15:00 (04.06.2024)

391

Oshqozon kichraytirish amaliyoti qachon tavsiya etiladi?

Soʼnggi vaqtlarda oshqozon qisqartirish amaliyoti orqali semizlikdan qutilish tobora ommalashib boryapti.Xoʼsh, ushbu jarrohlik operatsiyasi qanchalik xavfsiz? U qanday hollarda tavsiya etiladi?

Shu kabi savollarga akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʼrinbosari Shuhrat Hoshimov javob berdi.

— Semizlikka chalingan bemorlarning koʼpchiligi bugun parhez tutish, sport bilan shugʼullanish kabi tabiiy ozish usullaridan koʼra, tezroq natijaga erishish va muammodan qisqa muddatda xalos boʼlishni maʼqul koʼrmoqda, — deydi mutaxassis. — Qolaversa, aksariyat odamlar ortiqcha vaznga qarshi uzoq vaqt kurashgan, biroq foydasi boʼlmagan. Shu bois ular operatsiya yoʼli bilan ozishga rozi.
Аlbatta, jahon tibbiyoti uchun bariatriya, yaʼni oshqozon, ichak yoki ikkalasini birga xirurgik oʼzgartirish amaliyoti yangilik emas. Yurtimizda ham bunday operatsiyalarni oʼtkazuvchi mutaxassislar paydo boʼlgach, koʼpchilik bemorlarda mazkur muolaja orqali semizlikdan xalos boʼlish istagi paydo boʼldi.

— Oshqozonning kattaligi semizlikka asosiy sababmi?

— Yoʼq, albatta. Ortiqcha vaznning yuzaga kelishiga bir necha omillar sabab boʼladi. Yaʼni kamharakatlik, turli zararli odatlar, qandli diabet, depressiya, stress, psixonevrologik oʼzgarishlar oqibatida koʼpincha insonda semirish kuzatiladi. Shuningdek, gormonal oʼzgarishlar va gormon dorilarni qabul qilish ham bunga sabab boʼlishi mumkin.

— Meʼdani kichraytirish amaliyoti qanday hollarda tavsiya etiladi?

— Tibbiyotda semizlik turli darajalarga boʼlinadi. Tana vazni indeksi 30 dan 35 gacha boʼlsa, birinchi, 35-40 gacha ikkinchi, 40 dan tepasi uchinchi darajali hisoblanadi. 40 dan yuqori boʼlganda 16-60 yosh oraligʼidagi bemorlarga jarrohlik yoʼli bilan ozish tavsiya qilinadi.
Shuningdek, tana indeksi 35 dan yuqori va qandli diabet, gipertoniya, osteoxondroz, qonda lipidlar miqdorining balandligi, yurak ishemik hamda artroz kabi yondosh xastaliklar boʼlganda ham mazkur amaliyotni oʼtkazish mumkin.
Bundan tashqari, ozishga tabiiy choralar foyda bermaganda ham bu muolaja usuliga murojaat qilinadi. Bariatrik jarrohlikdan soʼng bemorlar sezilarli va tez vazn yoʼqotadi.

— Oshqozon kichraytirish amaliyoti qanchalik xavfsiz?

— Tibbiyotdagi aksariyat muolajalar qarshi koʼrsatmalarga ega. Shu maʼnoda oshqozon kichraytirish amaliyotini ham qoʼllash mumkin boʼlmagan holatlar mavjud. Eng avvalo, surunkali yurak kasalligiga chalingan insonlarda bariatriya operatsiyasini bajarish tavsiya etilmaydi. Qolaversa, buyrak yetishmovchiligi yoki jigar, oʼsma xastaliklari bor bemorlarda ham bu muolajani oʼtkazish mumkin emas.

— Аmaliyotdan soʼng bemorlarda qanday salbiy asoratlar kuzatilishi mumkin?

— Bariatrik jarrohlikdan keyin inson toʼyinishi uchun oz miqdordagi oziq-ovqat ham yetarli boʼladi. Qolaversa, bu muolaja usuli semirish bilan bogʼliq koʼplab jiddiy kasalliklarga barham berishi bilan ahamiyatli.

Biroq mazkur operatsiya asoratlardan xoli emas. Yaʼni, amaliyotdan soʼng bemorning kesilgan joyidan qon ketishi, temir tanqisligi anemiyasi rivojlanishi mumkin. Baʼzi hollarda oʼn ikki barmoqli ichakdagi safro oshqozonga zarda boʼlib chiqishi kuzatiladi. Shuningdek, ushbu amaliyotni qoʼllaganlarda oshqozonning shilliq qavatida yaxshi soʼriladigan B12, D3 vitaminlari kamayib ketishi uchraydi.

Shunga qaramay, operatsiyadan keyingi ushbu asoratlar qiyinchiliksiz bartaraf etiladi va bu bemorlar hayotiga xavf tugʼdirmaydi. Jarrohlik amaliyotidan soʼng ozish nafaqat semizlik asoratlaridan qutilish, balki yana uzoq yil sifatli hayot kechirish imkonini beradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech