12:40 (27.11.2023)

679

Dori vositalari, biologik faol qoʻshimchalar reklamasida 809 ta qonun buzilishi holatlari aniqlangan

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida oʻrganish yakunlariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Taʼkidlanganidek, televideniyedagi reklama boshqa dasturlardan oʻzining boshlanishi va oxirida audio-, video-, aralash vositalar yoki boshlovchilarning sharhlari yordamida ajratib qoʻyilishi holati yuzasidan joriy yilning oʻtgan davrida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida 15 ta holatda reklama bloklari teleboshlovchilarning sharhlarisiz joylashtirilgani kuzatilgan.

Shuningdek, telekoʻrsatuvlar (konsert-tomosha va sport dasturlari, kino- va telefilmlar) namoyishi davomida bir nechta reklama bloklarini joylashtirilishi bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga va keng jamoatchilikning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Joriy yilning iyul-avgust oylarida esa 8 ta telekanaldan reklama uchun ajratilgan efir vaqtining kunlik hajmiga 15 foiz nisbatan qoʻyilgan talablarga rioya qilinmagan.

Dori vositalari, biologik faol qoʻshimchalar (BFQ) va boshqa (ozdiruvchi, semirtiruvchi) preparatlarga oid tovarlar reklamasini qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda 809 ta, xalq tabobati tovarlari reklamasini qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda 29 ta, energetik ichimliklarning reklamasini qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda 133 ta qonun buzilishi holatlari aniqlangan va Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan ogohlantirishlar berilgan.

Qizgʻin savol-javoblar davomida deputatlar tomonidan televideniye orqali tarqatilayotgan reklamaning davomiyligiga qoʻyilgan talabga rioya etilishi, reklama faoliyat subyektlari tomonidan televideniyeda reklamani tarqatishning taqiqlangan usullaridan foydalanish, televideniye orqali tarqatilayotgan reklamada voyaga yetmaganlar huquqlarini taʼminlash talablariga rioya etilishi holati yuzasidan qator savollar berildi.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi masʼullari koʻtarilgan har bir savol boʻyicha asoslantirilgan javoblar berdilar.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech