17:53 (15.12.2023)

1014

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti elektron sigaretlar sotish ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti (JSST) elektron sigaretlarni sotilishi nazoratini kuchaytirish uchun shoshilinch choralar koʼrishga chaqirdi. JSST soʼrovlari va tadqiqotlariga koʼra, 13-15 yoshli bolalar kattalarga qaraganda elektron sigaretlardan koʼproq foydalanadilar.

Bunga ishlab chiqaruvchilarning elektron sigaretalarni jozibali, rang-barang dizaynlarda ishlab chiqishlari va ijtimoiy tarmoqlardan reklama platformasi sifatida foydalanishlari sabab boʼladi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday reklamaga yuzaki qarash bolalar va yoshlarda mahsulot haqida ijobiy taassurot qoldirishi va uni sinab koʼrish istagini uygʼotishi mumkin.

JSST, shuningdek, elektron sigaretlar anʼanaviy tamaki chekishdan koʼra xavfsizroq, muqobil degan daʼvoni rad etadi. Mutaxassislarning tushuntirishicha, elektron sigaretalar oʼziga qaramlikni keltirib chiqarish bilan birga, salomatlik uchun zararli. Elektron sigareta suyuqliklarida zaharli moddalar borligi aniqlangan. Ulardan baʼzilari saraton rivojlanishini qoʼzgʼatadi, yurak va oʼpka kasalliklari xavfini oshiradi. Elektron sigaretani chekish miya faoliyatiga ham taʼsir qilishi va yoshlarda eslab qolish, ilm olishda qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin.

JSST mamlakatlarni elektron sigaretalarning aholi, ayniqsa maktab oʼquvchilari va talabalari uchun jozibadorligini kamaytirish choralarini koʼrishga chaqiradi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, turli xil taʼmga ega elektron sigaretlarni ishlab chiqarish va sotishni taqiqlash, shuningdek, neytral taʼmga ega elektron sigaretlarda nikotinning konsentratsiyasi va sifatini nazorat qilish kerak.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech