Tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʼyxati davlat roʼyxatidan oʼtkazildi
Аdliya vazirligi tomonidan Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan qoplanadigan, tuman (shahar) darajasida ambulator va statsionar sharoitda koʼrsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʼyxati davlat roʼyxatidan oʼtkazildi.
Ushbu Roʼyxatda oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, koʼp tarmoqli markaziy poliklinikalar, tuman (shahar)lar markaziy shifoxonalarida (jumladan, tugʼuruq majmualari) (tibbiyot muassasalari) koʼrsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari belgilandi.
Taʼkidlash lozimki, ushbu hujjat qabul qilinishi natijasida fuqarolar Roʼyxatda nazarda tutilgan tibbiy yordamlarni davlat hisobidan olishga, bu esa Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan shaxslarning ijtimoiy huquqidan amalda foydalanishga olib keladi.
Xususan, Roʼyxatda:
- tibbiyot muassasalarida koʼrsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari (masalan, “Haj” va “Umra” tadbirlariga boradigan shaxslarni ruhiy-asab, narkologiya, teri-tanosil, sil kasalliklari va boshqa kasalliklarni aniqlash yuzasidan tibbiy koʼrikdan oʼtkazish, shuningdek emlash, hayotga xavf soladigan holatlarda (asfiksiya, yurak toʼxtashi, anafilaktik shok va boshqalar) tibbiy yordam koʼrsatish, profilaktik koʼriklar va skrining tekshiruvlari);
- tibbiyot muassasalarida koʼrsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlariga kiritilgan tashxislar (masalan, yurakning gipertenziv kasalligi, yurak surunkali ishemik kasalligi, oshqozon yara kasalligi, oʼn ikki barmoqli ichak yara kasalligi, jigar sirrozi);
- dori vositalari va tibbiy buyumlar (masalan, analeptiklar, balgʼam koʼchiruvchi vositalar, antidepressantlar, tibbiy bintlar, tibbiyot pipetkalari, qoʼlqoplar) nazarda tutilgan.
Maʼlumot uchun: Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 48-moddasida har kim sogʼligʼini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi va Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekanligi belgilangan.
- 18 Oktyabr, 15:03
-
Batafsil