14:30 (01.05.2023)
2534
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʼmitasi tomonidan «FAIR TECH» yagona axborot tizimi doirasida alohida modul ishlab chiqildi.
Bundan koʼzlangan asosiy maqsad isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va farmatsevtika sohasida qonunchilik meʼyorlarining isteʼmolchi foydasiga ishlashini interaktiv usullarda nazorat qilishdan iborat.
Ushbu yangi tizim boʼyicha murojaatlarni koʼrib chiqish onlayn tarzda tezkor amalga oshiriladi hamda korruptsiyani keltirib chiqarishi mumkin boʼlgan holatlar oldi olinadi. Shuningdek, sohada yangi yoʼnalish sifatida isteʼmolchilarga yetkazilgan zararni qoplashning taʼsirchan mexanizimi joriy etiladi. Bunining huquqiy asosi, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26-oktabrdagi PQ-411- sonli «Аholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash yuzasidan qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi qaroriga muvofiq belgilangan.
Yangi tartibga koʼra, 2023 yil 1 maydan isteʼmolchilar tomonidan dorixonalarda xarid qilingan dori vositalari va tibbiy buyum xarid cheklarning QR-kodi «Soliq» mobil ilovasida roʼyxatdan oʼtkazilganda belgilangan ustamalardan ortiqcha mablagʼ olinganligi aniqlansa, avtomatik ravishda Raqobat qoʼmitasiga xabar yuborilib, ortiqcha olingan mablagʼni isteʼmolchiga qaytarish tizimi ishga tushirilmoqda. Hozirda tarmoq Soliq qoʼmitasi hamda Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligining elektron tizimlari bilan oʼzaro integratsiya qilingan va hamkorlikdagi oʼzaro maʼlumotlar almashinuvi boʼyicha ishlaydi. Sifatli monitoring tizimini samarali ishlashi hamda texnik jihatdan ishlarni tezkor va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Raqobat qoʼmitasining hududiy boshqarmalari planshetlar bilan taʼminlandi.
Maʼlumot uchun, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Аholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi (30.10.2016 yildagi PQ-2647-sonli) qaroriga muvofiq, dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼiy nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq boʼlmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qoʼllash tartibi belgilangan.