14:38 (19.04.2024)

346

Bahorda tez-tez isteʼmol qilish tavsiya etiladigan temir moddasiga boy 5 ta mahsulot

Temir organizmning normal ishlashi uchun zarur boʼlgan eng muhim mikroelementlardan biridir. Temir tanqisligi anemiyasi rivojlanishining oldini olish uchun temir moddasiga boy quyidagi submahsulotlarni isteʼmol qilish tavsiya etiladi.

Jigar

Jigar temir moddasi va B12 vitaminiga boy submahsulot boʼlib, anemiyaning oldini olish va davolashda keng qoʼllaniladi.

Mol goʼshti jigari foydali yogʼ kislotalari, jumladan, omega-3 va omega-6 manbayi hisoblanadi. Ular qonda xolesterin darajasini normallashtirishga, yurak va qon-tomir tizimini mustahkamlashga, ateroskleroz va miokard infarkti rivojlanishining oldini olishga yordam beradi. Shuningdek, jigar sink, mis, selen kabi qimmatli mikroelementlarning manbayidir.

Jigardan tayyorlangan taomning taʼmi taxir boʼlmasligi uchun uni pishirishdan avval suv yoki sutga ivitib qoʼyish va ustki qatlamini toʼliq olib tashlash lozim.

Til

Mol va buzoq tili foydali ozuqaviy qiymatga boy va parhezbop submahsulot sanaladi. Uning tarkibida oqsil koʼp, yogʼlar esa kamdir. Mol tilida temir moddasi va B guruhi vitaminlari bor.

Tilni pishirishdan avval uning ustki qatlamini yaxshilab tozalash va 1 soatga suvga ivitib qoʼyish lozim. Til kamida 2 soat davomida qaynatiladi hamda turli garnirlar yoki salatlar bilan isteʼmol qilinadi.

Mol yuragi

Mol yuragida uning goʼshtiga nisbatan 6 barobar koʼp miqdorda B vitamini va 1,5 barobar koʼp temir moddasi mavjud. Mazkur submahsulotni pishirishdan avval 2-3 soat sovuq suvda ivitish, soʼng kamida 1,5 soat davomida qaynatish lozim. Har 30 daqiqada suvni almashtirib turishni unutmang.

Tovuq yuragi

Tovuq yuragi ham vitaminlarga boy: unda А, PP va B guruhi vitaminlari, fosfor, kaliy, magniy, temir, sink, mis bor. Boshqa submahsulotlarga qaraganda tovuq yuragi mazaliroq taʼmga ega.

Pishirishdan avval uni yaxshilab yuvish, yurak ichidan qon quyqalarini olib tashlash va ustki qismidagi yogʼni kesib olish zarur.

Mol buyragi

Sink, B guruhi vitaminlari, magniy, fosfor kabilar mol buyragida bisyor. Uni ham 2-3 soat sovuq suvda qoldirish, 2 marotaba qaynatish va suvini toʼkib tashlab yana 1 soat davomida pishirish lozim. Mol buyragining oʼtkir hidi boʼlganligi tufayli uni boshqa submahsulotlar bilan qoʼshish tavsiya etilmaydi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech