Yangiliklar

not found

Olimlar ko'rish qobiliyatini tiklovchi dori kashf qildi

Koreya ilg‘or texnologiyalar instituti (KAIST) olimlari ko‘z to‘r pardasidagi nerv hujayralarining tiklanishiga to‘sqinlik qiluvchi oqsilni aniqladi va uning faoliyatini bloklay oladigan dori vositasini ishlab chiqdi. Tadqiqot natijalari “Nature Communications” jurnalida e’lon qilindi. Nashrga ko‘ra, ko‘z kasalliklari – glaukoma, yoshi ulg‘ayganlardagi makulyar degeneratsiya va qandli diabetga bog‘liq retinopatiya har yili millionlab odamlarga, ayniqsa ko‘rish qobiliyatini yo‘qotishga eng moyil bo‘lgan keksalarga ta’sir qiladi. Oftalmologiyada istiqbolli yo‘nalishlardan biri bu ko‘zning o‘z hujayralarini tiklash orqali davolashdir. Biroq hozirgacha olimlar to‘r parda hujayralarining tabiiy regeneratsiya imkoniyatlarini faollashtirishda jiddiy to‘siqlarga duch kelayotgan bo‘lgan. Tadqiqotda aniqlanishicha, asosiy to‘siq bu Prox1 oqsili bo‘lib, u to‘r pardadagi Myuller hujayralarining (glial hujayralarning o‘ziga xos turi) tiklovchi faolligini bloklaydi. Bu hujayralar ko‘zni himoya qilish va uning tuzilishini saqlab turishda, shuningdek, zararlanganda tiklanish imkoniyatiga ega bo‘lishi bilan tanilgan. Yangi yondashuvda Prox1 faoliyatini bostiruvchi antitana asosidagi dori qo‘llanilgan. Laboratoriya kalamushlarida o‘tkazilgan tajribalarda ushbu oqsilni bloklash orqali to‘r pardaning zararlangan to‘qimalarining tiklanishini faollashtirish mumkin bo‘lgani ko‘rsatilgan. Ijobiy tomonga o‘zgarish effekti kamida 6 oy davom etgani qayd etilgan. “Mazkur dori vositasi zamonaviy tibbiyotdagi asosiy yo‘nalishlardan birining, ya’ni organizmning o‘zini tiklash mexanizmlarini faollashtirish harakatlarining bir qismidir. Hujayra ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) yoki lazer terapiyasidan farqli o‘laroq, bu usul tiklanish jarayonini ichkaridan ishga tushirishga imkon beradi, bu esa uni xavfsizroq va ko‘proq hollarda qo‘llashga yaroqli qiladi”, deyiladi maqolada.

  • 19 May, 15:45
  • Batafsil
not found

Dorixonalar raqamli markirovka bilan qanday qilib to‘g‘ri ishlashi kerak?

2022-yil 1-sentyabrdan O‘zbekistonda dori vositalarini majburiy raqamli markirovkalash joriy etilmoqda. Tizim TIF TN 3003 va 3004 kodli preparatlarni qamrab oladi. Dorixonalar uchun bosqichma-bosqich ko‘rsatmalar taqdim etildi: 1. "Asl belgisi" tizimida ro‘yxatdan o‘tish. Dorixona "Asl belgisi" tizimida ro‘yxatdan o‘tadi va shartnoma tuzadi. 2. Xodimlarni o‘qitish. Javobgar xodimlarni raqamli markirovka tizimi va qoidalari bilan ishlashga o‘rgatish kerak. 3. Uskunalarni o‘rnatish. Dorixonada 2D-skanerlar, ma’lumotlarni yig‘ish terminallari yoki onlayn-NKM va virtual kassaga ulangan boshqa maxsus qurilmalar o‘rnatilishi kerak. Ular markirovka kodlarini to‘g‘ri o‘qishni va chekka ma’lumotlarni kiritishni ta’minlaydi. 4. Markirovkalangan mahsulotlarni qabul qilish. Ulgurji sotuvchilardan markirovkalangan preparatlarni sotib olishda dorixona markirovka kodlari ko‘rsatilgan elektron hisobvaraq-fakturalarni qabul qilishi kerak. Tovarlar dorixona balansida ekanligiga ishonch hosil qilish uchun Asl belgisi ilovasi orqali olingan kodlarni qo‘shimcha ravishda skanerlashni maslahat beramiz. 5 Xaridorga sotish. Sotuvdan oldin farmatsevt qadoqdagi markirovka kodini skanerlaydi va uni elektron fiskal chekka kiritadi. Bu kodni aylanmadan olib tashlash va kuzatish zanjirini yakunlash imkonini beradi. Quyidagilar qoidabuzarlik hisoblanadi: - markirovkalanmagan preparatlarni sotib olish va sotish; - kodlar bilan EHFsiz ishlash:; - chekda kodlarni ko‘rsatmasdan sotish:; - markirovkalanmagan mahsulotni saqlash va boshqa subyektlarga berish. Markirovka qoidalariga rioya qiling - bu sifat, shaffoflik va iste’molchilar ishonchining kafolotidir.

  • 19 May, 13:03
  • Batafsil
not found

O‘zbekiston 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasini qabul qildi

O‘zbekistonda "O‘zbekiston-2030" strategiyasi, Bolalar saratoni bo‘yicha global tashabbus (GICC), Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida JSST, YUNISEF, Vena xalqaro tibbiyot universiteti va boshqa xalqaro tashkilotlar ko‘magida 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Ushbu voqea bolalar saratoniga qarshi kurashda yangi bosqichni boshlab beradi, tashxis qo‘yish va davolashda multidistsiplinar yondashuvni ta’minlash orqali pediatriya yordamini ko‘rsatish tizimini takomillashtiradi. Milliy strategiya sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilishga yo‘l ochadi, kadrlar va infratuzilma salohiyatini mustahkamlaydi, bolalarga barcha darajalarda yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishga yagona yondashuvni shakllantiradi. JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari doktor Ashina Xalakdina shunday dedi: "Bolalar saratoni bo‘yicha milliy strategiyani — aniq maqsadlar, aniq chora-tadbirlar va imkon qadar ko‘proq bolalar hayotini saqlab qolish uchun zarur resurslarni o‘z ichiga olgan hujjatni ishlab chiqish O‘zbekiston uchun muhim qadamdir. Ushbu strategiya mamlakatda to‘plangan haqiqiy ma’lumotlar asosida saraton kasalligiga chalingan bolalarga sifatli yordam ko‘rsatish imkoniyatini kengaytirishga yordam beradi". O‘zbekiston oldinga qarab dadil qadamlar tashladi. Mamlakat JSSTning bolalar saratoniga qarshi kurash bo‘yicha Global tashabbusiga qo‘shildi va saraton kasalligiga chalingan bolalarni dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha Global platformaning ishtirokchisiga aylandi. Buning natijasida bugun mamlakat bo‘ylab 16 ta tibbiyot muassasasida bolalar xavfsiz, samarali va bepul dori vositalarini olmoqda. JSST O‘zbekistonni, ayniqsa, strategiya amalda ishlashi uchun boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish, sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va ma’lumotlardan foydalanish masalalarida qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.

  • 19 May, 09:49
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech