14:00 (05.02.2024)

560

Prezident: Pul ishlash uchun farmkompaniyalar foydasiga retsept yozilyapti

Mamlakatimizda farmatsevtika bozori hajmi 2 milliard dollarga yetdi.Lekin, bu bozorda mahalliy mahsulotlar ulushi fizik hajmda 40-45 foiz boʻlsa-da, pul qiymatida 20 foizdan oshmaydi.

Oddiy qilib aytganda, oʻzimizda ishlab chiqarish bint, spirt, shpris, analgin va sitramondan nariga oʻtmayapti. Dorilarni yashirin aylanmasi boʻyicha yetarli choralar koʻrilmayapti. Dori vositalaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish ishlari sustligi koʻrsatib oʻtildi.

"Ayniqsa, antibiotik qabul qilish ustidan nazorat umuman yoʻq. Protokollarga amal qilmasdan, “pul ishlash” uchun farm-kompaniyalar foydasiga retsept yozilyapti.Bundan xalqimizni sogʻligʻi ham, choʻntagi ham zarar koʻrayapti”- dedi Prezident.

Yigʻilishda kasalga aniq tashxis qoʻyish va davolashda vrachlarning aksariyatida texnologik karta mavjud emasligi, ayrim protokollar esa eskirgani koʻrsatib oʻtildi. Poliklinika va shifoxonalarda xalq tabobati xonalari va fitobarlar tashkil qilish oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.

Shu munosabat bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning Loyiha ofisiga xorijiy ekspertlarni jalb qilib, 300 ta klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish topshirildi.

Oilaviy shifokorlarga kasalligi yengil boʻlgan bemorlarni dori bilan emas, immunitetni koʻtaradigan tabiiy vositalar, jismoniy mashq va fitoterapiya bilan davolashni oʻrgatish muhimligi taʼkidlandi.

Uch yil avval onkologik bemorlarni kimyo va target terapiyasi uchun 29 turdagi preparat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyilgan edi. Lekin, bu dorilar ayrim hollarda joylarga oʻz vaqtida, toʻliq yetkazib berilmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Vaholanki, byudjetdan yetarli mablagʻ ajratilmoqda.

Oqibatda baʼzi bemorlar ularni dorixonadan 10 barobar qimmat sotib olishga majbur.

“Mana – farmatsevtikadagi oʻyinlar! Bu faqat onkologiyada. Endokrinologiya, kardiologiya, shoshilinch xizmatda ham bunday faktlar yetarli”,- dedi davlatimiz rahbari.

Bosh prokuraturaga onkologik preparat ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar, dorixonalar, qoʻlda sotuvchilarni, umuman barcha ishtirokchilarni tartibga keltirish, joylarga yetib bormagan 17 turdagi preparat boʻyicha oʻrganish oʻtkazib, jazo muqarrarligini taʼminlash topshirildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi oldiga oylab omborlarda turgan, ruxsati haligacha chiqmagan dorilarni xatlov qilib, bu masalada tartib oʻrnatish, davlat xaridlari orqali olingan dorilarni “buyurtmachi – xaridor – yetkazib beruvchi – bemor” zanjiri asosida shaffof marshrut tizimini yaratish vazifasi qoʻyildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech