10:30 (27.12.2022)

1982

Dok-1 Maks siropi oʼrganish natijalari: Jinoyat alomatlari mavjud, barcha masʼullar ishdan olindi, materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi

Samarqand shahrida Dok-1 Maks dori vositasini qabul qilish natijasida bolalarda turli nojoʼya taʼsirlar kuzatilgani haqida xabar berilgan edi. 

Holat yuzasidan Sogʼliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʼiga asosan maxsus ishchi guruh aʼzolari tomonidan joyiga chiqqan holda xizmat tekshiruvi oʼtkazildi.

Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositaci mamlakatimizda 2012 yildan roʼyxatga olinib, shu yildan savdoga chiqarilgan. Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi bergan maʼlumotga koʼra, har bir dori seriyalari tekshirilib, ularga muvofiqlik sertifikati berilgan. Yurtimizga ushbu preparat “Quramax Medical” MChJ tomonidan import qilingan.

Tekshiruv jarayonida mamlakatimizda oʼtkir respirator kasalliklarga chalingan 21 nafar bolaning 18 nafarida Dok-1 Maks siropini ichish natijasida oʼlim holati aniqlandi.

Vafot etgan bolalar statsionar davolanishga kelguniga qadar ushbu preparatni uy sharoitida boshqa dorilar bilan birga, 2-7 kun davomida, kuniga 3-4 mahal 2,5-5 millilitrgacha qabul qilgan. Tabiiyki, bu bolaga meʼyoridan ancha ortiq miqdor hisoblanadi.

Barcha bolalarga preparat shifokorlar retseptisiz berilgan. Dori vositasi tarkibidagi asosiy modda paratsetamol boʼlgani uchun Dok-1 Maks siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida notoʼgʼri qoʼllanilgan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab boʼlgan.

Vaholanki, paratsetamol faqat tana harorati 38-38,5 darajadan yuqori boʼlgandagina kuniga 1 yoki 2 marta 1 yoshgacha bolaga 100-125 milligramm, 1 yoshdan 3 yoshgacha 200 milligramm, 3 yoshdan 5 yoshgacha bolalarga esa 250 milligramm dozada berilishi kerak. Tana harorati meʼyorida boʼlganda ushbu dori vositasini isteʼmol qilish qatʼiyan man etiladi.

Bundan tashqari, olib borilgan dastlabki laborator oʼrganishlar Dok-1 Maks siropining ushbu seriyasi tarkibida etilenglikolь mavjudligini ham koʼrsatdi. Ushbu modda zaharli boʼlib, taxminan 1-2 ml/kg 95 foiz kontsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy oʼzgarishlarni, yaʼni qusish, xushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va oʼtkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi.

Vazirlik ishchi guruhi oʼrganish davomida aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlari eʼtiborga olinib, xizmat vazifasiga loqayd va beeʼtibor munosabatda boʼlgani, bolalar oʼlimi tahlilini oʼz vaqtida yuritmagani va kerakli choralarni koʼrmagani uchun 7 nafar masʼul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi va qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qoʼllanildi.

Toʼplangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Аyni paytda Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositalari yurtimizdagi barcha dorixonalar savdosidan oʼrnatilgan tartibda qaytarib olingan. Oʼrganish materiallari asosida aniqlangan kamchiliklar, tibbiyot xodimlarining masʼuliyati masalasi Sogʼliqni saqlash vazirligining alohida Hayʼat yigʼilishida koʼrib chiqiladi.

Shu oʼrinda vazirlik ota-onalardan farzandlari salomatligiga befarq boʼlmasliklarini, dorixonalardan faqat shifokor retsepti bilangina dori vositalarini xarid qilishlarini soʼrab qoladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech