09:00 (24.07.2024)

189

Oʻzbekistonda “Ijtimoiy karta” joriy qilinadi. U aholiga qanday imtiyozlar beradi?

“Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori eʼlon qilindi.

Maʼlum qilinishicha, aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid barcha choralarni raqamli texnologiyalar asosida taqdim etishga oʻtishning asosiy yoʻnalishlari etib bir qator vazifalar belgilanmoqda.

Xususan, endilikda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun “Ijtimoiy karta” axborot tizimini joriy etish orqali ijtimoiy toʻlovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlarini bosqichma-bosqich toʻliq avtomatlashtirish yoʻlga qoʻyiladi.

Qayd etilishicha, qarorga muvofiq “Ijtimoiy karta” ATdan 2024-yil 1-dekabrdan yangidan tayinlanadigan ijtimoiy toʻlovlar, xizmatlar va imtiyozlar, 2025-yil 1-apreldan bosqichma-bosqich shaxsning nogironligini, talaba, oʻquvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlashda foydalaniladi.

Bundan tashqari, ushbu kartadan nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, oʻquvchilar guvohnomalari, urush qatnashchilari yoki ularga tenglashtirilgan shaxslar guvohnomalarining qogʻoz shakli ijtimoiy kartaga almashtirish orqali bekor qilinishi, nogironligi boʻlgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun umumiy foydalanishdagi avtomobil, temir yoʻl, havo va daryo transporti, yoʻnalishsiz taksi xizmatlaridan foydalanish boʻyicha imtiyozlar, shuningdek ushbu xizmatdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega boʻlgan aholining boshqa toifalari uchun imtiyozlar berish ham koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, kirish bilet operatsiyalari tizimi asosida tartibga solinadigan davlat ijtimoiy obyektlariga, konsert-tomosha tadbirlari va boshqa tadbirlarga bepul tashrif buyurish yoki qisman haq toʻlash boʻyicha ham ushbu karta egalariga imtiyozlar taqdim etiladi.

Maʼlum boʻlishicha, 2025-yil 1-iyuldan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganlarga belgilangan tovarlar (xizmatlar)ni xarid qilishda toʻlangan QQS summasini 1 ish kunida qaytarish, 2025-yil 1-oktyabrdan Hukumat tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq fuqarolarga byudjet mablagʻlari hisobidan koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam, subsidiyalar, grantlar, imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar hamda moddiy xususiyatga ega boshqa toʻlovlar taqdim etish, shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlardan foydalanish ham mumkin boʻladi.

Qarorga muvofiq, 2025-yil 1-oktyabrdan pensiya oluvchilarga oʻz xohishiga koʻra yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yoʻqotganligi boʻyicha pensiyalarni ijtimoiy karta orqali olish huquqi beriladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech