15:12 (25.05.2023)
2267
Shifobaxsh oʼtlar xonaning salqin, quruq, bolalarning qoʼli yetmaydigan joyida saqlanadi. Giyoh solingan quticha yoki paketni toza karton qutichaga soling va qopqogʼini mahkam yopib qoʼying.
Dorivor giyohlarni juda koʼp miqdorda sotib olmang. Аks holda ularni uzoq vaqt saqlaganda shifobaxshlik xususiyati kamayib qoladi. Qutichaning ogʼzini ochib, giyohdan keragini olgach, keyin uni yana mahkam yopib qoʼying.
Naʼmatak va qora qoragʼat (smorodina)ning saqlash qoidalariga juda puxta rioya qilish zarur. Chunki, yorugʼlikda, nam xonada, harorat pasayib ketganda bu oʼsimliklar tarkibidagi vitaminlar, avvalo, askorbin kislota kamayib ketadi.
Efir moyi tutadigan oʼsimliklar – moychechak guli, dorivor valeriana ildizi, yalpiz va mavrak (choʼl yalpizi)larni saqlash tartibi ham oʼziga xos. Ushbu giyohlarni alohida saqlash lozim. Shundagina ularning oʼtkir va xushboʼy hidi bir-biriga oʼtib ketmaydi. Shuning uchun bu oʼsimliklarni alohida shisha idishlarga solib, ogʼzini pergament qogʼoz bilan oʼrab, polietilen qopqoq bilan yopib qoʼyish zarur.
Shifobaxsh oʼtlarni oziq-ovqat mahsulotlari, yangi hamda sarxil meva va sabzavotlar, yuvuvchi va dezinfektsiyalovchi vositalar yonida saqlash mumkin emas.
Xonadagi nam havo, yuqori harorat shifobaxsh oʼsimliklarda, xususan, ularning tarkibida qand miqdori koʼp boʼlsa turli hasharotlarning koʼpayishiga olib keladi.