16:12 (15.08.2024)

849

JSST Afrikada maymun chechagi epidemiyasini favqulodda holat deb e’lon qildi

Mpox (maymun chechagi) virusi so‘nggi oylarda yana global xavf omiliga aylandi. Afrika, Yevropa, Janubiy va Shimoliy Amerika mintaqalarida kasallanish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshdi.

Ayniqsa, Kongo Demokratik Respublikasida epidemiologik vaziyat keskinlashdi. Bu yerda yil boshidan buyon 13,7 mingdan ortiq kishi virusning yangi shtammini yuqtirib, ulardan 450 nafari vafot etdi. Keyin xavfli infeksiya Markaziy Afrika Respublikasi, Burundi, Keniya, Ruanda va boshqa mamlakatlar bo‘ylab tarqala boshladi.

JSST rahbari Tedros Gebreyesus joriy yil birinchi yarmida kasallanishlar soni o‘tgan yilga nisbatan oshib ketganini ma’lum qilib, tashkilotning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishini chaqirishga qaror qildi.

Hozirda JSST tomonidan virus bilan kurashish uchun 1.5 mln dollar ajratilgan va yaqin kunlarda yana mablag‘ yo`naltirish ko`zda tutilgan. JSSTning javob berish rejasi dastlabki 15 million dollarni talab qiladi va agentlik homiylarga murojaat qilishni rejalashtirmoqda.

Xalqaro ekspertlardan tarkib topgan ushbu tuzilma majlisi kuni kecha bo‘lib o‘tdi. Uning yakunida mpox epidemiyasi Afrika mintaqasida global favqulodda holat deb e’lon qilindi.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, hozir kuzatilayotgan yangi shtamm virusning avvalgi variantlariga nisbatan bir muncha xavfli. Xususan, uni yuqtirgan bemorlarda o‘lim darajasi 10 foizgacha yetmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti epidemiyani favqulodda holat deb e’lon qilish orqali nafaqat Afrika, balki boshqa mintaqalarda ham kasallikni jilovlash va asoratlarini kamaytirish, jumladan, emlash chora-tadbirlarini kuchaytirishni maqsad qilgan. 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech