12:26 (15.11.2023)

1047

“Antistrumin” voqeasi: Amrillo Inoyatov bolalarga yod preparati yuqori dozada berilganini tan oldi

Sog‘liqni saqlash vaziriga ko‘ra, mazkur holat bilan bog‘liq bo‘lgan barcha mas’ul xodimlar hozirda qonun oldida javob berishni boshlagan.

Namanganda bolalarning zaharlanishi holatiga ularga yod preparatining yuqori dozada berilgani sabab bo‘lgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi axborotida ma’lum qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning “Mamlakatimizda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning holati va istiqboli to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi. Vazir o‘z axborotida tibbiyot sohasida amalga oshirilgan ishlar qatorida “Dok-1 Maks” hamda Namangandagi bolalarning zaharlanish voqeasiga ham to‘xtalib o‘tgan.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Antistrumin voqeasini olaylik, vazirlik yuz foiz tan olyapti bu peredozirovka ekanligini. Bu holat bilan bog‘liq bo‘lgan barcha mas’ul xodimlar hozir qonun oldida javob berishni boshlayapti va albatta javob beradi ham.

Bundan bu yog‘iga bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikni shaxsan men vazir sifatida zimmamga olaman. Tizimda kamchilik va muammolar juda ko‘p yig‘ilib qolgani uchun tizimli yondoshuvni boshlaganmiz”, deya ta’kidlagan Amrillo Inoyatov.

Antistrumin voyeqasi

20 sentabrdan O‘zbekistonda “Yorqin millat” dasturi bo‘yicha bolalarni yod bilan ta’minlash ishlari boshlangandi. Yod preparatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimi orqali 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar uchun bepul taqdim etilishi ko‘zda tutilgandi.

21 sentabr kuni Namangan viloyati Chust tumanidagi bog‘chaning ayrim tarbiyalanuvchilari orasida tana harorati ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgani xabar berildi. Dastlabki shikoyat bo‘yicha 5 nafar bola shifoxonaga olib kelingan. So‘ngra jami 71 nafar bolaning sog‘lig‘idan shikoyatlar qayd etilgan va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Keyinchalik Namanganda 450 nafar bola kasallangani ma’lum bo‘ldi. Buning ortidan maktab va bog‘chalarga tarqatilgan yod preparati iste’moli to‘xtatildi hamda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech