Yangiliklar

not found

Qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarga insulinning tungi dozasini hisoblashga yordam beradigan tizim yaratildi

Moskva davlat universiteti mutaxassislari sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari yordamida I- turdagi qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarga insulinning tungi dozasini aniq hisoblashga yordam beradigan tizimni ishlab chiqdilar. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi. "MDUning "Miya, kognitiv tizimlar, sun’iy intellekt" ilmiy-ta’lim maktabi vakillari I- turdag qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun prolongatsiyalangan (tungi) insulinning optimal dozalarini hisoblashning yangi usulini taklif qilishdi. Sun’iy intellekt usullaridan foydalangan holda ishlab chiqilgan tizim davolash aniqligini oshiradi va gipoglikemiya hamda giperglikemiya xavfini kamaytiradi," - deyiladi universitet xabarida. Qandli diabetning I- turi surunkali kasallik bo‘lib, qondagi qand miqdorini doimiy nazorat qilish va insulinni inyeksiya qilishni talab qiladi. Dozalashdagi xatolar hayot uchun xavfli holatlarga olib kelishi mumkin. Insulin hajmini hisoblash har bir odamning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Olimlar tomonidan ishlab chiqilgan tizim glyukoza darajasining o‘zgarishi va bemor tomonidan ilgari qilingan inyeksiyalar hajmi haqidagi ma’lumotlardan foydalangan holda tungi dozalarni hisoblab beradi. Taklif etilayotgan sun’iy intellekt modelini qondagi glyukoza darajasini monitoring qilish uchun mobil ilovalarga integratsiya qilish mumkin. Usul bir nechta neyron tarmoq arxitekturalariga asoslangan bo‘lib, ular tizimga tibbiy ma’lumotlardan o‘rganish va aniq dozalash imkonini beradi. Mualliflar tadqiqotning keyingi bosqichlarida insulin sezuvchanligiga ta’sir qiluvchi preparatni qabul qilish arafasida jismoniy yuklamani hisobga olish, shuningdek, uzoq muddat ta’sir qiluvchi insulinning yuqori dozalarini qabul qilish tufayli Somodji sindromini bashorat qilish qobiliyati kabi parametrlarni qo‘shish orqali tizimni takomillashtirish imkoniyatlarini o‘rganishni maqsad qilgan.

  • 5 Noyabr, 14:50
  • Batafsil
not found

COVID-19 ning yana bir yangi xavfli oqibati aniqlandi

Albert Eynshteyn tibbiyot kolleji olimlari COVID-19 bilan kasallanish dislipidemiya rivojlanish xavfini oshirishi mumkinligini aniqladi, bu holat qonda lipidlar (yog‘lar) ning anomal darajasi bilan bog‘liq. Tadqiqot natijalari Journal of Clinical Investigation jurnalida chop etildi. Lipidlar barcha tirik hujayralarda mavjud bo‘lgan yog‘lar va yog‘ga o‘xshash moddalarning katta guruhidir. Ular energiyani saqlash, hujayralararo signallarni uzatish va hujayra membranalarini (devorlarini) yaratish uchun zarurdir. Yog‘ almashinuvi qanday ishlashini tekshirish va yurak-qon tomir kasalliklarini rivojlanish xavfini baholash uchun shifokorlar lipid profilini aniqlash uchun qon topshirishni taklif qilishadi. Lipid profili odatda triglitseridlarni, umumiy xolesterinni va turli zichlikdagi lipoproteinlarni (LPVP va LPNP) o‘z ichiga oladi. 200 ming ko‘ngillilar ishtirok etgan tadqiqotda olimlar koronavirus infeksiyasi qon lipidlarini tartibga solishga qanday ta’sir qilishini kuzatdi. Olimlar har bir ishtirokchining pandemiyagacha bo‘lgan uch yil davomida (2017-2019) qon lipid profili bo‘yicha ma’lumotlarini to‘plashdi. Keyin tadqiqotchilar shu guruhda 2020-2022-yillarda dislipidemiyaning tarqalishiga baho berishdi, tahlildan ilgari lipid almashinuvining buzilishi tashxisi qo‘yilgan odamlar (shuningdek, lipidlarni kamaytiradigan dorilarni qabul qiladigan odamlar) tahlili hisobga olinmadi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, COVID-19 dislipidemiya xavfini o‘rtacha 29% ga oshiradi. Ushbu patologiyani rivojlanish ehtimoli 65 yoshdan oshgan odamlarda yuqori. Shuningdek, diabet, semizlik, yurak-qon tomir kasalliklari, surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi va gipertoniya bilan og‘rigan odamlar xavf ostida. Olimlar dislipidemiya yurak xuruji va insultning asosiy xavf omillaridan biri ekanligini ta’kidladilar. Gap shundaki, yog‘ga o‘xshash ba’zi moddalarning ortiqcha (yoki yetishmasligi) aterosklerotik blyashk hosil bo‘lishiga olib keladi. Yog‘ laxtasi kattalashib, beqarorlashganda, tromb hosil bo‘ladi va qon tomir spazmi paydo bo‘ladi. Bu qon oqimiga to‘sqinlik qiladi va qon tomir kasalliklari uchun qulay sharoit yaratadi. 

  • 5 Noyabr, 11:45
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech