerak:
- amaldagi Korruptsiyaga qarshi kurashish Siyosati va tartib-taomillarni qayta koʼrib chiqish zaruratini keltirib chiqaradigan holda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida Oʼzbekiston Respublikasining qonunchiligi oʼzgarganda;
- korruptsiyaga qarshi kurashish samarasiz nazorat va tartib-taomillar aniqlanganda va kompaniya faoliyatida korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlarni takomillashtirishga zarurat tugʼilganda;
- kompaniya tizimining tashkiliy tuzilmasi va oʼz vazifalarini bajarishi xususiyatlari va boshqalar oʼzgarganda.