14:42 (26.01.2024)

654

Pankreatitdan oʼz vaqtida davolanmaslik qandli diabetga sabab boʼlishi mumkin

Soʼnggi yillarda dunyo aholisi oʼrtasida ovqat hazm qilish tizimi bilan bogʼliq xastaliklar keng tarqalmoqda. Аyniqsa, ular orasida pankreatit – oshqozon osti bezining oʼtkir yoki surunkali yalligʼlanishi yetakchi oʼrinni egallaydi.

Xoʼsh, ushbu kasallikning kelib chiqishiga qanday omillar sabab boʼladi?

Mazkur savolga tibbiyot fanlari doktori Feruza Xamrabayeva javob berdi.

— Oshqozon osti bezi ovqat hazm qilish tizimining muhim organi boʼlib, ozuqa moddalarining soʼrilishi uchun zarur, — deydi mutaxassis. — Ushbu aʼzo oʼzidan ichakdagi oqsillar, yogʼlar va murakkab uglevodlarni parchalaydigan fermentlarni ajratadi. Shu bilan birga, uning yana bir funktsiyasi – organizmdagi glyukozani saqlash va uni tartibga solish uchun insulin gormonini ishlab chiqaradi.

Pankreatit – oshqozon osti bezining yalligʼlanishi boʼlib, ushbu aʼzoning disfunktsiyasi tufayli ovqat hazm qilish fermentlari muddatidan oldin faollashganda va organ toʼqimalariga zarar yetkazganda rivojlanadi.

Kasallikning oʼtkir shaklida toʼqimalarning “oʼzini oʼzi hazm qilish” mexanizmi ishga tushadi. Surunkali yalligʼlanish oqibatida hazm qiluvchi fermentlar yetishmovchiligi yuzaga keladi. Fermentlar oʼrnini oshqozonosti bezi hujayralarining egallashi esa uning tashqi sekretor funktsiyasini buzish bilan birga, gormonlar ishlab chiqish vazifasini ham oʼzgartirib yuboradi.

Xastalikning kelib chiqishiga koʼpincha notoʼgʼri ovqatlanish sabab boʼladi. Shuningdek, oʼt qopi va oʼt yoʼllari hamda oʼn ikki barmoqli ichak kasalliklari, bez yoʼllarining toshlar yoki oʼsmalar bilan berkilib qolishi, genetik moyillik, gormonal oʼzgarishlar, baʼzi dorilarni qabul qilish, spirtli ichimliklar, stress va infektsion kasalliklarning bir qancha turlari ham asosiy omillardan.

Pankreatitga chalingan insonda koʼngil aynishi, qayt qilish, oʼng qovurgʼa va qorinning pastki qismida ogʼriq, tana haroratining koʼtarilishi, diareya va teri sargʼayishi kuzatiladi. Qorin devori va koʼrichakni eslatuvchi qorinning oʼng tomonida oʼtkir ogʼriq, vazn yoʼqotish, yelka kuragi yoki koʼkrak orqasiga tarqaladigan ogʼriq, qorin dam boʼlishi, umumiy zaiflik, bosh aylanishi ham kasallik belgilaridir. Kasallik oʼz vaqtida davolanmasa, qandli diabetga sabab boʼlishi mumkin.

Xastalikni davolash shifokor tomonidan uning darajasiga, hamroh kasalliklar borligiga va bemorning umumiy ahvoliga qarab belgilanadi. Аgar pankreatit belgilari 2-4 kun davomida bezovta qilsa, albatta, gastroenterolog-shifokorga murojaat qilish lozim.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech