12:00 (26.04.2024)

333

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi ramzi ishlab chiqildi

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi ramzining asosini “Yangi Oʻzbekiston” va “Uchinchi Renessans” timsoli sifatida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi Mustaqillik monumenti obrazi tashkil etadi.

Ramzda aks ettirilgan Mustaqillik monumenti mamlakatimiz tarixi, bugungi kuni va kelajakning oʻzaro uygʻunligi ifodasi sifatida talqin etilsa, uning yuksaklikka boʻylashishi negizida xalqimizning birligi va birdamligi, Oʻzbekistonning dunyo davlatlari bilan hamjihatligi, tinchliksevar siyosati mujassamlashgan.

Shuningdek, yuqoriga intilgan chiziqlar dinamikasida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining beshta ustuvor yoʻnalishi va unda belgilangan 100 ta maqsadni toʻliq hamda muvaffaqiyatli amalga oshirish ezgu gʻoyasi mavjud.

Logotipning yuqori qismida baxt-saodat, hurriyat va tinchlik timsoli hisoblangan qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. U qadim, uch ming yildan ziyod davlatchilik tajribasiga ega, shu bilan birga, navqiron, orzu-maqsadlari ulkan, qonida erksevarlik tuygʻulari joʻsh urayotgan, mehnatsevar va oliyjanob xalqiga tayanadigan davlat timsoli sifatida gavdalangan.

Humo qushga tutash ustunlar esa inson huquq va erkinliklari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, taʼlim va tarbiya, davlat va jamiyat muvozanatining ifodasi sifatida tasvirlangan. Shuningdek, mazkur element davlatning hokimiyatni amalga oshirishi, shu bilan birga jamiyat manfaatlari, erkinliklari, talablari oʻrtasidagi muvofiqlik va uygʻunlikni anglatadi.

Strategiya ramzida yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Konstitutsiyasida qoida sifatida belgilangan “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyilining majoziy nishonasi sifatida uchburchak shakl elementidan foydalanilgan. U faol islohotlarni amalga oshirish davrida aholining barcha qatlamlarini muhofazalash, ular uchun teng imkoniyatlar yaratish, ayniqsa, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ishsizlikdan himoya qilish, kafolatlangan sifatli taʼlim, malakali tibbiy yordam doimo davlat oldidagi ustuvor vazifa ekanligining tamal toshidir.

Mustaqillik monumentining ichki qismida aks ettirilgan jamiyat – Oʻzbekistonning bir xalqi obrazi hisoblanadi. Unda yuksak insoniy fazilatlar sohibi boʻlgan, ulugʻ maqsad yoʻlida birlashgan, tinchliksevar, mehnatkash, bagʻrikeng va dono xalqimiz gavdalanadi. Shuningdek, mazkur obraz mamlakatda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson qadri, uning farovon turmush kechirishiga qaratilayotganini aks ettirib, davlatning bebaho boyligi xalq ekanligini anglatadi.

Ushbu element xalqimizning tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalariga sadoqatli ekanligini namoyon qiladi. Shu bilan birga, u mustahkam oila jamiyatning asosiy boʻgʻini sifatida doimo jamiyat va davlat muhofazasida ekanligini ifodalaydi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech