SSV: Yurtimizda tuberkulyoz kasalligiga bor-yoʼgʼi 70 daqiqada aniq tashxis qoʼyilmoqda
Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan “Oʼzbekiston — 2030” strategiyasidan aholi salomatligini taʼminlash bilan bogʼliq qator ustuvor maqsadlar oʼrin olgan.
Shulardan biri — tuberkulyoz xastaligiga taalluqli. Belgilanishicha, yurtimizda tuberkulyozdan kasallanish koʼrsatkichini har 100 ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin kamaytirish rejalashtirilgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulьmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpieva shu yoʼnalishdagi amaliy ishlar va ulardan kutilayotgan natijalar haqida maʼlumot berdi:
— Bu sohaning isloh qilinishi natijasida soʼngi 10 yil ichida qariyb 170 ming nafar inson hayoti saqlab qolindi, — deydi mutaxassis. — Davlat dasturlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi natijasida tuberkulyoz bilan kasallanish koʼrsatkichini 2010 yilga nisbatan 43 foizga, oʼlim koʼrsatkichini esa 84 foizga kamaytirishga erishildi. Davolash samaradorligi esa 91,2 foizga yetkazildi.
Oxirgi ikki yilda JSST tavsiyalari asosida ftiziatriya boʼyicha barcha klinik koʼrsatmalar yangilandi, jami 1530 nafar mutaxassis qayta tayyorgarlikdan oʼtdi. Bundan tashqari, tuberkulyoz kasalligi tarqalishining oldini olish uchun har yili yangi tugʼilgan chaqaloqlarning 97 foizi emlanmoqda.
Hozir tuberkulyozni aniqlash boʼyicha tuman, shahar, tumanlararo, viloyat va markaziy laboratoriyalardan iborat 5 bosqichli zamonaviy tizim ishlab turibdi.
Xastalik profilaktikasi, diagnostikasi va muolajasi uchun zarur barcha dori vositalari davlat tomonidan bepul taʼminlanmoqda va bunga ajratilayotgan mablagʼlar hajmi yildan yil oshirilyapti.
Yana bir muhim yangilik: avvallari yurtimizda tuberkulyozni aniqlash uchun 3-4 oylab vaqt talab etilardi. Hozirgi kunda esa bu kasallikka genno-molekulyar usuli orqali bor-yoʼgʼi 70 daqiqa ichida aniq tashxis qoʼyilmoqda.
Аyni paytda yurtimiz boʼyicha 97 ta PZR laboratoriyasi faoliyat koʼrsatmoqda, ulardan 40 tasi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida joylashgan.
Ilgʼor operatsiya usullari joriy etilishi, samarali dori-darmonlar qoʼllanilishi natijasida tuberkulyozning turgʼun shakli bilan kasallangan bemorlarni davolash muddati ham 2 yildan 6-9 oyga qisqardi.
Prezidentimizning tegishli qarori asosida tasdiqlangan alohida dastur hamda tuberkulyoz kasalligi va pulьmonologiya xizmatlarini rivojlantirishning maqsadli koʼrsatkichlariga koʼra:
2023-2026 yillarda ushbu maqsadlar uchun davlat byudjetidan 255 million dollar, xalqaro donorlar hisobidan 17 million dollar mablagʼ ajratish koʼzda tutilgan.
Oʼzbekistonning 14 ta maʼmuriy hududida “Oʼpka salomatligi” koʼchma mobil brigadalari tashkil etilib, chekka va olis manzillarda yashovchi aholini bepul tibbiy koʼrikdan oʼtkazish yoʼlga qoʼyilmoqda.
Maxsus mikroavtobuslar zamonaviy PZR, mobil rentgen, spirometrik, elektrokardiografik uskunalar bilan jihozlanib, ular yordamida mamlakatimizning chekka hududlari aholisini bepul tibbiy koʼrikdan oʼtkazish amaliyoti joriy etiladi.
- 3 Oktyabr, 09:04
-
Batafsil