18:05 (15.08.2024)

247

Dori vositalarni dorixonadan boshqa joyda sotish mumkinmasmi?

Bu savolga Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori maslahatchisi Muhabbat Ibragimova javob berdi:

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan, "Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizomning 10-bandiga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni dorixonalardan tashqarida sotish taqiqlangan. Va bu borada qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

Jumladan:

♦ Agar dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilingan dori vositasi tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lmasa, bu holat bo‘yicha (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 165¹-moddasiga muvofiq) — mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari va ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

♦ Shuningdek, dorixonalar va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilingan dori vositalari tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lsa, hamda shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa (Jinoyat kodeksining 186³-moddasiga muvofiq), — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ma’lumot o‘rnida, Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentyabrdagi 818-son qarori bilan tasdiqlangan bo‘lib, unda 78 turdagi kuchli ta’sir qiluvchi modda jumladan, 4 turdagi “Zaleplon”, “Pregabalin”, “Tropikamid”, “Siklopentolat” dori vositalari o‘rin egallagan.

Shu o‘rinda yurtimizdagi barcha dorixona xodimlaridan o‘z faoliyatlarini amalga oshirishda dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibiga qat’iy rioya qilishlarini so‘rab qolaman.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech