09:52 (24.06.2024)
1618
Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti (JSST) 2-toifa diabet va baʼzi mamlakatlarda semirishni davolashda ishlatiladigan soxta semaglutid preparatlari haqida ogohlantirdi.
Hisobotda aytilishicha, 2023 yil oktyabrda Braziliyada, 2023 yil oktyabrda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligida va 2023 yil dekabrda Аmerika Qoʼshma Shtatlarida semaglutid asosidagi dori vositalarining (savdo nomi "Ozempik") uchta qalbaki partiyasi aniqlangan.
2022 yildan boshlab dunyoning barcha mintaqalarida soxta semaglutid asosidagi mahsulotlarni aniqlash boʼyicha Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining sifatsiz va soxtalashtirilgan tibbiy mahsulotlarni nazorat qilish va monitoring qilish global tizimiga murojaatlar soni koʼpaygan.
Ushbu ogohlantirish JSST tomonidan olingan bir qator hisobotlar tasdiqlanganidan keyin ushbu mavzu boʼyicha eʼlon qilingan birinchi rasmiy bayonotdir.
«Biz dori vositalari muomalasining barcha subʼektlarini shubhali dori vositalaridan foydalanishni toʼxtatishga va tegishli organlarga xabar berishga chaqiramiz»- dedi JSST Bosh direktorining muhim dorilar va sogʼliq uchun mahsulotlar boʼyicha yordamchisi doktor Yukiko Nakatan.
Semaglutidga asoslangan dorilarning koʼpchiligi haftalik teri ostiga yuborish uchun buyuriladi. Baʼzi dorilar kunlik ogʼiz orqali yuborish uchun tabletka shaklida ham mavjud. Bu dorilar qonda qand darajasini pasaytirishdan tashqari, ishtahani bostirishi koʼrsatilgan, shuning uchun baʼzi mamlakatlarda vazn yoʼqotish uchun tobora koʼproq ommalashmoqda.
JSST ushbu dorilarga boʼlgan talabning oshishini va ularning qalbakilashtirilganligi haqidagi xabarlarning koʼpayishi mumkinligini qayd etdi. Ushbu soxta dori-darmonlarni qabul qilish sogʼliq uchun zararli taʼsir koʼrsatishi mumkin; agar ular zarur faol moddalarni oʼz ichiga olmasa, soxta dorilar qon glyukoza darajasini yoki tana vaznini pasaytirishda samarasiz boʼladi, boshqa hollarda, inʼektsiya moslamasi maʼlum boʼlmagan faol moddalarni oʼz ichiga olishi mumkin,masalan, insulinni bu esa sogʼliq uchun oldindan aytib boʼlmaydigan oqibatlarga yoki asoratlarga olib kelishi mumkin.
Semaglutidga asoslangan preparatlar ularning yuqori narxi tufayli hozirda diabetni davolash uchun JSST tomonidan tavsiya etilgan dorilar roʼyxatiga kiritilmagan.
JSST tomonidan sogʼligʼini qalbaki dori vositalaridan va ularning zararli taʼsiridan himoya qilish uchun bemorlarga dori-darmonlarni faqat litsenziyaga ega dorixonalardan, shifokorning retsepti bilan sotib olish va nomaʼlum yoki tekshirilmagan yetkazib beruvchilardan, masalan, internet orqali sotib olmaslik tavsiya etiladi. Shuningdek, dori vositalarining qadoqlanishi va yaroqlilik muddatini muntazam tekshirib turish, dorilarni shifokor koʼrsatmasi boʼyicha qabul qilish kerakligi aytib oʼtilgan.