09:00 (25.06.2024)

174

Jigar uchun foydali bo`lgan 10 ta mahsulot

Jigar – inson organizmidagi eng muhim organlardan biri. U qonni zararli moddalardan tozalab, tanada vitamin va minerallarni saqlaydi. Shuningdek, yalligʼlanishni nazorat qilib, energiya ishlab chiqaradi.

Quyida jigar uchun eng foydali boʼlgan 10 ta mahsulot haqida maʼlumot beramiz.

1. Qovoq. Bu mahsulot beta-karotinning boy manbai hisoblanib, ushbu modda jigarni himoya qilishga yordam beradigan kuchli antioksidant hisoblanadi. Undagi S, Ye, kaliy, magniy va temir kabi muhim vitamin va minerallar jigar faoliyatini yaxshilaydi va uning himoya mexanizmlarini mustahkamlaydi.

Qovoqda koʼp miqdorda suv va tola boʼlib, ular jigarni tozalashga yordam beradi va zararli moddalarni organizmdan chiqarib tashlashni tezlashtiradi. Shu bilan birga, yogʼ miqdori kam va past kaloriyali bu mahsulot jigarga ortiqcha yuk tushishining oldini oladi.

2. Turshak. U jigar faoliyatini yaxshilab, detoksikatsiya qobiliyatini oshiradi. Turshak tarkibidagi silimarin moddasi ushbu organni mustahkam himoyalaydi.

3. Sut mahsulotlari. Yogurt, qatiq va boshqa sut mahsulotlari probiotiklarga boy. Ular ichak mikroflorasini muvozanatlashtirishga yordam beradi. Hazm tizimi yaxshi ishlasa, jigarga tushadigan yuk kamayadi. Natijada organizm toksinlarni tez va samarali chiqarib tashlaydi.

4. Brokkoli. Jigar uchun foydali boʼlgan ushbu sabzavot antioksidantlarga boy. Undagi sulьforafan moddasi jigarni zararli moddalardan himoyalab, yalligʼlanish jarayonlarini sekinlashtiradi.

Qolaversa, brokkoli diindolilmetan va glyukorafanin kabi tabiiy birikmalar bilan jigar holatini yaxshilaydi. Bu moddalar saratonga qarshi xususiyatlar bilan bogʼliq va tabiiy detoksikatsiya jarayonini qoʼllab-quvvatlaydi.

5. Zaytun yogʼi. U antioksidantlarga boy va jigarni erkin radikallardan asraydi. Undagi olein kislotasi yalligʼlanishni kamaytirib, jigar hujayralarini himoya qiladi. Shuningdek, zaytun yogʼi organizmdagi “yomon” xolesterinni kamaytirib, “yaxshi” xolesterinni oshiradi.

6. Yogʼli baliqlar. Ushbu mahsulot omega-3 yogʼ kislotalariga boy boʼlib, jigardagi yalligʼlanishni kamaytiradi. Undagi D, V12 vitaminlari, selen va yod moddasi organ faoliyatini yaxshilaydi. Qolaversa, yogʼli baliqlar sifatli protein manbai hisoblanadi. Protein esa jigar hujayralarining tiklanishi va yangilanishida muhim hisoblanadi.

7. Qizil lavlagi. Uning tarkibidagi betanin moddasi jigar faoliyatini yaxshilab, detoksikatsiya qobiliyatini oshiradi.

8. Yongʼoqlar. Bodom va yongʼoq omega-3 yogʼ kislotalari va Ye vitaminiga boy. Ular jigarni zararli moddalardan himoya qilib, yalligʼlanishni kamaytiradi.

9. Sarimsoq piyoz. Ushbu mahsulot jigarni detoksikatsiya qilishga yordam beradi. Oxirgi tadqiqotlar shuni koʼrsatadiki, u semirishning oldini oladi va tana vaznini kamaytirishga yordam beradi.

10. Suli yormasi. Yuqori darajada tolalarga boy boʼlgan ushbu mahsulot hazm qilish tizimini yaxshilab, toksinlarni organizmdan chiqarishga yordam beradi. Bu esa jigarga tushadigan yukni kamaytirib, uning faoliyatini yaxshilaydi. 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech