11:30 (20.12.2022)

2324

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʼzbekiston xalqiga Murojaatnomasi boshlandi

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qoʼyayotgani, hayotimizning barcha jabhalarida ulkan oʼzgarishlar yuz berayotganini taʼkidladi.

“Behisob shukur, bu yil aholimiz 36 milliondan oshdi. Har yili safimizga qariyb 900 ming yangi avlod qoʼshilmoqda.

Oʼzbekiston deb atalmish katta va inoq oilaning har bir aʼzosi tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish uchun tinimsiz izlanayapmiz.

Yakuniga yetayotgan 2022 yil gʼoyat murakkab va sinovli yil boʼldi, desam, har tomonlama toʼgʼri boʼladi.

Ushbu davrda toʼplagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyot – faqat va faqat jasoratli mehnat orqali boʼladi!”, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari pandemiya, dunyodagi chuqur iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlarga qaramasdan, xalqimizning qahramonlarcha mehnati bilan erishilgan ayrim yutuqlarni aytib oʼtdi. Jumladan:

- yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi (2018 yilda 52 milliard dollar boʼlgan);

- iqtisodiyotimizga shu yilning oʼzida 8 milliard dollar toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalar kirib keldi, eksportimiz esa 19 milliard dollarga yetdi (2018 yilda 14 milliard dollar boʼlgan);

- bu yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʼlmagan darajaga olib chiqildi.

Prezident ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish siyosati izchil davom ettirilishini taʼkidladi.

- oxirgi olti yilda mamlakatimiz boʼyicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar koʼp uy-joylar qurildi;

- bu davrda qoʼshimcha 500 ming oʼquvchi oʼrni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetdi. Hozirgi vaqtda yana 1 million 200 ming oʼquvchi oʼrni yaratish boʼyicha ishlar jadal davom ettirilmoqda;

- bu yil 381 nafar sportchimiz Jahon va Osiyo musobaqalarida, 43 nafar iqtidorli va bilimdon yoshlarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalari hamda tanlovlarida sovrinli oʼrinlarni qoʼlga kiritdi.

"Nuroniy otaxon va onaxonlarimiz oila davrasida, Haj va Umra ziyoratlarida shukronalik duolarini qilayotgani, bizga kuch va gʼayrat bagʼishlamoqda", - dedi Prezident.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech