Yangiliklar

not found

Kompaniyaning joriy yil 9 oylik yakunlari tahlil qilindi

“Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi va uning tarkibidagi korxonalar rahbarlari ishtirokida 2022 yil 9 oylik yakunlariga bagʼishlangan navbatdagi kengaytirilgan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Yigʼilish avvalida kompaniyaning bosh hisobchisi I.Аbdusalomov kompaniya hamda uning tarkibidagi aktsiyadorlik va masʼuliyati cheklangan jamiyatlarda 2021 yil 9 oy yakuni boʼyicha tasdiqlangan biznes reja koʼrsatkichlarining bajarilishi haqida taqdimot qildi. Maʼlumotlarga koʼra, “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi tizimi boʼyicha umumiy tovar aylanmasi 543,9 mlrd. soʼmni, shundan ulgurji tovar aylanmasi 357,6 mlrd. soʼmni, chakana savdo aylanmasi 186,3 mlrd. soʼmni tashkil etdi. Hisobot davrida kompaniyaning umumiy daromadi 135,2 mlrd. soʼm, sof foyda 11,1 mlrd.soʼm boʼlganligi qayd etildi. Yigʼilish davomida kompaniya Boshqaruv raisi U.Salixbaeva Vazirlar Mahkamasining «Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish toʼgʼrisida»gi qarori ijrosi bilan qiziqdi. Yurtimizda bosqichma-bosqich joriy etilayotgan, dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimiga masʼuliyat bilan yondoshish kerakligini taʼkidladi. Markirovka tizimi mahsulotlarning haqiqiy yoki kontrafakt ekanini tekshirish uchun, shuningdek, ishlab chiqaruvchi tomonidan mahsuloti harakatini kuzatishi uchun kerak boʼladi. Markirovkalash doirasida mahsulot qadogʼiga qoʼyilgan DataMatrix kod mobil ilova orqali skanerlanishi mumkin. Xaridor shu orqali oʼzini qiziqtirgan mahsulot haqidagi barcha maʼlumotlarni olishi, uning haqiqiyligini tekshirishi mumkin boʼladi. Shuningdek, tizimdagi jamiyatlar tomonidan “Zarur distribьyutorlik amaliyoti(GDP)” sertifatini olish uchun amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi va zarur tavsiyalar berildi. Bugungi kunda “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi oʼz faoliyatining eng muhim pallasida turibdi, chunki Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 15 avgustdagi 446-sonli qarori bilan “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi ustav kapitalidagi nazorat paketi, yaʼni 51 foiz aktsiyalar xususiylashtirilmoqda. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Davlat tender komissiyasining tegishli qaroriga muvofiq, xalqaro nufuzga ega professional baholovchi tashkilot “PwC” kompaniyaning 51 foiz aktsiyalar paketini baholash jarayonlarini amalga oshirishga jalb qilgan. Yigʼilishda “PwC” vakillari ishtirok etib, baholash masalasining dolzarbligi, shuningdek kompaniyaning joylashtirilmagan aktsiyalarini yil oxiriga qadar realizatsiya qilinishi belgilanligini hamda aktsiyalarni baholash jarayoni oʼrtacha 3-4 xafta davom etishi va aktsiyalar paketining bozor narxini aniqlashda kompaniya va jamiyatlar tomonidan taqdim etilishi zarur boʼlgan maʼlumotlar haqida axborot berdi. Yigʼilish davomida “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasining hududiy boʼlinmalari yillik faoliyati ham har tomonlama tahlil qilingan holda oʼrganib chiqildi, yoʼl qoʼyilayotgan kamchiliklar tanqid qilinib, kerakli tavsiyalar berildi. Kompaniya tizimidagi ijtimoiy dorixonalar faoliyatini rivojlantirish, savdo hajmini oshirish, zarur dori vositalari assortimentini koʼpaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Hududiy boshqarmalarning takliflari oʼrganildi.

  • 14 Noyabr, 12:12
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech