11:49 (24.01.2024)

540

JSST qizamiqqa qarshi shoshilinch emlanishni tavsiya qildi

Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi "koʼhna qitʼa" davlatlarini zudlik bilan qizamiqqa qarshi emlash kampaniyalarini oʼtkazishga chaqirdi.

Bu shoshilinch tavsiyalar bejiz aynan shu kunlarda oʼrtaga chiqqani yoʼq. Chunki mintaqada oʼtgan yil davomida ushbu kasallikni yuqtirish holatlari 2022 yilga nisbatan 30 barobar koʼp qayd etilgan.

Ekspertlar buni pandemiya davrida qizamiqqa qarshi vaktsinatsiya qamrovi keskin pasaygani bilan izohlamoqda. Oqibatda 2023 yilning yanvarь-oktyabrь oylarida bu kasallikka chalingan bemorlar soni 30 ming nafardan oshdi. Vaholanki, mazkur statistika 2022 yilda atigi 941 tani tashkil etgan edi.

 JSST prognoziga koʼra, soʼnggi oylarda qizamiq bilan kasallanish holatlari yana koʼpaygan va shoshilinch choralar koʼrilmasa, bu tendentsiya davom etishi ehtimoli yuqori.

Hozir qizamiq rasman endemik deb eʼlon qilingan davlatlarda oʼsish dinamikasi kuzatilyapti. Xususan, Buyuk Britaniya xastalik koʼpayishi ortidan mamlakatda milliy favqulodda holat rejimini joriy etishga majbur boʼldi.

Eslatib oʼtamiz, dunyo boʼyicha 2022 yilda emlash qamrovi 2021 yilga nisbatan biroz oshgan boʼlsa-da, ammo shunda ham 33 million bola qizamiqqa qarshi emlash dozalari bilan qamrab olinmadi. 22 million nafarga yaqin oʼgʼil-qiz bunday vaktsinalarning birinchi dozasini, 11 million nafari ikkinchi dozasini qabul qilishdan chetda qolgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech