15:00 (01.11.2023)

1123

Reimbursatsiya bo`yicha dorilarni qayerdan olsa bo`ladi

Reimbursatsiya – bemorga oilaviy shifokor yozgan elektron retsept asosida dorixonalar orqali dori vositalarini bepul olish imkonini beruvchi tizim hisoblanadi. U tajriba-sinov tariqasida oʼtgan yili Sirdaryo viloyatida, joriy yilda esa Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi tibbiyot birlashmasi tizimidagi muassasalarda ham joriy qilindi.

"Dori-Darmon" aktsiyadorlik kompaniyasi tizimidagi "Sirdaryo Dori-Darmon" masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 40 ta, shuningdek kompaniyaga qarashli Toshkent shahridagi 3 ta dorixona va dorixona shoxobchalari reimbursatsiya tizimiga ulangan.

Toshkent shahrida reimbursatsiya tizimiga ulangan dorixonalar:

• 36/1-sonli shoxobcha. Yunusobod tumani, 51-sonli oilaviy poliklinikada joylashgan.
• 36/3-sonli shoxobcha. Yunusobod tuman koʼp tarmoqli markaziy poliklinikada joylashgan.
• 27-sonli dorixona. Yunusobod tumani, Аhmad Donish koʼchasida joylashgan.

Dispanser nazoratida turgan bemorlar oilaviy shifokorlariga murojaat etib, elektron retsept asosida dorixonalardan dori vositalarini bepul olishlari mumkin.

Bunday dori vositalari quyidagi kasalliklarga chalingan bemorlarga beriladi:

• Gipertoniya va yurak ishemik kasalligi;
• Qandli diabetning 2-turi;
• Bronxial astma;
• Oʼpkaning surunkali obstruktiv kasalligi.

Surunkali kasalliklar uzoq muddat davolanishni talab etadi, lekin koʼp bemorlar dori vositalarini doimiy xarid va muntazam qabul qilmaydi. Ushbu tizim orqali bemorlar uzluksiz dori vositalari bilan taʼminlanadi, bu oʼz oʼrnida kasalliklar asoratini va nogironlikni kamayishiga olib keladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech