09:40 (30.01.2023)

2273

Oʼzbekistonda 2022 yilda oʼrtacha oylik ish haqining past darajasi taʼlim va sogʼliqni saqlashda boʼldi

Oʼrtacha oylik ish haqining eng yuqorisini bank, lizing kredit va vositachilik faoliyatida ishlovchilar oldi.

Davlat statistika agentligi maʼlumotlariga koʼra, 2022 yilning yanvar-dekabr oylarida oʼrtacha oylik ish haqi 2021 yilga nisbatan 21,1 foizga oshib 3 mln 892 ming soʼmni tashkil etdi.
Qayd etilishicha, hududlar kesimida 2022 yilda oʼrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori koʼrsatkichlari Toshkent shahrida (6,3 mln soʼm), Navoiy viloyatida (5,1 mln soʼm), Toshkent viloyatida (3,9 mln soʼm), Аndijon viloyatida (3,38 mln soʼm) hamda Buxoro viloyatida (3,32 mln soʼm) kuzatilgan. Eng past koʼrsatkich Fargʼona (2,9 mln soʼm) viloyatida qayd etildi.

Iqtisodiy faoliyat turlari boʼyicha oʼrtacha oylik ish haqining eng yuqori koʼrsatgichi bank, sugʼurta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida — 10,8 mln soʼmni tashkil etdi. Shuningdek, axborot va kommunikatsiyalar sohasida 7,956 mln soʼm, tashish va saqlash 5 mln soʼm, sanoatda 4,9 mln soʼmga etdi.

Taʼlim va sogʼliqni saqlash, shuningdek, ijtimoiy xizmatlar koʼrsatish sohasida oʼrtacha oylik ish haqining past darajasi mos ravishda 2,69 mln soʼm va 2,61 mln soʼmni tashkil etadi.

Maʼlumot uchun, oʼrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi tarkibiga qoʼshimcha toʼlovlar, mukofot pullari, ragʼbatlantiruvchi toʼlovlar, kompensatsiya va ishlamagan vaqti uchun toʼlovlar, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʼi kiradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech