15:03 (23.11.2023)

737

Mutaxassis: Аnafilaksiya va anafilaktik shok hayot uchun oʼta xavfli

Bir dori ikki bemorga ikki xil taʼsir koʼrsatishi mumkin. Biri shu malham tufayli kasallikdan xalos boʼlsa, boshqasi hayotini xavf ostida qoldirishi hech gap emas. Baʼzi oziq-ovqat mahsulotlari haqida ham shunday xulosa qilsa boʼladi.

Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova shu kabi ogʼir holatlarni keltirib chiqaruvchi anafilaksiya va anafilaktik shok xususidagi fikr-mulohazalari bilan oʼrtoqlashdi.

— Аnafilaksiya hayot uchun xavfli boʼlgan oʼtkir allergik reaktsiya hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Uning belgilari toʼsatdan paydo boʼladi va tez rivojlanadi.

Аnafilaktik shok esa bemor allergen bilan takroran duch kelganida paydo boʼladigan anafilaksiyaning ekstremal darajasi. Bunday holatda organizm avval oʼziga aks taʼsir koʼrsatgan nomaʼlum birikmani darhol "taniydi" unga nisbatan allaqachon shakllangan fantitanalarni qalqon qiladi, yaʼni javob mexanizmini ishga tushiradi.

Shu tariqa organizm zudlik bilan gistamin, serotonin, bradikinin kabi bir qator gormonlarni ishlab chiqara boshlaydi. Oqibatda mayda tomirlarda qon aylanish jarayoni buziladi va arterial bosim keskin tushib ketadi.

Toʼqimalarga yetarli darajada kislorod yetib bormasligi oʼtkir gipoksiyani yuzaga keltirib, ichki organlar va miya faoliyatining izdan chiqishiga olib keladi. Bunday vaziyatda bemorga shoshilinch tibbiy yordam koʼrsatilmasa, u hayotdan koʼz yumishi mumkin.

Hozir dunyo aholisining 1-3 foizgacha qismi anafilaktik shok bilan roʼbaroʼ kelishi tahlil qilingan. Xavotirli jihati, bu koʼrsatkich yildan yilga ortib bormoqda.

Demak, anafilaktik shok anafilaksiya natijasida rivojlanadi va juda qisqa vaqt ichida oʼzini namoyon qiladi. Аnafilaksiya belgilari allergen turiga bogʼliq. Аmmo u keltirib chiqaradigan eng xavfli asorat qon bosimining keskin pasayishi yoki anafilaktik shok hisoblanadi.

Odatda, ilk alomatlar oʼlaroq butun tana boʼylab toshmalar paydo boʼlishi mumkin. Bunda teri rangi oʼzgarib, qizil yoki oqish tusga kiradi. Badanda qichishish va qizib ketish hissi yuzaga keladi. Til va lablar shishishi hisobiga nafas olish qiyinlashadi. Baʼzi bemorlarda qorin ogʼrigʼi, koʼngil aynishi va qayt qilish kuzatiladi.

Keyinchalik, rivojlanayotgan reaktsiya fonida qon aylanishi, nafas olish jarayoni va yurak urishi toʼxtashi kabi ogʼir holatlar qayd etilishi ehtimoli yuqori.

Аnafilaktik shok belgilari allergen tanaga kirganidan soʼng bir necha daqiqadan 2 soatgacha boʼlgan davrda namoyon boʼladi. Reaktsiya vaqti organizmning individual xususiyatlariga bogʼliq.

Tadqiqotlarga koʼra, bu muddat oziq-ovqat allergiyasida taxminan 30 daqiqa, zaharlanishda 15 daqiqa, tomir ichiga yoki mushak orasiga yuborilgan dorilarga reaktsiya jarayonida 5 daqiqani tashkil etadi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech