11:01 (23.05.2023)

2422

"Tizim yaxshi ishlamasligi oqibatida qimmatchiga chiqyapmiz” — dorixonachilar Raqobat qoʼmitasidan norozi

Raqobat qoʼmitasi dori narxlarni qonunchilikda belgilangan limitdan qimmat sotgan dorixonalarni avtomatik aniqlashni boshladi. Kun.uzga murojaat qilgan bir guruh tadbirkorlar masʼul organlar tomonidan belgilangan narxlar eskirgani, narx oshib borishi inobatga olinmaganidan shikoyat qildi. 10 kun ichida 5 mingga yaqin huquqbuzarlik qayd etilib, jarimaga tortilgan dorixonalar ham bor.

Аmaldagi qonunchilikka koʼra, dori vositalarining chegaralangan narxlari bor. Yaʼni dori vositalarini Oʼzbekistonga import qilish yoki ishlab chiqarishda Farmagentlikdan roʼyxatdan oʼtkazilganda shu dori vositasining belgilangan (bazaviy) narxi shakllanadi. Qonunchilik talabiga koʼra, ulgurji sotuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar [dori ustiga] 15 foizgacha ustama qoʼyishi mumkin, chakana sotuvchi esa 20 foizgacha. Yaʼni dori vositalarining narxi shakllanishi boshlangʼich narxiga nisbatan 35 foiz belgilanadi, shundan ortiq sotish huquqbuzarlik hisoblanadi.

Raqobat qoʼmitasi dorixonachi tadbirkorlarga nisbatan dori narxini oshirib sotganlik uchun jazolovchi vositani ishga tushirdi. 1 maydan ishga tushgan “Fair Tech” tizimi orqali ortiqcha undirilgan pul isteʼmolchilarga qaytarib beriladi. Buning uchun, dorixonadan dori sotib olganda xarid chekini “Soliq” mobil ilovasiga skaner qilish kerak. Аgar dori bazadagi narxdan qimmat sotilgani aniqlansa, Raqobat qoʼmitasiga avtomatik ariza yuboriladi. Dorixonaga nisbatan savdo yoki xizmat koʼrsatish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy jarima jazosi qoʼllanadi; ortiqcha undirilgan pul dorixonadan isteʼmolchi foydasiga undiriladi.

Dorixonachi tadbirkorlar nimadan norozi?

Raqobat qoʼmitasi “Fair Tech” tizimini ishga tushirganidan keyin dorixonachi tadbirkorlar tinimsiz huquqiy javobgarlikka tortilayotgani aytilyapti. Kun.uz'ga bu borada bir guruh tadbirkorlar murojaat qildi. Ulardan birining soʼzlariga koʼra, 10 kun ichida uning oʼnga yaqin dorixonalariga nisbatan 5000ga yaqin huquqbuzarlik qayd etilgan.

Tahririyatga dorixonachilar dorilarning referent narxlari Farmatsevtika agentligi tomonidan notoʼgʼri shakllantirilganini aytishyapti.

“Oʼzi referent narx nima? Deylik, 2020 yilda shartli biror dori Oʼzbekiston chegarasiga kirayotganda 100 soʼmga baholangan. Ulgurji korxona buni 115 soʼmga (qonunchilikka muvofiq, 15 foiz ustama bilan) sotishga huquqi bor, dorixona esa 135 soʼmgacha narxda (20 foiz ustama) sota oladi. Dorixona ulgurji sotuvchi ustiga qoʼygan 15 foiz bilan oladi, uning ustiga oʼzining 20 foizgacha ustamasini qoʼya oladi. Bu dorining 2020 yildagi referent – taqalgan narxi hisoblanadi.

2023 yilda esa bu doriga ishlatiladigan xomashyoda oʼzgarish boʼldi. Yevropa ishlab chiqaruvchisi dorining qaysidir xomashyosini Rossiyadan olardi. Endi Rossiya-Ukraina urushi tufayli, Rossiyaga sanktsiya qoʼllandi va Yevropa ishlab chiqaruvchisi bu xomashyoni Braziliyadan olib kelishi kerak boʼladi. Braziliyadan olib kelishgandan keyin bu dorining narxi oshadi, yaʼni 100 soʼmga kirib kelgan dori endi 110 soʼmga kirishni boshladi. Ulgurji sotuvchi bu dorini 130 soʼm, dorixona esa 150 soʼm sotishi kerak. Bu birinchi omil.

Ikkinchi masala – dollar kursi oʼzgarishi. Bundan tashqari, avval dori Rossiya orqali kirib kelgan boʼlsa, endi aylanma yoʼl bilan kelyapti. Yoʼlkiraning oʼzi 100 foizdan oshib ketyapti. Shu sababli bu dori 160 soʼmga dorixonada turishi kerak. Lekin bizda shu dorining narxi 135 soʼmdan oshmasin deb narx belgilab qoʼyishgan.

Dorilar hammasi Yevropada emas, Rossiyada ham ishlab chiqariladi. Rossiya rublining oʼzgarishiga bir qaraylik. Urush boshlanishidan oldin 1 dollar 75 rubl atrofida edi. Urush boshlanganidan keyin 200 rublga chiqib ketdi. Demak, 100 foiz oshish boʼldi. Shu vaqtgacha 100 rublga bergan dorini 100 rublga beradi, ammo dollarga nisbatan qimmat boʼlib ketadi. Yoki aksinchasini olsak”, – deydi Toshkent shahrida faoliyat yuritadigan tadbirkorlardan biri.

300 tadbirkor prezidentga murojaat yoʼlladi.

Dorixona biznesi bilan shugʼullanadigan tadbirkorlarni birlashtirgan “Pharm Club Uzbekistan” assotsiatsiyasi prezident Shavkat Mirziyoevga, biznes-ombudsman Dilmurod Qosimovga, bosh prokuror Nigʼmatilla Yoʼldoshevga, adliya vaziri Аkbar Toshqulovga ushbu muammoni koʼrib chiqishni soʼrab xat yoʼlladi.

Unda aytilishicha, Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligining saytida taqdim qilingan referent narxlar boʼyicha jadvallar tahlil qilinganda, bir qator nomuvofiqliklar aniqlangan.

“Vakolatli davlat organi dori vositalarining ulgurji va chakana savdosining maksimal narxlarini hisoblashda distribyutorning bojxona rasmiylashtiruvi, bojxona deklaratsiyasini roʼyxatdan oʼtkazishda bojxona toʼlovlari va QQS toʼlash , sertifikatlashtirish, namunalar olish, logistika boʼyicha haqiqiy xarajatlar va boshqa koʼzda tutilmagan xarajatlarni marjinal bahosiga kiritishni hisobga olmagan. Referent narxlar 2020-2021 yil maʼlumoti asosida shakllangan boʼlib, eski tariflar boʼyicha hisobga olingan. Shuning uchun ulgurji va chakana narxlar solishtirilganda salbiy farqlar paydo boʼlayotgani hamda joriy narxlar limit narxlaridan ancha baland boʼlishi yaqqol koʼrinib turibdi”, – deyiladi xatda.

Tahlil qilingan jadvaldagi bir misolga qaralsa, “Fosfolipiale” dorisi bir xil doza va bir xil ishlab chiqaruvchi boʼlgan holatda Oʼzbekistonga 2015 yilda 5,65 dollar va chakana sotuv narxi 81 837 soʼm, 2021 yilda 9 dollarga kirgani va chakana narxi 139622 soʼm boʼlgani keltirilgan. Аmmo vakolatli organ Oʼzbekistonga kirib kelgan Fosfolipiale № 5 dorisini 138 000 soʼmdan ($*11450+15% +20% ) sotayotgan dorixonani jarimaga tortib, bunda farq 2015 yilgi narx bilan solishtirilgan.

Shuningdek, jadvalda shu kabi 150ga yaqin dorilar tahlil qilinganda referent nomuvofiqliklar aniqlangani aytilyapti.

Xatga 300ga yaqin tadbirkor imzo qoʼydi.

Dorilarning referent narxlari qancha vaqtda oʼzgartirib turiladi?

Murojaatchi tadbirkorlardan birining aytishicha, “Fair Tech” tizimi borasida masʼul organlar xodimlari va tadbirkorlar bilan uchrashuv oʼtkazilganida, tadbirkorlar dorilarning referent narxlari oʼzgartirib turilmasligi masalasini koʼtargan.

“Аvvaliga, dorilarning referent narxlari 1 yilda bir marta oʼzgartiriladi deyishdi. Biz bir yilda nimalar oʼzgarib ketadi, narx necha marta oʼzgaradi deb eʼtiroz qilganimizdan keyin 6 oyda bir marta oʼzgartiramiz deyishdi. Biz dorilarga referent narxlar belgilanishi, cheklangan ustama belgilanishiga norozi emasmiz, lekin tizim toʼgʼri yoʼlga qoʼyilishi kerak, tizim ishlamagani oqibatida biz asossiz qimmatchiga chiqyapmiz. Dorixonachilar insofsiz, narxni asossiz oshirishyapti deyish oson, ammo hozir dorixonalar oʼrtasida raqobat juda kuchli. Hech kim 15 foizdan yuqori ustama qoʼyayotgani yoʼq, buni oʼylayotgani ham yoʼq. Bizga 20 foizgacha ruxsat berilgan. Biz 11-12, juda koʼp qoʼyib yuborsak 18 foiz qoʼyyapmiz”, – deydi u.

Dorilar tanqisligi va qorabozor xavotiri

Yana bir tadbirkor uning dorixonalaridagi dorilarning 40 foizi bilan shunday holat kuzatilganini aytadi.

“Dorilar narxlari oshishiga ham, tushishiga ham qaralmayapti. Biz hammamiz tadbirkormiz, maqsad – pul topish va bozorda yoʼq dorilarni toʼliq yetkazib berish. Qanaqa qilib tadbirkor zarariga sotishi mumkin? Bizga shartli dorini 135 soʼmga sotasan deyapti, oʼzi chegaradan oʼtgandagi narx 135 soʼm. 160 soʼmdan sotib qoʼyyapmiz, “qimmat sotding” deb jarimaga tortyapti. Vaholanki, 15-18 foiz ustama qoʼyganmiz.

Аgar shunday boʼlsa, biz bu dorilarni olib kirib, zararimizga sotadigan boʼlsak, olib kirmaganimiz, umuman sotmaganimiz yaxshi. Oʼzi nega dori narxlari oshyapti?! Birinchisi – tanqislik, ikkinchisi – qorabozor hisobiga. Bizga oʼxshagan qonunga muvofiq ishlaydigan tadbirkorlar olib kirmasa, qorabozor rivojlanadi. Qoʼldan qoʼlga sotiladi. Prezidentimiz xalq norozi boʼlmasin, sifatli dori olib kelinsin va sifatli sotilsin dedi. Аgar bu davom etsa, aksar dorilar tanqisligiga va oxir-oqibat qorabozor rivojlanishiga olib keladi. Yoki qonuniy ishlab turgan tadbirkor qonundan qochishga majbur boʼladi”, – deydi tadbirkorlardan biri.

Uzoq yillardan beri dorixona biznesi bilan shugʼullanayotgan suhbatdoshimizga koʼra, bu chora tadbirkorlarni chek bermaslikka undashi mumkin.

“Xaridorga chek bermaslik dorixonachining foydasiga hal boʼladigan narsa boʼlib qoladi. Chekda hamma narsa koʼrinib turadi, hammaning chekini berib toʼgʼri ishlashga harakat qilyapmiz, lekin bizni asossiz va oʼzimizga bogʼliq boʼlmagan holatda shu chek tufayli javobgarlikka tortishyapti. Chetlab oʼtishga majbur boʼlamiz. Oʼzi soliqning mahsulot va xizmatlar identifikatsiya kodi (MXIK)ga oid talabiga arang moslashdik va zoʼrgʼa endi yoʼlga qoʼyib oldik” , – dedi u.

Tadbirkorlarning soʼzlariga koʼra, bunday holat, asosan, “Bayer”, “Polpharm”, KRKA kabi dori ishlab chiqaruvchilar, shuningdek Rossiya va Belarus firmalari bilan kuzatilyapti.

“10 may kuni boʼlib oʼtgan yigʼilishda nega bizga sotgan ulgurji sotuvchilardan ishni boshlamasdan, bizni jazolayapsizlar deb soʼradik. “Sizlarda QR-kod chiqadi, sizlardan ushlashimiz oson. Sizlarni jazolaymiz, siz optomchilarni koʼrsatasizlar” deyapti. “Optomchi” sizlarga qimmat sotgan boʼlsa ham, sizlarni jarimaga tortamiz, sizlar qimmat sotgan “optomchi”ni sudga berib, zararingizni undirib olaverasizlar deyishyapti. Shunday zanjir bilan distribyutorga boramiz deyishdi. Pastdan emas, tepadan nazoratni boshlash kerak emasmi? “Biz qonunni buzmayapmiz, bizga qimmat sotsa aybimiz nima? 20 foizdan ortiq ustama qoʼyib sotmayotgan boʼlsak” desak, “bizga oson tutyapsizlar, biz ularni tuta olmayapmiz deyishdi”, – deydi bir tadbirkor.

Raqobat qoʼmitasi nima deydi?

Kun.uz yuqoridagi masala yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchi huquqlarini himoya qilish qoʼmitasiga murojaat qildi.

Qoʼmita boshqarma boshligʼi oʼrinbosari Botir Sharipovning soʼzlariga koʼra, dorilar narxlari Sogʼliqni saqlash vazirligi huzuridagi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi, standartlashtirish DUK tomonidan shakllantiriladi. Ular maʼlumotlarni Soliq qoʼmitasiga yuboradi. Аgar narxlar nomuvofiqliklar aniqlansa, Raqobat qoʼmitasiga chora koʼrish uchun yuboriladi.

“Ilgari oʼtkazilgan barcha yigʼilishlarda narx shakllanishiga masʼul organ xodimlari har 3 oyda narxni yangilash boʼyicha dorini roʼyxatdan oʼtkazgan korxona tomonidan qayta narx shakllantirilishi mumkinligi tushuntirilgan. Biroq, ular parvo xam qilmagan. Hujjat topshirishsa, 2 kunda bazadagi narxni yangilab berishadi. Аmmo Farmkomitet oʼzboshimchalik bilan dollar kursi tushdi yoki oshdi deb dollarga bogʼlab qoʼya olmaydi.

Аxir xalqimiz oʼqituvchi, jurnalist, doktor va boshqa ishchilari dollarda oylik olmaydi-ku, nega dorixonaga kirganingizda bugun dollar kursi oshdi, shunga sitramon yana oshdi deyish kerak? Dori narxi respublikaga kirishdagi kurs bilan xarajatlarni inobatga olgan holda Farmkomitet tomonidan roʼyxatga olinadi. Oʼsha kundagi kursda qancha chiqsa, dori narxi shunga qarab shakllanadi. Uni kursga bogʼlab qoʼyish insofsizlik boʼladi, dori har kuni olib kelinmaydi-ku axir”, – dedi qoʼmita masʼuli.

Tadbirkorning takliflari

“Grand Pharm Trade” korxonasi rahbari А.Rahimovning Kun.uz'ga aytishicha, u hukumatga bu borada bir qator takliflar bergan:

  • Ulgurji va chakana sotuvchilar tomonidan tekshirish va nazoratni avtomatlashtirish uchun elektron dasturiy mahsulotlarga chegaraviy ulgurji va chakana narxlarni integratsiyalash kerak.
  • Ulgurji sotuvchilarga yuqoridagi ichki nazorat narxlarini oʼzlarining ichki buxgalteriya dasturlariga integratsiya qilish imkoniyatini berish lozim.
  • Chet el valyutalari kursidagi tebranishlarni hisobga olgan holda, marjinal ulgurji va chakana narxlarni hisoblashdagi xatoliklarni bartaraf etish kerak.
  • Bitta dori mahsuloti uchun marjinal ulgurji va chakana namunaviy narxlarni qoʼllashda nomuvofiqlikning oldini olish uchun faqat bitta marjinal narxni (maksimal) qoʼllash lozim.
  • Ulgurji va chakana farmatsevtika korxonalariga, agar haqiqiy ulgurji va chakana narxlar bazaviy narxdan 15% ustama va ulgurji narxdan 20% dan oshmagan holda hisoblangan boʼlsa, ularga nisbatan maʼmuriy jazo choralarini (jarimalarini) qoʼllamaslik kerak.
  • Masʼul organlar jazo choralarini qoʼllamasdan ulgurji va chakana sotuvchilarga narxlarga tuzatish kiritish uchun yetarli vaqt berilishi kerak.
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech