“Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi va uning tarkibidagi korxonalarda manfaatlar toʼqnashuvini boshqarish boʼyicha
NIZOM


1-bob. Umumiy qoidalar


1. Mazkur Nizom “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi va uning tarkibidagi korxonalar (keyingi oʼrinlarda – Kompaniya)da manfaatlar toʼqnashuvini aniqlash, uning oldini olish va tartibga solish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom qoidalari egallab turgan lavozimi va bajarayotgan xizmat vakolatlaridan qatʼiy nazar Kompaniyaning barcha xodimlariga tegishli.
4. Mazkur Nizom Kompaniyada yuzaga kelgan va yuzaga kelishi mumkin boʼlgan manfaatlar toʼqnashuvini oldini olish va boshqarish masalalaridagi asosiy ichki hujjat hisoblanadi va barcha xodimlar tomonidan soʼzsiz rioya qilinishi shart.
5. Kompaniya xodimlari tomonidan manfaatlar toʼqnashuvi bilan bogʼliq masalalar Kompaniyaning Kadrlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi xizmat (keyingi oʼrinlarda – Xodimlarni boshqarish xizmati deb yuritiladi) tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
6. Mazkur Nizom maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
aloqador shaxslar – Kompaniya xodimi bilan tijorat tashkilotlarining ustav kapitalida ishtirok etadigan shaxslar, aktsiyalari Respublika fond birjasida ommaviy muomalada boʼlgan aktsiyadorlik jamiyatlarining besh foizidan kam boʼlgan miqdordagi aktsiyaga ega ekanligi bundan mustasno;
kronizm – doʼstlar yoki ishonchli shaxslarga noqonuniy imtiyozlar taqdim etish maqsadida hokimiyat (lavozim mavqesidan) va obroʼsidan foydalanish;
manfaatlar toʼqnashuvi – Kompaniya xodimining shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʼrsatayotgan yoxud taʼsir koʼrsatishi mumkin boʼlgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari oʼrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʼlgan vaziyat;
manfaatlar toʼqnashuvini oshkor qilish – xodimlar tomonidan potentsial yoki real manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisida eʼlon qilish tartib-taomili;
manfaatlar toʼqnashuvini tartibga solish – Kompaniya tomonidan xodimlarning xizmat majburiyatlari lozim darajada bajarilmasligi holati va (yoki) manfaatlar toʼqnashuvi yuzaga kelganda ularning manfaatlari (shu jumladan, shaxsiy, ijtimoiy, mulkiy, moliyaviy va boshqa manfaatlar) Kompaniya manfaatlaridan ustun kelishi xavfini kamaytirish yoki bartaraf etish;
mahalliychilik – shaxsni uning nasliy kelib chiqishi (aslzoda yoki mashhur sulola vakili ekanligi va u jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilganligi) hamda yaqin qarindoshlarining egallab turgan xizmat mavqei sababli uning lavozimga qoʼyiladigan malaka talablariga mos kelish-kelmasligini hisobga olmagan holda ishga qabul qilish, rotatsiya qilish va lavozimga tayinlash;
nepotizm (tanish-bilishchilik, qarindosh-urugʼchilik; favoritizmning qarindoshlik rishtalariga asoslangan koʼrinishi) – oʼzining yaqin qarindoshlari yoki doʼstlariga noqonuniy imtiyozlar berish maqsadida hokimiyatdan foydalanish va (yoki) taʼsir oʼtkazish, shuningdek, yaqin qarindoshlari va (yoki) doʼstlariga asossiz mukofotlar xisoblash, Kompaniya manfaatlari zarariga, yaqin qarindoshlari va doʼstlarini ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash;
potentsial manfaatlar toʼqnashuvi – xodimning, uning yaqin qarindoshlarining va (yoki) Kompaniya bilan bogʼliq boʼlgan shaxsning shaxsiy manfaatlari (shu jumladan, shaxsiy, ijtimoiy, mulkiy, moliyaviy va boshqa manfaatlari) muayyan vaziyatlar yuzaga kelganda, ular Kompaniyaning manfaatlariga qarama-qarshi boʼlishi va Kompaniya xodimlari tomonidan xizmat majburiyatlarini bajarishiga taʼsir qilishi mumkin boʼlgan vaziyat;
real manfaatlar toʼqnashuvi – xodimning, uning yaqin qarindoshlarining va (yoki) Kompaniya bilan bogʼliq boʼlgan shaxsning shaxsiy manfaatlari (shu jumladan, shaxsiy, ijtimoiy, mulkiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa manfaatlari) Kompaniya manfaatlariga bevosita yoki bilvosita qarama-qarshi boʼlgan vaziyat;
urugʼ-aymoqchilik – Kompaniya xodimining avlod-ajdodlari bir boʼlgan, bir sulolaga mansublik asosida uchinchi shaxslarga nisbatan subʼektiv, imtiyozli va noxolis munosabat shaklidagi shaxsiy manfaatdorligi;
favoritizm – Kompaniya xodimi boshqa shaxs va/yoki shaxslar guruhi manfaatlariga qaraganda bitta shaxs yoki shaxslar guruhi manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratishi, Kompaniyada kadrlarni tanlash va joylashtirish, lavozimini koʼtarish, mukofot puli berish va davlat mukofotlariga tavsiya etish, taʼtil berish yoki sihatgohlar va xorijiy safarlarga yuborish, murojaatlar, shuningdek, ish va navbatchilik jadvallarini koʼrib chiqishda ketma-ketlikni yoʼlga qoʼyish bilan bogʼliq vaziyatlarda tartiblarga rioya qilmaslik;
xodimning shaxsiy manfaatdorligi – xodim tomonidan oʼz xizmat vazifalarini bajarish doirasida uning yaqin qarindoshi yoki xodimga aloqador boʼlgan shaxslar tomonidan xodimning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir qilishi mumkin boʼlgan pul mablagʼlari, moddiy yoki nomoddiy qiymatliklar, boshqa mol-mulk, boylik va imtiyozlar koʼrinishida shaxsiy naf olish imkoniyati (shaxsiy, ijtimoiy, mulkiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa manfaatlari);
shafelik – Kompaniya xodimining lavozimi yuqoriroq boʼlgan boshqa xodim tomonidan qulay mehnat sharoitlarini yaratib berish shaklidagi himoyasi, uni yoqlab yonini olishi;
yaqin qarindoshlar – qarindosh yoki quda tomondan qarindosh boʼlgan shaxslar, yaʼni ota-ona, tugʼishgan va oʼgay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan, farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek, er-xotinning ota-onasi, tugʼishgan va oʼgay aka-uka va opa-singillari.


2-bob. Manfaatlar toʼqnashuvini boshqarishning tamoyillari


7. Kompaniya xodimlari manfaatlar toʼqnashuvini boshqarish masalalarida quyidagi asosiy tamoyillarga rioya qilishlari shart:
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
davlat manfaatlarini shaxsiy manfaatlaridan ustun qoʼyish;
oshkoralik, vijdonlilik, xolislik asosida qarorlar qabul qilish;
potentsial yoki real manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisidagi axborotni oshkor qilishning shartligi;
manfaatlar toʼqnashuviga yoʼl qoʼymaslik boʼyicha profilaktik choralarning ustuvorligi;
manfaatlar toʼqnashuvi holatlarini koʼrib chiqish va manfaatlar toʼqnashuvini hal qilishda jamoaviylikka amal qilishi;
manfaatlar toʼqnashuvi alomatlari bilan tavsiflangan vaziyatlarni koʼrib chiqish, baholash va hal qilishga xolis yondashuv;
belgilangan tartibda manfaatlar toʼqnashuvi mavjudligi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash;
agar xodim biron-bir qaror qabul qilishdan avval yoki oʼziga yuklatilgan funktsiyalarni bajarishdan oldin manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisida tegishli tartibda xabar bergan hamda Kompaniya manfaatlari foydasiga oʼz shaxsiy manfaatlaridan voz kechishga tayyor boʼlsa, uni real yoki potentsial manfaatlar toʼqnashuvi mavjudligi sababli ishdan boʼshatilishiga yoʼl qoʼyilmasligi;
shaffoflik va hisobdorlik;
shaxsiy javobgarlik va jazoning muqarrarligi.


3-bob. Masʼul tarkibiy tuzilmalar xodimlarining
majburiyatlari va vakolatlari


8. Kompaniya xodimlari oʼzlarining xizmat majburiyatlarini bajarishida va (yoki) Kompaniyaning manfaatlarini ifodalashda ushbu Nizomda belgilangan tamoyillarga amal qilishlari, shuningdek, manfaatlar toʼqnashuviga olib keladigan vaziyatlardan oʼzlarini saqlashlari shart.
9. Xizmat vazifalarini bajarishda manfaatlar toʼqnashuvining oldini olish uchun Kompaniya xodimlari:
ushbu Nizom talablariga rioya qilishi;
faqat Kompaniya manfaatlarini koʼzlashi;
oʼz mansab va xizmat mavqeidan faqat Kompaniya manfaatlari yoʼlida foydalanishi;
Kompaniya manfaatlariga zid keladigan yoki zid kelishi mumkin boʼlgan shaxsiy manfaatlar toʼgʼrisida Kompaniyaning Korruptsiyaga karshi ichki nazorat tuzilmasi (keyingi oʼrinlarda – “Komplaens nazorat” xizmati)ni xabardor kilishi;
nepotizm (qarindoshlik), shafelik, favoritizm, kronizm, mahalliychilik va urugʼ-aymoqchilikning namoyon boʼlishiga qatʼiy chek qoʼyishi;
potentsial yoki real manfaatlar toʼqnashuvi haqidagi maʼlumotlarni oʼz vaqtida va toʼliq oshkor qilishi;
oʼzining yaqin qarindoshlari va aloqador shaxslar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarning toʼliq roʼyxatini, oʼzining va ularning nodavlat notijorat tashkilotlaridagi ishtiroki haqidagi maʼlumotlarni halol, toʼliq va vijdonan oshkor qilishi;
agarda tashkilotning boshqa xodimlarida manfaatlar toʼqnashuvi mavjudligiga oid maʼlumotga ega boʼlgan taqdirda ichki hujjatlarda belgilangan tartibda xabar berishi shart.
10. Manfaatlar toʼqnashuvining oldini olish maqsadida Kompaniya xodimi quyidagi hollarda manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisida xabar berishi kerak, agar:
xodimning bevosita boʼysunuvida yaqin qarindoshlari va (yoki) aloqador shaxslar boʼlsa;
belgilangan tartibda faoliyati oʼrganilayotgan tashkilotda xodimning yaqin qarindoshlari va (yoki) aloqador shaxslar faoliyat yuritsa yoki belgilangan tartibda faoliyati oʼrganilayotgan mansabdor shaxs xodimning yaqin qarindoshi va (yoki) aloqador shaxs boʼlsa;
xodim yaqin qarindoshlari va (yoki) aloqador shaxslarga nisbatan xodimlarga (jumladan, ish haqini hisoblash va toʼlash, mukofotlar, ustamalarga taqdim etish va ularning miqdorini belgilashga) oid qarorlar qabul qilishda ishtirok etsa.
Mazkur roʼyxat yakuniy hisoblanmaydi. Kompaniya xodimi yaqin qarindoshlari va (yoki) aloqador shaxslarga nisbatan (ular faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga) har qanday qarorlar qabul qilish (imtiyozlar berish, litsenziyalar taqdim etish, mahsulotlar sotib olish va shu kabilar) holati potentsial manfaatlar toʼqnashuvini keltirib chiqarishi mumkin. Bunday hollarda, Kompaniya xodimi manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisida xabar berishi lozim boʼladi.
11. Mazkur Nizomning 10-bandida qayd etilgan manfaatlar toʼqnashuvi bilan bogʼliq vaziyatlarni aniqlash uchun xodim qaror qabul qilish yoki xizmat majburiyatlarini bajarishdan avval oʼziga quyidagi savollarni berishi lozim: “Men vijdonan va xolis qaror qabul qilishim, harakatni amalga oshirishim mumkinmi?” va “Bunday vaziyatda boshqa xodim ham xuddi men kabi qaror qabul qilarmidi?” Аgar xodim bu savollardan bittasiga boʼlsa ham “Yoʼq” deb javob bersa, manfaatlar toʼqnashuvi mavjudligi xatari yuzaga keladi.
12. Kompaniyada manfaatlar toʼqnashuvini aniqlash borasida quyidagilar amalga oshiriladi:
xodimlarni ishga qabul qilish yoki lavozimga tayinlashda, shuningdek, boshqa holatlarda manfaatlar toʼqnashuvini keltirib chiqaruvchi axborot jamlanadi;
har bir xodim mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarishida yuzaga kelgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʼlgan manfaatlar toʼqnashuvi holatini aniqlaydi hamda oʼzining rahbariga va Xodimlarni boshqarish xizmatiga xabar beradi;
manfaatlar toʼqnashuvini keltirib chiqarishi mumkin boʼlgan har bir maʼlumot yoki xabar kollegial tartibda oʼrganilib, uning taʼsiri aniqlanadi. Qonun hujjatlari talablari doirasida manfaatlar toʼqnashuvini aniqlashning boshqa usullari ham qoʼllanilishi mumkin.
13. Manfaatlar toʼqnashuvi quyidagicha boshqariladi:
xodimlarni ishga qabul qilishda ularga mazkur Nizom talablari imzo qoʼydirilgan holda tanishtiriladi;
Nizom talablari boʼyicha xodimlarga tushuntirish va maslahatlar berish ishlari olib boriladi;
aniqlangan manfaatlar toʼqnashuvi holatlari roʼyxatga olib boriladi;
manfaatlar toʼqnashuvi holatlarini oʼrganish, ularga baho berish hamda manfaatlar toʼqnashuvining oldini olishga qaratilgan choralarni belgilash Xodimlarni boshqarish xizmati tomonidan amalga oshiriladi;
manfaatlar toʼqnashuvining oldini olish jarayoni samaradorligini taʼminlash maqsadida kuzatish hamda monitoring amalga oshiriladi.
Manfaatlar toʼqnashuvi boshqarilishida qonun hujjatlari talablari asosida boshqarishning boshqa usullari ham qoʼllanilishi mumkin.
14. Manfaatlar toʼqnashuvi yuzaga kelgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʼlgan hollarda quyidagi choralar koʼrilishi mumkin:
xodimning tegishli faoliyatni amalga oshirishda yoki qaror qabul qilishda ixtiyoriy ravishda ishtirok etmasligi yoki chetlashishiga ruxsat berish;
xodimning lavozim vazifalarini koʼrib chiqish yoki unga oʼzgartirish kiritish;
xodimning shaxsiy manfaatlari bilan bogʼliq boʼlgan maʼlumotlarga cheklovlar oʼrnatish;
xodimning shaxsiy manfaatlari uning lavozim majburiyatlariga zid boʼlsa, uni manfaatlar toʼqnashuvi taʼsir etmaydigan boshqa lavozimga oʼtkazish;
xodimning Kompaniya faoliyatiga yoki manfaatlariga salbiy taʼsir etuvchi oʼzining shaxsiy manfaatlaridan voz kechishi;
xodimning shaxsiy manfaatlari Kompaniya faoliyatiga yoki manfaatlariga zid boʼlsa hamda uni boshqarishning boshqa choralarini qoʼllash imkoni boʼlmasa xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish.


4-bob. Manfaatlar toʼqnashuvi haqidagi maʼlumotlarni
oshkor qilish va koʼrib chiqish tartibi


1-§ Manfaatlar toʼqnashuvini deklaratsiya qilishning umumiy qoidalari
15. Kompaniyada manfaatlar toʼqnashuvi holatlari kelib chiqishini oldini olish manfaatlar toʼqnashuvini deklaratsiya qilishning quyidagi shakllaridan foydalangan holda amalga oshiriladi:
Kompaniya tizimida vakant boʼlgan boʼsh ish joylariga nomzodlarni lavozimga tayinlash va rotatsiya qilishda manfaatlar toʼqnashuvini dastlabki tarzda oshkor qilish;
manfaatlar toʼqnashuvi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni har yil oshkor qilish (yillik deklaratsiya);
real yoki potentsial manfaatlar toʼqnashuvi yuzaga kelish fakti boʼyicha maʼlumotlarni oshkor qilish.
2-§ Boʼsh ish joylariga nomzodlarni lavozimga tayinlash va rotatsiya qilishda manfaatlar toʼqnashuvini deklaratsiya qilish
16. Kompaniya tizimida boʼsh ish joylariga nomzodlarni, xodimlarni lavozimga tayinlash va ularni rotatsiya qilishda manfaatlar toʼqnashuvini dastlabki tarzda deklaratsiya qilish kompaniyaning Xodimlarni boshqarish xizmatiga quyidagi hujjatlarni taqdim etish yoʼli bilan amalga oshiriladi:
mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl boʼyicha toʼldirilgan maʼlumotnoma;
ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va rotatsiya qilish jarayonida manfaatlar toʼqnashuvi mavjudligi/mavjud emasligi toʼgʼrisida mazkur Nizomning 2 va 3-ilovalariga muvofiq shakldagi ariza toʼldiriladi.
Xodim tomonidan taqdim etilgan hujjatlar Xodimlarni boshqarish xizmati tomonidan ularda manfaatlar toʼqnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi boʼyicha tekshiriladi. Manfaatlar toʼqnashuvi aniqlanganida Kadrlar boʼyicha xizmat Kompaniya raisini yoki nomzod ishga qabul qilinishi yoki rotatsiya qilinishi nazarda tutilgan tarkibiy boʼlinma faoliyatini muvofiqlashtiruvchi rahbar oʼrinbosarini xabardor qiladi.
Rais koʼrsatmasiga asosan Xodimlarni boshqarish xizmati Kompaniyadagi tegishli tuzilmalar bilan hamkorlikda manfaatlar toʼqnashuvini hal qilish choralarini koʼradi.
3-§ Manfaatlar toʼqnashuvini har yillik deklaratsiya qilish
17. Manfaatlar toʼqnashuvi haqidagi maʼlumotlarni har yili deklaratsiya quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Kompaniya xodimlari har yili 15 fevralgacha mazkur Nizomning
3-ilovasiga muvofiq shaklda har yili ariza topshirishda manfaatlar toʼqnashuvining mavjudligi/mavjud emasligi haqidagi arizani toʼliq va toʼgʼri toʼldirishlari va toʼldirilgan arizani Xodimlarni boshqarish xizmatiga taqdim qilishlari lozim;
Xodimlarni boshqarish xizmati 10 martgacha manfaatlar toʼqnashuvi mavjudligini koʼrsatgan xodimlarni aniqlash uchun manfaatlar toʼqnashuvining mavjudligi/mavjud emasligi haqida olingan arizalarni tahlil kiladi;
tahlil natijasida faoliyatida manfaatlar toʼqnashuvi yuzaga kelishi mumkin boʼlgan xodimlar aniqlansa, bunday xodimlar haqidagi maʼlumot Kompaniya Odob-ahloq komissiyasiga taqdim qilinadi;
Kompaniya Odob-ahloq komissiyasi xodimning bevosita rahbari va (zarurat boʼlganda) xodim ishtirokida 20 martgacha manfaatlar toʼqnashuvi holatini koʼrib chiqadi va manfaatlar toʼqnashuvi bilan tavsiflanadigan vaziyatlarni hal qilish boʼyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʼyicha yoki manfaatlar toʼqnashuvi mavjud emasligi haqida qaror chiqaradi. Mazkur qaror komissiya bayonnomasiga kiritiladi. Bayonnomada chora-tadbirlarni ishlab chiqishga masʼul tuzilma (mansabdor shaxs) belgilab qoʼyiladi;
Xodimlarni boshqarish xizmati tomonidan 25 martgacha mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda Manfaatlar toʼqnashuvi holatlari reestriga kiritiladigan manfaatlar toʼqnashuvi holatlari haqidagi elektron maʼlumotlarni jamlaydi va saqlaydi;
har yili I chorakda Kompaniyaning Xodimlarni boshqarish xizmati manfaatlar toʼqnashuvini deklaratsiya qilish, aniqlash va hal qilish boʼyicha statistika tahlilini Korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi (keyingi oʼrinlarda – “Komplaens nazorat” xizmati) va Kompaniya raisiga kiritadi.
4-§ Real yoki potentsial manfaatlar toʼqnashuvining kelib chiqish fakti boʼyicha deklaratsiya toʼldirish
18. Real yoki potentsial manfaatlar toʼqnashuvining kelib chiqishi fakti boʼyicha maʼlumotlarni deklaratsiya qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Kompaniya xodimida manfaatlar toʼqnashuvi kelib chiqqanda, u mazkur holat unga maʼlum boʼlgan paytdan boshlab bir ish kuni ichida bu haqda bevosita rahbariga real yoki potentsial manfaatlar toʼqnashuvi sifatida tavsiflanadigan holatni batafsil bayon etgan holda, mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shaklda xabar berishi lozim;
xodimning bevosita rahbari xodimdan yozma xabarni olgan paytdan boshlab uch ish kuni ichida manfaatlar toʼqnashuvi haqidagi maʼlumotni koʼrib chiqishi va manfaatlar toʼqnashuvini barataraf qilish boʼyicha taklif bilan xabarnomani Xodimlarni boshqarish xizmatiga roʼyxatdan oʼtkazish hamda tegishli choralarni koʼrish uchun taqdim etishi shart;
Xodimlarni boshqarish xizmati xodimning bevosita rahbari bilan hamkorlikda manfaatlar toʼqnashuvini barataraf etish choralarini koʼradi yoki manfaatlar toʼqnashuvi mavjud emasligi haqida xulosa qilinib, “Komplaens nazorat” xizmati va Kompaniya raisiga yozma shaklda tegishli maʼlumot kiritiladi.


5-bob. Manfaatlar toʼqnashuvini hal qilish choralari


19. Kompaniya manfaatlarining buzilishini oldini olish maqsadida real manfaatlar toʼqnashuvini hal qilish choralari imkon qadar tezroq amalga oshirilishi lozim.
20. Kompaniyada manfaatlar toʼqnashuvlarini boshqarishda quyidagi choralar belgilanishi kerak:
bevosita boʼysunadigan xodimni yaqin qarindoshi boʼlmagan boshqa shaxs boʼysunuviga oʼtkazish;
manfaatlar toʼqnashuvi predmeti boʼlgan masalalarni muhokama qilishda va ular boʼyicha qaror chiqarish jarayonida qatnashishdan xodimning oʼz ixtiyoriga koʼra chetlashish, oʼzini oʼzi rad etishi yoki uni majburan (doimiy yoki vaqtincha) chetlashtirilishi;
manfaatlar toʼqnashuviga yoʼl qoʼymaslik uchun xodimning lavozim majburiyatlari doirasini qayta koʼrib chiqish;
xodim tomonidan uning shaxsiy manfaatdorligi boʼlgan va manfaatlar toʼqnashuvi predmeti boʼlgan Kompaniyaning maʼlumotlari va hujjatlaridan foydalanilishini cheklash;
yuqoriroq lavozimni egallab turgan yaqin qarindosh va (yoki) aloqador shaxsga nisbatan lavozimni koʼtarish, faoliyatini baholash, mukofot pullarini toʼlash va ish haqiga ustamalarni hisoblash, oʼqishga va treninglarga hamda turli masalalar boʼyicha xorijga yuborish, mehnat taʼtiliga chiqishga rozilik berish va ish haqini nazorat qilish haqida jamoaviy tarzda qaror qabul qilinishini taʼminlash;
xodimni manfaatlar toʼqnashuvi bilan bogʼliq boʼlmagan mehnatga oid funktsiyalarni bajarishini nazarda tutadigan lavozimga oʼtkazish va boshqa holatlar.
21. Istisno holatlarda, ushbu Nizomning 20-bandida sanab oʼtilgan choralar manfaatlar toʼqnashuvini toʼliq tartibga solmagan taqdirda, quyidagi tartibga solish choralari koʼrilishi mumkin:
xodim tomonidan Kompaniyaning manfaatlariga toʼqnash keladigan shaxsiy manfaatdorligidan voz kechishi;
xodim tomonidan Kompaniya manfaatlariga toʼqnash keladigan shaxsiy manfaatdorligidan voz kechmaganda uning mehnat shartnomasini bekor qilish.
22. Har bir vaziyatda, manfaatlar toʼqnashuvi predmetini belgilab beradigan faktdan kelib chiqib, xodim bilan Kompaniyaning kelishuviga koʼra uni hal qilishning boshqa choralari qoʼllanilishi mumkin. Koʼriladigan barcha choralar qonunchilik talablariga muvofiq boʼlishi va mazkur Nizomda belgilangan tamoyillarni amalga oshirishni taʼminlashi lozim.
23. Kompaniyada Xodimlarni boshqarish xizmati va xodimning bevosita rahbari tomonidan manfaatlar toʼqnashuvini barataraf etish choralari va qabul qilingan qarorlar Odob-axloq komissiyasining eng yaqindagi yigʼilishida koʼrib chiqilib, bu haqda majlis bayonnomasida aks ettiriladi.
24. “Komplaens nazorat” xizmati xodim eʼtiroziga yoki rahbar topshirigʼi, shuningdek, oʼz tashabbusi bilan Xodimlarni boshqarish xizmati va xodimning bevosita rahbari, shuningdek, odob-ahloq komissiyalari tomonidan manfaatlar toʼqnashuvini tartibga solish boʼyicha qabul qilingan qarorlarning xolisligi
va maqbulligini tekshirish huquqiga ega.


6-bob. Аxborotning konfedentsialligi


25. Manfaatlar toʼqnashuvini hal qilishda qatnashadigan xodimlar olingan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashi va ushbu maʼlumotlardan faqat koʼrib chiqish, hisobga olish va hal etish choralarini koʼrish hamda ushbu jarayonni nazorat qilish uchun masʼul boʼlgan shaxslar tomonidan foydalanilishini taʼminlashi lozim.
26. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Kompaniyaning xodimlarida manfaatlar toʼqnashuvi fakti yoki gumoni haqidagi xabar bilan Kompaniyaga murojaat qilinganida uni koʼrib chiqish “Komplaens nazorat” xizmati tomonidan Kadrlar boʼyicha xizmati bilan hamkorlikda mazkur Nizom va boshqa ichki hujjatlarga asosan amalga oshiriladi.


7-bob. Reestrni yuritish va saqlashga qoʼyiladigan talablar


27. Kompaniyaning Xodimlarni boshqarish xizmati manfaatlar toʼqnashuvi holatlarining hisobini mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda Reestrga kiritish yoʼli bilan oʼz vaqtida va toʼliq yuritishlari shart. Bunda, hududiy va tarkibiy boʼlinmalarning Reestridagi maʼlumotlar Xodimlarni boshqarish xizmati tomonidan kompaniyaning umumiy Reestiriga birlashtirib boriladi. Umumiy Reestr “Komplaens nazorat” xizmatiga har chorakda taqdim etib boriladi.
28. Maʼlumot Reestrga quyidagi hollarda kiritilishi kerak:
Kompaniyaga ishga qabul qilishda – nomzod manfaatlar toʼqnashuvining mavjudligi/mavjud emasligi haqida arizada manfaatlar toʼqnashuvining mavjudligini koʼrsatgan boʼlsa va Kompaniya raisi manfaatlar toʼqnashuvi kelib chiqishi mumkinligi faktini tasdiqlasa;
lavozimga tayinlash/rotatsiya qilish vaqtida manfaatlar toʼqnashuvini oshkor qilishda – Kompaniya raisi tomonidan buyruq imzolangan paytdan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan;
manfaatlar toʼqnashuvi kelib chiqishiga koʼra – Xodimlarni boshqarish xizmati va xodimning bevosita rahbari tomonidan chora koʼrilgan taqdirda;
Kompaniya xodimlari tomonidan manfaatlar toʼqnashuvi haqidagi maʼlumotlar har yili deklaratsiya qilinganda – mazkur Nizomning 17-bandiga muvofiq;
manfaatlar toʼqnashuvining mavjudligi haqida aloqa kanallaridan olingan maʼlumot tasdiqlanganda;
ichki xizmat tekshiruvlari oʼtkazilganda va Kompaniyaning korruptsiyaga qarshi kurashish siyosati va talablariga rioya qilinishi monitoring qilinganda hamda Kompaniya raisi tomonidan Reestrga maʼlumot kiritish haqida bevosita koʼrsatma boʼlganida.
29. Xodimlarning manfaatlar toʼqnashuviga tegishli boʼlgan ariza va xabarnomalari hamda boshqa maʼlumotlar Xodimlarni boshqarish xizmatida saqlanadi.


8-bob. Yakuniy qoidalar


30. Egallab turgan lavozimidan qatʼi nazar, barcha xodimlar ushbu Nizomning talablariga rioya qilish, shuningdek, oʼz manfaatlarining toʼqnashuvi toʼgʼrisida Kompaniyaga oʼz vaqtida va toʼliq maʼlumot berish boʼyicha shaxsan javobgar hisoblanadi.
31. Mazkur Nizom talablarini buzgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech