11:00 (06.02.2024)

813

DXX: Namanganda qalbaki dori vositalarini tayyorlash va sotish bilan shugʼullangan tibbiyot xodimi ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʼyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbirda “Zodak”, “Аnaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin V6” nomli qalbaki dori vositalarini tayyorlash hamda sotish bilan shugʼullangan tibbiyot xodimining faoliyatiga chek qoʼyildi.

Xususan, Chortoq tuman Tibbiyot birlashmasining tez yordam boʼlimi felьdsheri 1000 dona qalbaki “Zodak” dori vositasini Аndijon viloyatiga sotish maqsadida olib ketmoqchi boʼlgan vaqtida qoʼlga olindi. Shuningdek, uning yashash xonadoni koʼzdan kechirilganda dori vositalari ishlab chiqarish uchun moʼljallangan yashirin sex borligi aniqlanib, 763 dona “Аnaferon”, 2125 dona “Zodak”, 4000 dona “Vitamin V6” dori vositalari, 570 dona nomsiz flakonlarda siroplar, dori vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan flakonlar, qutilar, yoʼriqnoma va yorliqlar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxs tayyorlangan dori vositalarini saqlash uchun qarindoshining yashash xonadonidan ombor sifatida foydalangan va tezkor tadbir davomida ushbu manzildan ham sotish uchun tayyorlab qoʼyilgan 120 dona “Zodak”, 260 dona “Аnaferon”, 96 dona “Xilak Forte” hamda 313 dona nomsiz flakonlarda sirop holdagi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, Chortoq tuman tez yordam boʼlimi felьdsheri 2023 yilning sentyabrь oyidan buyon ushbu noqonuniy ish bilan shugʼullanib kelganligi va uni hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan Аndijon viloyatida yashovchi fuqarolar Qirgʼiz Respublikasidan noqonuniy yoʼllar bilan olib kelingan dori vositalari xom-ashyolari bilan taʼminlab turganliklari maʼlum boʼldi. Yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Аndijon, Fargʼona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi “b” va “e” bandlari bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, mazkur shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʼllanildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech