Yangiliklar

not found

O‘zbekistonning farmatsevtika bozori MDHda eng tez rivojlanayotgan bozorlar qatorida

Sog‘liqni saqlash vazirligining retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash vakolati bekor qilinmoqda. Ushbu tartibni o‘zida aks ettirgan “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.   Farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda mazkur hujjat mazmuni va ahamiyati xususida Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimova quyidagilarni qayd etdi:   – Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasi kun sayin rivojlanib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga ko‘tarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tomonidan qator farmon va qarorlar qabul qilinib, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr kechirishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilyapti.   Bugungi kunda aholini sifatli, samarali, xavfsiz va arzon dori-darmonlar bilan ta’minlash sog‘liqni saqlash tizimining eng muhim vazifalaridan biridir. Sog‘liqni saqlash tizimida elektron retsept tizimini joriy etish, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarishni tubdan takomillashtirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiiste’mol qilinishining oldini olish, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilayotir.   Xususan, aholini hamda sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon va sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilash hamda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shu bilan birga, mamlakatimizda dori vositalarini ishlab chiqarishning xalqaro standartlari tatbiq etilyapti. Natijada O‘zbekistonning farmatsevtika bozorida o‘sish dinamikasi yiliga 8-10 foizni tashkil etib, MDH mintaqasida eng tez rivojlanayotgan bozorlar qatoridan o‘rin egallamoqda.   Sohada olib borilayotgan islohotlar va erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda amaliyotda dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini takomillashtirish, ortiqcha hujjatlarni qabul qilishni qisqartirish hamda bu bilan qator byurokratik to‘siqlarni olib tashlashga ehtiyoj borligini ko‘rsatmoqda.   Bugungi kunda tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestriga mahalliy dori vositalari 3 ming 268, MDH davlatlari dori vositalari 1 ming 619, xorijiy davlatlar dori vositalari 5 ming 515, In vivo tashxis vositalari 24, tibbiy texnika 2 ming 634, tibbiy buyumlar 2 ming 131, In vitro tashxis vositalari 795, jami 16 ming 348 nomdagi, 76 mamlakatning 1 ming 451 korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan farmatsevtika mahsulotlari kiritilgan.   Ushbu dori vositalarining retsept asosida yoki retseptsiz berilishi asosan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida Sog‘liqni saqlash vazirligining vakolatli organi bo‘lgan Farmatsevtika mahsulotlarini xavfsizlik markazi tomonidan belgilanadi va shakllantirilib, Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan holda, muntazam yangilanib boriladi.   Bundan tashqari, hozirgi kunda dori vositalarini ishlab chiqarayotgan 40 ta korxona GMP – xalqaro standart talablariga javob beradi. 2024 yilning 1 yanvaridan respublikada faqat shu talabga javob beradigan farmkorxonalar ish olib boradi. Shunday ekan, dori ishlab chiqarishda ishlatiladigan substansiyalarning qayta-qayta tekshirilib, tasdiqlanishiga hojat qolmaydi. Bu borada “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, sohaga doir muhim yangiliklar o‘z ifodasini topgan. Mazkur qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning ayrim normalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ya’ni, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatidan retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash normasi hamda dori moddalari (substansiyalar)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga oid normani bekor qilish nazarda tutilmoqda.   Bu bejiz emas, albatta. Chunki bugungi kunda dori vositalarini ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilingan xalqaro standartlar (GMP) va sifat nazoratiga qo‘yilgan talablar doirasida substansiyalarni nazorat qilishning alternativ mexanizmlari joriy etilgan.   Mazkur hujjatning qabul qilinishi aholining dori vositalari bilan ta’minlanganlik darajasini oshiradi, dori vositalarini ishlab chiqarishda ortiqcha tartib-taomillarni bekor qilish va dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratadi. Asosiysi, mahalliy dori vositalari sifatli ishlab chiqarilishi va aholiga tez, arzon narxlarda yetkazib berilishi ta’minlanadi.   Muhtarama Komilova tayyorladi, O‘zA

  • 22 Yanvar, 09:45
  • Batafsil
not found

Insonning qaysi organlari oʻzini tiklash xususiyatiga ega?

Inson organizmi – bu mukammal biologik mexanizm. Har soniyada organizmimizda salkam 4 million, bir sutkada esa 330 milliardga yaqin hujayralar yangilanadi. Bu jarayon “regeneratsiya” deb ataladi. Xoʻsh, insonning yana qaysi organlari oʻzini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega? Jigar – inson organizmining asosiy filtri. Bu noyob organ qonni toksinlardan tozalash va muhim moddalarni sintez qilish kabi funksiyalarni bajarish bilan birga, turli omillar taʼsirida zararlangandan soʻng oʻz faoliyatini tiklash xususiyatiga ham ega.  Jigarning 75 foizgacha qismi olib tashlanganda ham u bir necha oy ichida asl hajmiga qayta olishi mumkin. Bu jarayon jigarning asosiy hujayralari hisoblangan gepatotsitlar boʻlinishi va ular nobud boʻlgan yoki zararlangan hujayrlarning oʻrnini bosishi orqali roʻy beradi. Teri – inson organizmini tashqi taʼsirlardan himoya qiluvchi birinchi “toʻsiq” hisoblanadi. Terida kichik yara yoki jarohat paydo boʻlganda epidermis hujayralari – keratinotsitlar oʻzini oʻzi tiklashni boshlaydi. Bunda, xuddi jigarda boʻlgani kabi hujayralar boʻlinib zararlangan hujayrlar oʻrnida yangilarini shakllantiradi. Buning natijasida esa yara tezroq tuzalib, terining silliqligi va tarangligi qaytadi. Suyak toʻqimalari ham oʻzini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega, ammo buning uchun koʻproq vaqt talab etiladi. Suyak toʻqimalarining tiklanishida ikki hujayra – osteoblastlar va osteoklastlar asosiy rol oʻynadi. Ularning biri yangi suyak toʻqimasining shakllanishiga javob bersa, ikkinchisi zararlangan hujayrlarni organizmdan olib tashlash (rezorbsiya) vazifasini bajaradi. Yaʼni, suyak toʻqimasi shikastlangandan soʻng osteoblastlar yangi toʻqimalar, kollagen qatlamlarini shakllantirib, ularni kalsiy va fosfor kabi minerallar bilan boyitadi. Bu shikastlangan boʻgʻimning mustahkamligini tiklash imkonini beradi. Muntazam jismoniy mashqlar ham shikast yetgan sohada qon aylanishi va tiklanish jarayoni tezlashishiga yordam beradi. Umuman olganda, inson organizmidagi koʻplab organ, toʻqima va mushaklar u yoki bu darajada oʻzini regeneratsiya qilish xususiyatiga ega. Sogʻlom turmush tarzi, jismoniy faollik, toʻgʻri ovqatlanish esa ichimizda uzluksiz kechayotgan yangilanishlar jarayonini yanada tezlashtirish imkonini beradi.

  • 19 Yanvar, 12:09
  • Batafsil
not found

Dunyo boʻylab tamaki isteʼmolchilari soni kamaymoqda

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻylab tamaki isteʼmolchilari soni 1,25 milliard kishigacha kamaydi (kattalarning har besh nafaridan biri), 2000-yilda bu koʻrsatkich har 3 kishiga bir nafarni tashkil etardi. JSST hisobotiga koʻra, tamaki isteʼmolining qisqarishi 150 ta mamlakatda qayd etilgan. Xususan, Braziliyada 2010-yildan beri tamaki isteʼmoli 35 foizga kamaydi, Niderlandiya esa 30 foizlik koʻrsatkichga erishishga yaqin turibdi. “Soʻnggi yillarda tamaki nazorati sohasida yutuqlarga erishildi, ammo hozir xotirjam boʻladigan vaqt emas”, — dedi JSST sogʻliqni saqlash boʻyicha direktori Ryudiger Krex. Uning taʼkidlashicha, tamaki sanoati “son-sanoqsiz hayotlar evaziga foyda ortidan quvmoqda”. Shuningdek, “sogʻliqni saqlash siyosatini manipulyatsiya qilish hamda oʻzining halokatli mahsulotlarini sotish imkoniyatidan foydalanmoqda”. Shuning uchun JSST mamlakatlarni tamakiga qarshi kurashni davom ettirishga va tamaki sanoati taʼsiriga qarshi turishga chaqiradi. JSST maʼlumotlariga koʻra, Janubi-Sharqiy Osiyoda tamaki isteʼmol qiladigan aholining eng yuqori ulushi 26,5% ni tashkil qiladi. Yevropa mintaqasida bu koʻrsatkich 25,3% ni tashkil etadi. Yevropa mintaqasidagi ayollar oʻrtasida tamaki isteʼmoli global oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki baravar koʻp va pasayish boshqa mintaqalarga qaraganda ancha sekinroq. Oʻzbekistonda, JSST hisob-kitoblariga koʻra, bugungi kunda tamaki isteʼmolchilari soni 3,83 mln kishini tashkil etadi, ulardan 3,71 millioni erkaklar va 123 ming nafari ayollardir. JSST prognozlariga qaraganda, 2025-yilga borib dunyoda tamaki isteʼmoli 2010-yilga nisbatan 25 foizga kamayadi. Dunyoning faqat 56 ta davlati 30 foizga qisqarishga erishadi. Tashkilot qayd etishicha, Kongo, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Ummon va Moldova kabi baʼzi mamlakatlarda tamaki isteʼmoli oʻsishda davom etmoqda.

  • 19 Yanvar, 09:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech