14:15 (05.02.2024)

530

Soʻnggi ikki yilda tibbiyot sohasini raqamlashtirishga byudjetdan 90 milliard soʻm ajratilgan

Yigʻilishda ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish talabiga javob beradigan tizim hali yaratilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Soʻnggi yillarda bepul davolanish uchun orderdan voz kechildi. Mablagʻni muassasadagi oʻrinlar soniga emas, bemorlar soniga qarab ajratish tizimi yaratildi. Lekin, haligacha bemorlarda tanlash huquqi yoʻq. Bundan tashqari, viloyat shifoxonalariga yoʻllanma olish haligacha raqamlashmagan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning Loyiha ofisiga viloyat shifoxonalarini ham elektron yoʻllanma tizimiga ulash, bu tizimda xususiy klinikalar ishtiroki mezonlarini ishlab chiqish topshirildi. 

Ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida zamonaviy boshqaruvni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi. Pullik xizmatlar narxi shaffof emasligi tanqid qilindi.

Shu munosabat bilan 23 ta markaz, 12 ta tibbiyot oliygohi, 2 ta shifokor va oʻrta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish markazlarining har biriga zamonaviy menejerlarni ishga olib, xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish topshirildi.

Bu ishlar orqali shifokor va hamshiralarni yangicha oʻqitish, davolash sifatini oshirish, dori yozishni kamaytirish, eng muhimi – rivojlangan klinikalar muhitini olib kirish muhimligi qayd etildi.

Soʻnggi ikki yilda tibbiyot sohasini raqamlashtirishga byudjetdan 90 milliard soʻm yoʻnaltirildi. Lekin natija kutilganidek emas. Tuman, viloyat va respublika tashkilotlari 10 ga yaqin axborot tizimlarini ishlatayapti, lekin ularning hammasi ham bir-biriga bogʻlanmagan. Birlamchi boʻgʻin raqamlashmagani bois shifokor vaqtining uchdan ikki qismi hisobot toʻldirishga ketayapti.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” va “Elektron tibbiy karta” tizimlarini ishga tushirish, kafolatlangan paketga kirgan dorilarni elektron retsept asosida berishni yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Yigʻilishda onalar va goʻdaklar oʻlimining oldini olish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

"Har bir ona va bola oʻlimi “favqulodda holat” deb baholanadi va soʻrov shunga yarasha boʻladi"- deya ogohlantirdi Prezident Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyat hokimlari, viloyat va tuman tibbiyot idoralari rahbarlarini.

Xorijdan mutaxassislarni olib kelib, eng avvalo, ona va goʻdak oʻlimi yuqori 20 ta tuman va shahardagi tibbiyot xodimlarini oʻqitish topshirildi.

“Xavf guruhi”ga kirgan homilador va tugʻruq yoshidagi ayollar bilan ishlash protokoli yangilanadi.

Tibbiyot brigadalaridagi 8,5 ming doya ilgʻor tajriba asosida reproduktiv salomatlik va homiladorlar parvarishi boʻyicha oʻqitiladi.

Perinatal markazlar boshqaruviga xorijiy mutaxassislarni olib kelish, 229 ta tugʻruqxonani zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash topshirildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech