16:00 (12.01.2023)

1989

JSST «Dok-1 Maks» va «Аmbronol» dorilari xavfidan ogohlantirdi

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti 11 yanvarь kuni Hindistonning Marion Biotech ishlab chiqaruvchisining «Dok-1 Maks» va «Аmbronol» siroplari sifat standartlariga mos kelmasligi haqida ogohlantirish eʼlon qildi. Bu dorilar Oʼzbekistonda kamida 20 nafar yosh bolaning oʼlimiga sabab boʼlgan.

JSST holat boʼyicha xabarnomani Oʼzbekistondan 22 dekabrь kuni olganini bildirdi. Tashkilot ikkita dori vositasini «standartga nomuvofiq boʼlgan suyuq dori vositalari (kontaminatsiyalangan)» roʼyxatiga kiritdi. «Bugungacha ishlab chiqaruvchi JSSTga ushbu mahsulotlarning xavfsizligi va sifati haqida kafolat bermagan», deyiladi bayonotda.

JSST Oʼzbekiston Sogʼliqni saqlash vazirligi Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi tomonidan oʼtkazilgan tahlillarda preparatlar tarkibida koʼp miqdorda dietilenglikolь va etilenglikolь topilganini qayd etdi.

«Ushbu mahsulotlarning ikkalasi ham boshqa mamlakatlarda [JSSTning Yevropa mintaqasida] sotish uchun tasdiqlangan boʼlishi mumkin. Shuningdek, dorilar boshqa mintaqalardagi norasmiy bozorlar orqali ham tarqatilgan boʼlishi ehtimoldan xoli emas», — deydi tashkilot.

JSST xabarnomasida dietilenglikolь va etilenglikolь odamlar uchun zaharli hisoblanishi va qabul qilingan taqdirda, oʼlimga olib kelishi mumkinligi aytib oʼtilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech