Har yili 1 million nafargacha aholida virusli gepatit «V» va «S» turlariga skrining tekshiruvlari oʼtkaziladi
Prezidentimizning «Аyrim dolzarb virusli infektsiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish toʼgʼrisida»gi qarori qabul qilindi.
Unga koʼra, quyidagilar aholi orasida ayrim virusli infektsiyalarni oʼz vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash boʼyicha aholiga koʼrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yoʼnalishlari etib belgilandi:
— virusli gepatitlarning «V» va «S» turlarini erta aniqlash uchun barcha hududlarni qamrab oluvchi skrining tekshiruvlarini oʼtkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish;
— kasallik yuqishi xavfi yuqori boʼlgan shaxslarni, shu jumladan, qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlarini gepatit «V» infektsiyasiga qarshi emlash bilan toʼliq qamrab olish;
— skrining tekshiruvlarida virusli gepatit «S» turi aniqlangan bemorlarni davolash jarayonida dori vositalari bilan bepul taʼminlash;
— sogʼliqni saqlash tizimining birlamchi boʼgʼinida virusli infektsiyalarni aniqlash uchun sarflov materiallari (reagent va test-toʼplamlari) bilan bosqichma-bosqich toʼliq taʼminlash;
— barcha davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarida jigar surunkali virusli kasalliklarining yagona elektron reestrini yaratish va uni yuritish;
— vaktsinalar, test-toʼplamlari va virusga qarshi dori vositalarining xavfsizligi, sifati va samaradorligi nazoratini takomillashtirish;
— virusli infektsiyalar muammolari boʼyicha ilmiy tadqiqotlarni oʼtkazish, kasalliklarni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;
— virusli infektsiyalar yuqishining oldini olish tadbirlari boʼyicha aholi oʼrtasida keng qamrovli tushuntirish, targʼibot va tashviqot ishlarini olib borish.
Qarorga asosan:
— 2022–2025 yillarda ayrim dolzarb virusli infektsiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish boʼyicha dastur;
— 2022–2023 yillarda epidemiologik koʼrsatmaga muvofiq, davlat sogʼliqni saqlash tizimidagi tibbiyot xodimlarini gepatit «V» infektsiyasiga qarshi emlash boʼyicha maqsadli koʼrsatkichlar tasdiqlanadi.
Shuningdek, 2022 yil 1 iyuldan boshlab:
— har yili respublika aholisini virusli gepatit «V» va «S» turlariga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha, polimeraza zanjir reaktsiyasi (PZR) tekshiruvlari soni 15 ming nafargacha, virusli gepatit «S» turi bilan kasallangan bemorlarni davolash 10,5 ming nafargacha yetkaziladi;
— 2022 yil 1 sentyabrdan Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 190-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni belgilash bilan birga ularni oʼz hisobidan gepatitning «V» va «S» turlariga skrining tekshiruvlaridan oʼtkazish tartibi joriy etiladi.