Yangiliklar

not found

Farmatsevtika va elektrotexnika sanoatidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni farmatsevtika va elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarishni yanada qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Mamlakatimizda bu ikki tarmoq uchun ham zarur xomashyo, yetarli sharoitlar bor. Xususan, oxirgi olti yilda farmatsevtika sohasida ishlab chiqarish 3 barobar, eksport 6 barobar ko‘paygan. 525 million dollarlik 177 ta loyiha ishga tushib, jami 50 mingta ish o‘rni yaratilgan. Lekin bu hali mavjud imkoniyat va talab darajasida emas. Masalan, yurtimizda yiliga 1,6 milliard dollarlik dori-darmon iste’mol qilinadi. Bunda mahalliy mahsulotlarimizning ulushi bor-yo‘g‘i 18 foiz, qolgani import hisobidan qoplanayapti. Shu bois yig‘ilishda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. – So‘nggi yillarda bu sohaga katta ko‘mak va mablag‘ berildi, farmatsevtika zonalari tashkil etildi. Lekin bundan to‘la foydalanilmayapti. Mahalliylashtirishni kengaytirish, tadbirkorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsulotlari xaridorgirligini ta’minlash kerak. Buning zamirida qancha ish o‘rni, qancha odamlarning roziligi bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu borada xorij tajribasini o‘rganish, mashhur brendlarni mamlakatimizga jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Jumladan, eng ko‘p iste’mol qilinadigan 50 turdagi dorini yurtimizda ishlab chiqarish orqali mahalliylashtirish ulushini 35 foizga yetkazish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. “Tashkent Pharma Park” klasteri qurilishini jadallashtirish, unga xususiy sherikni jalb etish zarurligi aytildi. Shuningdek, farmatsevtika korxonalariga “GMP” xalqaro standartiga o‘tish va  markirovkalash tizimini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashiladi.   Umuman, bu sohada 1,5 milliard dollarlik 173 ta loyiha shakllantirilgan. Ularni moliyalashtirish uchun 600 million dollar yo‘naltiriladi. Mutasaddilar bularning natijasida 2024-yilda 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi, 160 million dollar eksport ta’minlanishi bo‘yicha axborot berdi.

  • 29 Noyabr, 07:30
  • Batafsil
not found

Bir necha holatlarda dori vositalarining noqonuniy muomilaga kiritilishining oldi olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament, DXX va IIB Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan hamkorlikda Oltinkoʻl tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B.Q. boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtotransport vositasi toʻxtalib koʻzdan kechirilganda, fuqaro I.M.ga tegishli hech qanday hujjatsiz 1 200 dona “Pantozol” nomli xorijda ishlab chiqarilgan dori vositasini oʻtkazish maqsadida olib ketayotganligi aniqlanib, fuqaro I.M. Andijon shahri “H.” MFYdagi xonadonida ushbu dori vositasidan yana 3 799 donasini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.  Shu kabi, Departamentning Kogon shahar va Samarqand tuman boʻlimlari tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda “M.F.” MCHJga qarashli dorixona sotuvchisi S.Sh. hamda “S.D.” xususiy korxonasiga qarashli dorixona sotuvchisi Z.T. hech qanday hujjatsiz jami 410 dona “Tebantin” va “Gabapentin” nomli dori vositasini sotayotgan vaqtlarida ushlanib, ushbu dorixonalardan yana 640 dona “Tebantin” nomli dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.  Xuddi shunday, Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi, Qiziriq tuman boʻlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda “B.G.” MCHJ, “J.F.” va “P.N.” xususiy korxonasiga qarashli dorixona sotuvchilari jami 201 dona “Tebantin” va “Gabapentin” nomli dori vositalarini sotgan vaqtlarida ushlanib, ushbu dorixonalardan yana 100 dona “Tebantin” dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.  Shu kabi, Departamentning Jarqoʻrgʻon va Oqqoʻrgʻon tuman boʻlimlari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda, “D.Ph.” MCHJ rahbari O.A. va fuqarolar L.Gʻ., J.N. jami 107 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.  Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

  • 28 Noyabr, 15:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech