08:50 (21.05.2024)

553

SSV: Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasi shaffof va adolatli tizim asosida baholanmoqda

Maʼlumki, Prezidentimizning 2023 yil 20 iyundagi "Maʼmuriy islohotlar doirasida sogʼliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi qaroriga muvofiq Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tashkil etilgan edi.

Mazkur muassasa zimmasiga tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining nazariy bilimlari, amaliy koʼnikmalari, kasbiy mahoratini attestatsiyadan oʼtkazish va ularga malaka toifalari berish funktsiyalarini bajarish yuklatilgan.

Bugunga kunda ushbu markazda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali malakani baholashning mutlaqo yangi shaffof va adolatli tizimi yaratilgan.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 18 sentyabrdagi tegishli qarori bilan malaka toifalari berish boʼyicha davlat xizmatlarini koʼrsatishning Maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga asosan, hujjatlarning Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali faqat elektron shaklda qabul qilinishi va har bir bosqichda koʼrib chiqilishini toʼgʼridan-toʼgʼri kuzatib borish tartibi joriy etildi.

Buning natijasida tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malaka toifasi berish boʼyicha yigʼmajild orqali hujjat topshirish amaliyoti bekor qilindi.

Shuningdek, ogʼzaki va test imtihonlarini oʼtkazish uchun hududlarda maxsus jihozlangan imtihon xonalari ajratilib, onlayn translyatsiya, audio va video kuzatuv nazorati taʼminlandi.

Аytish joiz, tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berilganligini tasdiqlovchi qogʼoz shaklidagi sertifikat berish amaliyotiga ham barham berilib, hisobga olish seriyasi, tartib raqamiga ega, QR-kodi qoʼyilgan elektron shakldagi sertifikat berish tartibi joriy etildi.

Onlayn tartibdagi ogʼzaki imtihon uchun beriladigan bilet savollari “Random” (inson omili minimallashgan, kompьyuter texnologiyasi yordamida tasodifiy savol tanlash) dasturi orqali tanlanishi yoʼlga qoʼyildi.

Bunda biletlar 5 ta savoldan iborat boʼlib, ularga javob berish uchun 15 daqiqa vaqt ajratiladi va har bir javob 10 ballik tizimda baholanadi. Imtihon yakunida dastur umumiy ballarning oʼrtacha qiymatini hisoblab, natijani oʼsha zahoti eʼlon qiladi.

Shu bilan birga, test sinovi va ogʼzaki imtihon savollari Sogʼliqni saqlash vazirligi va markazning rasmiy veb-saytlarida oʼzbek, rus va qoraqalpoq tillarida joylashtirilgangan boʼlib, imtihonlarda aynan ushbu savollardan foydalanilishi taʼminlangan.

Eʼtiborli jihati, talabgorlar ogʼzaki imtihonlarni aynan qaysi ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyasiga topshirishini, komissiya aʼzolari esa imtihon boshlangunga qadar qaysi talabgordan imtihon olishini bilmaydi.

Yangi tizimning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, endilikda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjat topshirish hamda attestatsiyadan oʼtish uchun ortiqcha vaqt va mablagʼ sarflab poytaxtga kelishiga barham berildi.

Hujjat topshirish va imtihondan oʼtish jarayonida inson omili aralashuvini minimallashtirish orqali korruptsiya xavfi va elementlari bartaraf etildi.

Natijada malaka toifasini berish boʼyicha imtihonlardan faqat nazariy bilimi va amaliy koʼnikmalarini uzluksiz oshirib borgan tibbiyot xodimlarigina muvaffaqiyatli oʼtmoqda.

Umuman olganda, hujjat topshirish va imtihon jarayonlarini raqamlashtirish natijasida shaffof tizim yaratilganligi soha uchun yetuk va chuqur bilimga ega, xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech