15:00 (17.05.2024)

697

Olimlar eng yaxshi jismoniy faoliyat turi haqida gapirishdi

Endokrinolog Zuxra Pavlova oʼzining Telegram-kanalida amerikalik olimlarning yurish samaradorligini tasdiqlagan tadqiqoti natijalari bilan oʼrtoqlashdi. Unga koʼra, har kuni piyoda yurish turli kasalliklarning oldini olishda barchaga birdek mos boʼlgan eng samarali jismoniy faoliyat ekanligi tasdiqlangan.

Аmerikaning Nature jurnalida 41 yoshdan 67 yoshgacha boʼlgan 6042 kishi ishtirok etgan tadqiqotning soʼnggi natijalari eʼlon qilindi. Tajriba oʼrtacha 4 yil davom etdi (2,2 dan 5,6 yilgacha) va bu tadqiqot eng uzoq kuzatuvlardan biridir. Unda barcha ishtirokchilarning jismoniy faolligi fitnes-trekerlar yordamida nazorat qilindi.

Tajriba natijalari shuni koʼrsatdiki, qandli diabet, gipertoniya, depressiya, uyqudagi apnoe va gastroezofagial reflyuks kasalliklari va bosilgan qadamlar soni oʼrtasida bogʼliqlik mavjud.

Bir kunda 8200 va undan koʼp qadam yurgan shaxslarda mazkur kasalliklarning rivojlanish xavfi kamaygan. Qand kasalligi va gipertoniya bilan ogʼrigan bemorlar yuqori natijalarga erishish uchun kuniga 8000-9000 qadam yurishlari kerak.

Tana massasi indeksi (insonning boʼyi va vazni mosligi darajasini baholash) 28 (ortiqcha vazn) boʼlgan bemorlar kunlik qadamlar sonini 6000 dan 11 000 gacha oshirsa, semirish xavfini 64 foizga kamaytirishi aniqlandi.

Olimlar, shuningdek, har kuni piyoda yurishning uzoq muddatli foydasi borligini ham tasdiqladi. Koʼp yillar davomida doimiy 10 ming qadam yurish jiddiy kasalliklarga chalinish xavfini yildan yilga kamaytiradi.

Organizmning umumiy chidamliligini oshirish va yurak-qon tomir, asab kasalliklarining oldini olishda piyoda yurish sport zalidagi mashgʼulotlardan anchagina samarali va xavfsiz ekan, piyoda yurishdan toʼxtamang! — deb yozadi Pavlova. 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech