12:40 (22.04.2024)

180

Har yili qaysi shifokor koʼrigidan oʼtish va qanday tahlillar topshirish kerak?

Koʼpgina kasalliklarning boshlanishi alomatlarsiz kechishi, ogʼriq muammo jiddiylashgandagina paydo boʼlishi mumkin. Shu sababli oʼz vaqtida oʼtkazilgan tibbiy tekshiruv va tahlillar xastaliklarni hali belgilari namoyon boʼlmasdan avval aniqlashga yordam beradi.

Har bir inson hech boʼlmaganda yilda bir marta oʼtishi kerak boʼlgan 10 ta tekshiruv va tahlillarni keltirib oʼtmoqchimiz.

Oilaviy shifokor tekshiruvi
Odatiy qabul davomida boʼy, vazn, arterial qon bosimi oʼlchanadi, qanday shikoyatlar borligi soʼraladi. Ushbu dastlabki tekshiruv shifokorga fuqaro uchun mutaxassislar va tahlillarning individual roʼyxatini yaratish imkonini beradi. Yaʼni, shaxsning holatiga qarab, keyingi tahlillar uchun kerakli mutaxassislarga yuboradi.

Umumiy qon tahlili
Bu tahlil, birinchi navbatda, organizmda yalligʼlanish jarayonlari mavjudligini tekshirishga yordam beradi. Uning natijalariga koʼra, qon kasalliklari yoki kamqonlik, ichki qon ketish, yurak-qon tomir, autoimmun, saraton va boshqa xastaliklar bor-yoʼqligiga ishoralarni koʼrish mumkin boʼladi. Аgar muammo aniqlansa, shifokor qoʼshimcha tahlillarni buyuradi.

Qondagi qand miqdorini aniqlash
Yilda bir marta hamma uchun bunday tekshiruvdan oʼtish tavsiya etiladi. Аmmo 45 yoshdan oshgan va ortiqcha vaznga ega boʼlganlar uchun bu, ayniqsa, muhimdir. Аgar qand miqdori yuqori yoki past boʼlsa, shifokor bemorni endokrinolog va boshqa tor soha mutaxassislari koʼrigiga yuboradi.

Qon biokimyoviy tahlili
Uning natijalariga koʼra, ichki organlar — yurak, jigar, buyraklar, oshqozon osti bezi va boshqalarning normal ishlashi aniqlanadi. “Biokimyo” umumiy qon tahliliga qaraganda koʼproq maʼlumot bera oladi. Uning yordamida aynan qaysi organda muammo borligini aniqlash mumkin. Zarur hollarda qoʼshimcha tekshiruvlar, jumladan, PZR testlari va ulьtratovush tekshiruvi buyuriladi.

Umumiy peshob tahlili
Baʼzi kasalliklarni peshob rangi, uning shaffofligi va choʼkindi mavjudligidan bilish mumkin. Bunday tekshiruv tufayli siydik yoʼli tizimi (shu jumladan buyraklar) va boshqa kasalliklar bilan bogʼliq muammolarni koʼrsatadigan yalligʼlanish jarayonlari aniqlanadi. Umumiy peshob tahlili natijalari kasalliklarni aniqlashga yordam beradi, biroq u bilan toʼliq tashxis qoʼyib boʼlmaydi.

Elektrokardiogramma
Kardiogramma lentasidan 500 ga yaqin yurak kasalliklarini aniqlash mumkin. Bundan tashqari, kardiogrammadan nafaqat boshdan kechirilgan yurak xastaliklari, balki kelajakda tahdid solishi mumkin boʼlgan muammolarni ham baholash uchun foydalanish mumkin. Masalan, yurak xuruji xavfi haqida ham bilsa boʼladi.

Flyuorografiya
Аfsuski, sil kasalligining dastlabki bosqichlarida hech qanday alomat boʼlmasligi mumkin. Аmmo bu xavfli kasallik erta aniqlansa, uning rivojlanishini toʼxtatish mumkin. Zamonaviy apparatlar yuqori sifatli tasvirlarni taqdim etadi, shuning uchun kasallik haqida oʼz vaqtida bilish hozir ancha qulay.

Gastroskopiya
Bu yoqimsiz tekshiruv oshqozon va oʼn ikki barmoqli ichak kasalliklari — gastrit, oshqozon yarasi yoki oʼsma kabilarni koʼrish imkonini beradi. 45 yoshdan oshganlar va xavf ostida boʼlganlar (chekuvchilar, spirtli ichimliklar, fastfud va qahvani sevuvchilar) bu tekshiruvdan har yili oʼtganlari maʼqul.

Oftalmolog koʼrigi
Yaqin va uzoqni koʼra olmaslik hamda astigmatizm kabi holatlarda, hatto, koʼrish qobiliyati yomonlashmagandek tuyulsa ham, har yili ushbu mutaxassis tekshiruvidan oʼtib turish maqsadga muvofiq. Hatto koʼzlari yaxshi koʼradiganlar ham yilda bir marta oftalьmolog koʼrigiga borganlari maʼqul. Bunda shifokor nafaqat koʼrish qobiliyatini tekshiradi, balki koʼz tubi holati va koʼz ichki bosimini ham oʼlchaydi. Ushbu manipulyatsiyalar soʼqirlikka olib keluvchi glaukoma va katarakta xavfini oʼz vaqtida aniqlashga imkon beradi.

 “Erkaklar” va “ayollar” shifokorlari koʼrigi
Koʼpchilik bunday tekshiruvlarni zarur emas deb hisoblaydi. Аmmo ayollar uchun ginekolog va mammolog, erkaklar uchun urolog va proktolog koʼrigidan oʼtib turish saraton va boshqa koʼplab kasalliklarni oʼz vaqtida aniqlash va muvaffaqiyatli davolash imkonini beradi. 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech