11:58 (24.10.2023)

1300

Mamlakatimizda dorivor o‘simliklardan qanchalik samarali foydalanilmoqda?

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Dorivor o‘simliklar va ulardan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi Shukurilloh Sunnatov sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.

– Kasal bo‘lgan bemor dorixonaga yuguradi va tavsiya etilgan dorini olib ichishga harakat qiladi, – deydi Shukurulloh Sunnatov. – O‘z vaqtida tabiat ne’matlariga murojaat qilishni unutib qo‘yamiz. Misol uchun, O‘zbekistonda o‘sadigan oddiygina na’matakning qanchalik ko‘p xususiyatlari borligidan hatto bexabarlar ham bor. Na’matak inson tanasini shamollashdan xalos etadigan eng samarali dori vositasidir. Tabiiy dorivor o‘simliklarning ta’siri birdan bilinmasligi mumkin. Shifobaxsh o‘tlar inson organizmiga sekin-sekin yordam beradi. Dorivor, shifobaxsh o‘tlardan nafaqat kasal bo‘lganda, balki profilaktika sifatida foydalanish tavsiya etiladi.

Mavjud qonunchilikka ko‘ra, 2026 yilgacha mahalliy dori vositalarini ishlab chiqarishni 3 barobarga oshirish vazifasi belgilangan. Shuningdek, mahalliy mahsulotlar ichki bozorning 80 foizini egallashi ko‘zda tutilgan. Farmatsevtika sanoatida kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan maqsadli investitsiya loyihalari dasturi tasdiqlangan. Tegishli hujjatlar bilan dori vositalari ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mahalliy korxonalarning GMP sertifikatini olish bilan bog‘liq xarajatlari Farmatsevtika agentligi tomonidan qoplab beriladi. Korxonalarni modernizatsiya qilishni moliyalashtirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi ishtirokida amalga oshiriladi. Dorivor o‘simliklarni yetishtirishda har 10 gektar plantatsiyalarga suv chiqarish uchun 600 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi. Dorivor o‘simliklar plantatsiyalariga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dorivor o‘simliklarni urug‘chiligidan to qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayonga mas’uliyatni kuchaytirish davr talabidir. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahalliy dori vositalari uchun xom ashyo asosan O‘zbekistonning o‘zida yetishtiriladi. Aynan O‘zbekistonda yetishtirilayotgan o‘simliklarning xususiyati boshqa davlatlarda yetishtirilayotgan o‘simliklardan ancha yuqoriligi o‘z isbotini topgan. Mahalliy florada 4 mingdan ortiq dorivor o‘simliklaring turi mavjud bo‘lib, shundan 112 tasi ro‘yxatga olingan. O‘simliklaring 70 turi dorivor o‘simlik sifatida qayd etilib, qayta yetishtirilib, mahalliy dori vositasi sifatida foydalanilmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech