10:00 (25.12.2023)

709

Retseptsiz beriladigan dori vositalari roʼyxatini tasdiqlash amaliyoti bekor qilinadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʼligʼini saqlash masalalari qoʼmitasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan farmatsevtika sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi dastlabki tarzda koʼrib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sogʼligʼini saqlash toʼgʼrisida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʼgʼrisida”gi qonunlarning ayrim normalariga tegishli oʼzgartirishlar kiritilmoqda. Yaʼni, Sogʼliqni saqlash vazirligi vakolatidan retseptsiz beriladigan dori vositalari roʼyxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash normasi va unga aloqador boʼlgan bandlar chiqarilmoqda.

Natijada dori vositalari Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan davlat roʼyxatidan oʼtkazilishi chogʼida “Dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi toʼgʼrisidagi nizom” asosida uning retseptsiz yoki retsept asosida berilishiga oid toifasi aniqlanadi. Davlat roʼyxatidan oʼtkazilgan dori vositasi avtomatik shaklantirilib boriladigan roʼyxatda qayd etilib, veb-saytga joylashtiriladi.

Shu bilan birga, qonun loyihasida dori moddalari (substantsiyalar)ni davlat roʼyxatidan oʼtkazishga oid normani bekor qilish ham nazarda tutilmoqda. Chunki bugungi kunda dori vositalarini ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilingan xalqaro standartlar (GMP) va sifat nazoratiga qoʼyilgan talablar doirasida substantsiyalarni nazorat qilishning alternativ mexanizmlari joriy etilgan.

Taklif etilayotgan yangiliklar sohadagi ayrim takrorlanuvchi va byurokratik talablarni bekor qilish orqali aholining sifatli, xavfsiz, samarador va arzon dori vositalari bilan taʼminlash darajasining oshishiga xizmat qiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech