Bundan tashqari, 25-noyabrdan vazirlik tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga 29 ta to‘liq jihozlangan Isuzu avtomashinalari tibbiy brigadalar bilan doimiy foydalanish uchun ajratilishi aytib o‘tildi.

Poytaxtdagi 12 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va 72 ta oilaviy poliklinikada ertalab soat 8:00 dan kechki 20:00 gacha chaqiruv bo‘yicha tibbiy brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur brigadalar 103 xizmati xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, uyda qoldirilgan yoki shifxonaga yotqizilmasdan uyga qayta olib kelingan va ambulator sharoitda davolanayotgan bemorlar ro‘yxati aniqlanib, ko‘rsatma asosida onlayn va joyiga chiqqan holda tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, deyiladi xabarda.

“Bundan tashqari, o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda yurtimizda O‘RVI kasalligiga chalinib, shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarning ma’lum qismi statsionar davoga muhtoj emas. Shu sababli yig‘ilishda oilaviy polikliklinika shifokorlariga o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bemorlarni ambulator sharoitda davolash bo‘yicha zarur tavsiyalar berish uchun ixtisoslashtirilgan markazlardagi pediatrlar va barcha tor doiradagi mutaxassislar jalb etilishi lozimligi qayd etildi”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Vazir, shuningdek, birlamchi tibbiy yordamning kunduzgi statsionarlarida bemor bolalarni nazorat qilish, zarurat tug‘ilganda, ularda davolash muolajalarini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.