17:29 (17.01.2024)

383

Sanepidqoʻmita “zararli” havodan himoyalanish boʻyicha tavsiyalar berdi

Sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi soʻnggi vaqtlarda Toshkent havosi tarkibida PM2,5 dispers zarrachalari meʼyoridan bir necha oʻn barobar koʻpayganini taʼkidlab, undan himoyalanish boʻyicha tibbiy tavsiyalar berdi.

Qayd etilishicha, atmosfera havosidagi muallaq RM2,5 zarrachalari nafas yoʻlidan oʻtuvchi zarrachalardir. Ular gaz almashinuvi sodir boʻladigan alveolalar va oʻpka kapillyarlariga kirib, tizimli qon oqimidan oʻtadi. Turli organlarga kirib, toʻqimalarning hujayralariga bevosita mahalliy taʼsir koʻrsatadi.

Ekspertlarning soʻzlariga koʻra, mayda dispers zarrachalar hujayra membranalariga kirib borish qobiliyatiga ega. Bundan tashqari, ularning organlar va toʻqimalarda surunkali toʻplanish xavfi mavjud.

Atmosfera havosida RM10 va RM2ʻning yuqori konsentratsiyasiga uzoq muddatli taʼsir qilish yalligʻlanish, kanserogen, teratogen, sitotoksik taʼsirga ega boʻlib, allergopatologiyaning rivojlanishiga hissa qoʻshadi va insonning umr koʻrish davomiyligiga taʼsir qiladi.

Mutaxassislar bu zarrachalaridan himoyalanish uchun xona yoki inshootlarning pol va tokchalari, ular ichidagi buyum hamda ashyolarni nam latta bilan tozalab turishni maslahat bermoqda. Uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qoʻyish chang darajasini pasaytirishga xizmat qilishini eslatib, nam sochiqlarni osib qoʻyishni tavsiya qilmoqda.

Shuningdek, quyidagi tavsiyalarni amalga oshirish zarur:

  • derazalarni yopiq holda saqlash, ayniqsa, kechasi va erta tongda eshik va oynalarni zichlab yopish;
  • koʻproq suv ichish;
  • ochiq havoda harakat qilishni cheklash;
  • tez-tez dush qabul qilish, ayniqsa, tashqaridan uyga kirgach (bu jarayon nafas olishni yengillashtiradi);
  • ogʻiz va burun boʻshligʻini tuzli eritma bilan yuvib tashlash;
  • koʻzlarni yuvish (ayniqsa, linzadan foydalanuvchilar uchun) tavsiya etiladi.

Qoʻmita, shuningdek, nafas olish tizimi kasalliklariga chalinganlar tibbiy niqobdan foydalanishlari va ularni har 2 soatda almashtirishlari zarurligini taʼkidladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech