17:00 (29.09.2023)
1028
Korrupsiya illati demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga toʻsqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
Taʼkidlab oʻtish oʻrinliki, ushbu zararli hodisa katta va kichik, badavlat va kambagʻal boʻlishidan qatʼiy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi.
Korrupsiya (lot. Corrumpere — buzmoq) termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan oʻzlarining shaxsiy manfaatlarini koʻzlab qonunchilik va ahloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.
Korrupsiyaning tarixiy oʻzaklari juda juda qadimga borib taqalib, bu hol qabilada maʼlum mavqega ega boʻlish uchun qabila sardorlariga sovgʻalar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. Korrupsiyaga qarshi kurashgan birinchi davlat sifatida qadimgi Shumer davlati tan olinadi.
Korrupsion holatlarning oldini olishda fuqarolarning huquqiy savodxonligi ham alohida ahamiyat kasb etadi, chunki korrupsiyaning salbiy oqibatlari haqidagi tasavvur va tushunchalarning uygʻonishi unga qarshi kurashda samara bermay qolmaydi.
“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining “Komplayens-nazorati” xizmati tomonidan “Andijon Dori-Darmon”, “Toshkent viloyat Dori-Darmon” aksiyadorlik jamiyatlari hamda “Xorazm Dori-Darmon” masʼuliyati cheklangan jamiyatida korrupsiyani oldini olish borasida profilaktik tadbir oʻtkazildi. Unda tashkilot rahbarlari, dorixona mudirlari va boshqa masʼul xodimlar ishtirok etishdi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “Jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish toʻgʻrisida”gi taqdimnomaci barcha xodimlarga yetkazildi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarga muvofiq, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, qonunchilik, xizmat intizomi, odob-axloq qoidalari va ichki tartib qoidalarga rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borildi. Korrupsiyaviy holatlarda qonunchiligimizda belgilangan jazo turlari haqida keng maʼlumotlar berildi. Targʻibot tadbirlari davom etmoqda.