08:48 (11.03.2024)

866

Oʼzbekistonda 16-18 mart kunlari umumxalq xayriya hashari oʼtkaziladi

Bosh vazir farmoyishiga koʼra, respublikada “Navruz” umumxalq bayramini munosib nishonlash hamda muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʼtkazish, mahallalar, aholi turar joylari, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalarini obodonlashtirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi koʼkalamzorlashtirish tadbirlarini davom ettirish, sogʼlom turmush tarzi hamda sanitariya-gigienik madaniyatni targʼib qilish, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʼllab-quvvatlash maqsadida 2024 yil 16-18 mart kunlari “Obod va fayzli mahalla - yurt koʼrki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari oʼtkaziladi.

Xayriya hasharini oʻtkazish doirasida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:

“Mahallamga 10 tup daraxt - mening tuhfam” shiori ostida barcha turar joy mavzelari va mahallalarda iqlim sharoitiga mos hamda sugʻorish tizimini hisobga olgan holda daraxt koʻchatlari ekish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari (mahalliy byudjetlar daromadlarining choraklar yakunlari boʻyicha aniqlanadigan prognozdan oshirib bajarilgan qismining 10 foizidan tashqari), homiylik xayriyalari, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan mahalla fuqarolar yigʻinlari orqali aholiga bepul koʻchat tarqatish va daraxt ekish ishlarini tashkil etish;

aholi punktlarida qarovsiz qolgan daraxtlarni saqlash va parvariщ qilish hamda bogʻlarni koʻkalamzorlashtirish, ushbu hududlarda daraxtlar ekish, saqlash va parvarish qilish ishlariga aholining band boʻlmagan qatlamini ixtiyoriylik asosida jalb qilish;

ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa, ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi boʻlgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashish;

mahallalar, aholi punktlari, koʻp qavatli turar joylar va hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish;

obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishtirokchilarini zarur texnika vositalari va anjomlar bilan taʼminlash;

joylarda obodonlashtirish ishlarini oʻtkazish jarayonida toʻplangan chiqindilar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan alohida belgilangan joylarga olib chiqilishini taʼminlash.

Farmoyishda avtomobil yoʻllari, harakatlanish tigʻiz boʻlgan koʻchalar, suv obyektlari, kirgʻoqboʻyi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek, insonlarning hayoti yoki sogʻligiga xavf tugʻilishi mumkin boʻlgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan tadbirlar va boshqa ishlarni amalga oshirish mumkin emasligi alohida koʻrsatib oʻtilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech