12:00 (25.07.2024)

169

FVV fuqarolarga quyosh urishidan saqlanish qoidalarini eslatdi

Ob-havo keskin isib ketishi bolalar, qariyalar va bemorlarga ogʻir taʼsir qiladi. Hatto sogʻlom odamlar ham baʼzi bir qoidalarga rioya etishiga toʻgʻri keladi. Quyosh urishi ochiq havoda toʻgʻri tushadigan quyosh nurlari ostida sodir boʻladi, lekin issiq taʼsir qilgandan soʻng 6-8 soat oʻtib ham boshlanishi mumkin.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga koʻra, quyosh urishidan saqlanish uchun bir nechta qoidalarga rioya etish zarur:

- iloji boricha soat 10:00 dan 17:00 ga qadar tik tushadigan quyosh nurlari ostida boʻlmang;
- tabiiy matolar (paxta, kanop va b.) dan tayyorlangan kiyim kiying;
- yengil, yorqin rangli bosh kiyim kiying. Koʻzingizga quyoshdan himoyalovchi koʻzoynak taqing;
- suv ichish rejimiga amal qiling. Tartibsiz koʻp miqdorda suv ichish faqat chanqoqni yaxshi bosmaydi, lekin yurakni zoʻriqtiradi. Yaxshisi achchiqroq damlangan choy, har xil sharbatlar, mineral suv iching. Uydan chiqishingizda oʻzingiz bilan oling;
- quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalaning;
- quyoshda boʻlib qaytganingizdan soʻng, dush qabul qiling yoki hoʻl sochiq bilan artining;
- och qoringa yoki ovqat yeganingizdan soʻng darhol quyosh ostida boʻlmang.

Quyosh urishi yoki issiq urishi belgilari:

- darmonsizlik, charchoq, bosh ogʻrigʻi va chanqash kuzatiladi;
- bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, butun tanada ogʻriq boʻlib, puls va nafas tezlashadi. Ayrim paytlarda koʻngil aynishi va qusish kuzatilishi mumkin. Terlash kuchayadi, burundan qon ketishi mumkin;
- yurak-qon tomir faoliyati va nafas olish keskin buziladi, hushini yoʻqotishi mumkin;
- ayrim paytlarda tutqanoq tutishi, alahsirash, gallyutsinatsiya kuzatilishi mumkin.

Quyosh urishining ogʻir shaklida ter ajralishi toʻxtaydi, agarda bemorga tibbiy yordam koʻrsatilmasa, nafas va yurak toʻxtashi mumkin.

Birinchi tibbiy yordamni toʻgʻri koʻrsatish inson hayotini saqlab qolishi mumkin. Asosiysi, kishi oʻzini yoʻqotmasdan hammasini toʻgʻri va tez bajarish zarur:

- bemorni salqin joyga oʻtkazish, chalqancha yotqizish, boshini salgina koʻtarib qoʻyish, kiyimlarini yechish, butunlay tinch muhit yaratish va toza havo kelishini taʼminlash;
- agar bemor hushida boʻlsa achchiq choy yoki sovuq suv ichirish (suvga 0,5 litrga 0,5 choy qoshiqda tuz qoʻshish);
- boshini sovuq suv bilan hoʻllash yoki boshiga nam sochiq qoʻyish;
- ogʻir holatlarda bemorni hoʻllangan choyshab bilan oʻrab qoʻyish yoki ustidan sovuq suv quyib turish mumkin, lekin ehtiyot boʻlish kerak (tana harorati 30 gradusdan tushib ketmasligi kerak). Agar iloji boʻlsa qon tomirlari koʻp boʻlgan qoʻltiq osti, chov va tizza orqasiga muz yoki sovuq suv toʻldirilgan baklashka qoʻyish kerak;
- quyosh yoki issiq urgan bemorlarni yaqin oʻrtadagi davolash muassasasiga olib borish zarur. Ogʻir hollarda esa zudlik bilan tez yordam brigadasini chaqirish zarur.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech