12:55 (18.03.2024)

788

JSST: Diareya yiliga yarim milliondan ziyod bolalar oʼlimiga sabab boʼlmoqda

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti diareya kasalligi boʼyicha yangi hisobotini eʼlon qildi. Unda qayd etilishicha, xalq orasida ichburugʼ deb ataluvchi bu dard besh yoshgacha boʼlgan bolalar oʼrtasidagi oʼlim holatlarining ikkinchi asosiy omilidir.

Ushbu xastalik har yili dunyo boʼyicha 525 ming nafar oʼgʼil-qizning hayotdan koʼz yumishiga sabab boʼlmoqda. Tahlillarga koʼra, diareya aksariyat hollarda ifloslangan oziq-ovqat va suv isteʼmoli oqibatida yuzaga keladi va rivojlanadi.

Bu boradagi vaziyat, afsuski, hamon xavotirli. Chunki Yer yuzida qariyb 780 million kishi toza ichimlik suvidan, 2,5 milliard odam esa oddiy sanitariya-gigiena vositalaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum.

Аyniqsa, kam daromadli mamlakatlarda ahvol yomon. Bunday mintaqalarda uch yoshgacha boʼlgan bolalar yiliga oʼrtacha uch marta oʼtkir diareya bilan ogʼrishi hisob-kitob qilingan. Negaki, toʼyib ovqatlanmagan yoki immuniteti zaif kichkintoylar oʼrtasida ichburugʼga chalinish xavfi yuqori.

Mutaxassislar ilgari diareya bilan bogʼliq oʼlim holatlariga asosan organizmning suvsizlanishi va suyuqlik yoʼqotishi sabab boʼladi, degan fikrda edi. Аmmo endi xulosalar oʼzgargan.

Boisi, ayni paytda diareya bilan bogʼliq oʼlim holatlari ortishida septik bakterial infektsiyalarning ulushi yuqori. Shu tufayli ichburugʼning tarqalish statistikasi rivojlangan davlatlarda ham bir qadar oshgan.

Kasallik chogʼida organizmga tushgan baʼzi bakteriyalardan ajralgan toksinlar qonga soʼrilib, butun tanani zaharlaydi. Oqibatda 2 soatdan 2 kungacha boʼlgan inkubatsion davrda diareyaning ilk belgilari namoyon boʼladi.

Holsizlik, koʼngil aynishi, qusish, ichning suyuq yoki qon aralash ketishi, tana harorati koʼtarilishi, qorin ogʼrishi, dam boʼlishi kabi simptomlar shular jumlasidan.

Аgar oʼz vaqtida tibbiy yordam koʼrsatilmasa, u ichaklarning buralib qolishi, parez, yaʼni falajlik, infektsion-toksik shok, neyrotoksikoz kabi ogʼir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, JSST oʼz hisobotida toza ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, sanitariya-gigiena talablariga amal qilish orqali kasallik xavfini kamaytirish mumkinligini eslatib oʼtadi.

“Diareyani davolashda ogʼiz orqali qabul qilinadigan regidratatsiya tuzlarining ahamiyati katta. Qolaversa, 10-14 kun davomida 20 mg. sink tabletkalari bilan qoʼshimcha muolaja kursi kasallikni yengishda katta samara beradi” — deyiladi hisobotda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech