10:02 (29.05.2023)

2325

Notoʻgʻri tanlangan poyabzal ayrim kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin

Poyabzal xarid qilishda koʻpchilik uni kundalik ehtiyojimiz uchun zarur vosita  ekanligiga yetarlicha ahamiyat qaratmaydi. Oqibatda jimjimador va jozibador oyoq kiyim ishqibozlari orasida travmatologik va ortopedik kasalliklar avj olishi kuzatilyapti.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov notoʻgʻri tanlangan poyabzallar qanday kasalliklarga sabab boʻlishini soʻzlab berdi.

Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, poyabzal tanlash — nozik va oʻta masʼuliyatli jarayon. Chunki oyoqlar tanamizning eng muhim aʼzolaridan. Ularning haddan ziyod zoʻriqishi, jarohatlanishi, lat yeyishi va deformatsiyasi turli ogʻir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

“Yanada aniqroq aytsak, inson oyoqlari murakkab anatomik tuzilishga ega. Uning bir panjasi 26 ta suyak va koʻplab boʻgʻimlardan tarkib topgan. Notoʻgʻri tanlangan poyabzal ana shu suyak va boʻgʻimlar faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatib, bora-bora ularning deformatsiyalanishiga olib keladi”, - deydi Irismetov.

Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda yer yuzida yashovchi katta yoshli aholining 80 foizgacha qismi oyoqlar salomatligi bilan bogʻliq turli muammolardan aziyat chekib keladi. Bu yuqorida sanalgan omil bilan ham chambarchas bogʻliq.

Irismetovning taʼkidlashicha, poshnasiz, yaʼni tekis taglikli oyoq kiyimlardan uzoq vaqt foydalanish yaramaydi. Bu yassioyoqlik, plantar fassiitni keltirib chiqarishi mumkin.

Baland poshnali poyabzal ham maqbul tanlov emas. Uni kiygach, tana vazni oyoq yuzasiga notekis taqsimlanadi. Oqibatda ogʻirlik markazi oldinga siljib, bunday yuk uchun moʻljallanmagan metatarsal suyaklar va oʻsha qismdagi boʻgʻimlar zararlanadi. Bu holat mayda yoriqlar paydo boʻlishi, boʻgʻimlar yalligʻlanishi hamda nerv tomirlarining siqilishiga olib keladi. Bundan tashqari, yassioyoqlik va barmoqlar deformatsiyasi shakllanadi.

Tor poyabzal kiyish ham salomatlik uchun ziyon. Oyoqlarda qon aylanishi buziladi. Tirnoqlar ingichka va moʻrt boʻlib teri ichiga oʻsadi. Bu esa zamburugʻli kasalliklar uchun qulay “nishon”. Qolaversa, qon yaxshi aylanmasligi hisobiga shish va koʻkarish, tromboflebit hamda varikoz tomirlari kengayishi yuzaga keladi.

Sunʼiy charm va matodan ishlangan oyoq kiyimlar esa namlik va issiqlik almashinuvini izdan chiqarib, allergik reaksiyalarni paydo qilishi ehtimoli katta.

Qattiq taglikka ega poyabzallar amortizatsiya xususiyatiga ega emas. Oqibatda umurtqa pogʻonasi zoʻriqib, intervertebral disklarning patologiyasi, radikulit kasalligi rivojlanishi xavfi oshadi. Yupqa taglikli poyabzallardan uzoq muddat foydalanish ham oyoqlar yassiligi, tovonlar yorilishi, bel churrasi va artrozga olib kelishi mumkin”, - deya xulosa qildi mutaxassis.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech