11:58 (16.02.2024)

669

Original dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar qoʼllab-quvvatlanadi

Аdliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʼzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonun (OʼRQ-908-son, 15.02.2024 y.) qabul qilindi.

Qonun bilan JSTning Xizmatlar savdosi boʼyicha bosh bitimi talablariga muvofiq chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar va mahalliy korxonalarni davlat roʼyxatidan oʼtkazganlik uchun davlat bojining miqdori birxillashtirilgan holda BHMning 1 baravari miqdorida belgilandi.

Shuningdek, milliy intellektual mulk tizimini JSTning Intellektual mulk huquqining savdo bilan bogʼliq jihatlari toʼgʼrisidagi bitimi talablariga uygʼunlashtirish maqsadida:

♦ hukumat tomonidan patent egasining ruxsatisiz undan foydalanishga ruxsat berish mumkin boʼlgan aniq holatlar hamda ularga tovon puli toʼlanishini belgilab berish;

♦ oʼzga shaxsga tegishli sanoat mulki obʼektidan (patentdan) jamoat manfaatlari uchun majburiy litsenziya asosida foydalanish huquqini olish va bunday foydalanganlik uchun patent egasiga mutanosib miqdorda tovon pulini toʼlanishiga oid alohida normalarni kiritish;

♦ patentlangan usuldan foydalanish jarayonida yuzaga keladigan nizolarda isbotlash majburiyatini aniqlashtirish;

♦ insofsiz raqobat oqibatida roʼyxatga olingan tovar belgilarini bekor qilish boʼyicha daʼvo muddatini bekor qilish;

♦ mahalliy va xorijiy talabnoma topshiruvchilarga intellektual mulk obʼektlarini davlat roʼyxatidan oʼtkazishda bir xil imkoniyat yaratish, xususan, patent boji miqdorlarini norezidentlar va rezidentlar uchun birxillashtirish, shuningdek, mazkur yangi stavkalarni jismoniy va yuridik shaxslar kesimida belgilash;

♦ ixtiro va foydali modellarni davlat roʼyxatidan oʼtkazishda II guruh nogironligi boʼlgan shaxslarga belgilangan patent bojining 90 foizi, taʼlim oluvchi shaxslarga, ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlarga 30 foizi, yuridik shaxs boʼlgan kichik tadbirkorlik subʼektlariga, davlat akkreditatsiyasidan oʼtgan taʼlim tashkilotlariga va ilmiy tashkilotlarga 25 foizi miqdorida imtiyozlar berish;

♦ original dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni qoʼllab-quvvatlash, xususan, dori vositasini yaratish jarayonida oʼtkaziladigan tadqiqotlar natijasida olinadigan klinik oldi va klinik sinovlar natijalarini himoya qilish;

♦ sanoat mulki obʼektlaridan tabiiy ofatlar, halokatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlarda foydalanilgan holatlarda ham huquq egasiga belgilangan miqdorda tovon puli toʼlanishni koʼzda tutuvchi qoidalar kiritildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech